16:33 / 16.01.2021
4656

Tadbirkorlik bo‘yicha 5 mingga yaqin hujjat yagona kodeksga birlashtiriladi

2021 yilning oxirigacha yagona Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi. Kodeksda tadbirkorlikka oid litsenziyalash, ruxsatnoma berish, yer ajratishga doir masalalar ham aniq tartibda belgilab beriladi.

15 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Biznes-ombudsman vakillari Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq qilish haqida ma'lumot berdi, deya xabar qildi Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, tadbirkorlik faoliyatiga oid 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar 2021 yilning oxirigacha yagona Tadbirkorlik kodeksiga birlashtiriladi.

Kodeksda mavjud huquqiy hujjatlar sohaviy o‘rganib chiqilib, tadbirkorlarni chalg‘itmaslik bo‘yicha sohama-soha beriladi.

«Tadbirkorlik kodeksida tadbirkorlikni qanday boshlash, ro‘yxatdan o‘tkazish, raqobat muhitida qanday faoliyat yuritish, o‘z huquqlarini qanday himoya qilish masalalari aks ettiriladi. Umuman olganda, kodeksni ishlab chiqishdan asosiy maqsad tadbirkorlik sub'yekti boshlangandan to uning tugagungacha bo‘lgan jarayonlarini kodeksda to‘liq aks ettirish», – dedi Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Mirshod Nasrullayev.

Yagona normativ-huquqiy hujjatning yaratilishi xorijdan investorlarni jalb qilishda ham muhim o‘rin tutishi aytib o‘tildi. Yagona kodifikatsiyalangan normativ-huquqiy hujjat orqali investor davlatdagi qonunchilik, raqobat muhiti, tadbirkorlarga yaratib berilgan imkoniyatlarni soddalashtirilgan va tushunarli holatda tanish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

Biznes-ombudsman vakillarining ma'lum qilishicha, Tadbirkorlik kodeksining ishlab chiqilishida Germaniyadagi Tijorat kodeksi va 2016 yilda ishlab chiqilgan qo‘shni Qozog‘istondagi Tadbirkorlik kodeksi o‘rganilib, O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhitiga to‘g‘ri keladigan qismlari inobatga olinadi.

Ma'lumot uchun, prezident murojaatnomasida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rilishi, ularning soni qisqartirilishi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi ma'lum qilingandi.

Top