Jamiyat | 15:20 / 10.07.2021
8937
4 daqiqa o‘qiladi

Fotoradar va kameralar haqidagi to‘liq haqiqat qachon ochiladi?

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Xalq demokratik partiyasi radarlar, jarimalar adolatliligi mavzusini ko‘targani haqida har xil fikrlar bildirilyapti. O‘rganishlarimiz kimlargadir ma'qul tushmagani haqida gaplar ham quloqqa chalinyapti. Asosiysi qonun ustuvor bo‘lsin, hech kim yemagan somsasi uchun pul to‘lamasin.

Radarlar va ularning yashirincha o‘rnatilishidan aziyat chekayotgan hamryurtlarimizning haq-huquqini talab qilish biz deputatlarning vazifamiz, deb bilamiz. Muhim mavzuni bir ko‘tarib, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yish niyatimiz yo‘q. Biz bu masalada qat'iy turamiz, qonunchilik va me'yoriy hujjatlarni zamonga moslashtirish taklifi bilan chiqamiz.

Qonunchilik palatasida uyushtirilgan davra suhbatlari, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarga qoldirilgan izohlarda jamoatchilikning masalaga munosabati aniq ko‘rinyapti. Izoh qoldiruvchilarning aksariyat qismi jarimalar pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga uchragan insonlarga og‘irlik qilayotganini ma'lum qilishgan.

Saylovchilar bilan uchrashuvlarga borib-kelish jarayonida shaxsan o‘zimiz ham shaharlararo yo‘llarda maxsus belgilarsiz joylarga o‘rnatilgan radarlar va hech qanday epikirovkasiz “pismayib” turgan avtomobillardagi radarlarga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz.

Surishtirdik, o‘rgandik, shubhali avtomobilga o‘rnatilgan radarlarda haydovchilarning tezligini nazorat qilish faqatgina O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan ekan. Boshqa davlatlarda tezlikni kuzatish va qayd etib borish maxsus texnika va kameralarga “ishonib “ topshirilgan vaqtda O‘zbekistonda bu ish bilan yo‘l chetiga avtomobilini qo‘yib olib, shubhali radar vositasini avtomobiliga o‘rnatib olgan ayrim shaxslar shug‘ullanishini qonunga xilof, deb bilamiz.

XDPning radarlar bo‘yicha o‘rganishlari zoye ketmadi shekilli, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi O‘zbekiston yo‘llarida YHQ buzilishini avtomatik qayd etuvchi moslamalar haqida ma'lumot beribdi. Ammo ayrim viloyatlardagi radarlar, ayrimlaridagi kameralar haqidagi ma'lumotlar ochiqlanmadi.

YHXBB ma'lumotida ayrim viloyatlarda faqat statsionar fotoradarlar haqida ma'lumot berilgan bo‘lsa, ayrim viloyatlar bo‘yicha faqat kameralar soni keltirilgan.

Jumladan, Jizzaxda 15 ta, Surxondaryoda 4 ta, Sirdaryoda 11 ta statsionar fotoradar mavjud ekani aytilgan, biroq ushbu viloyatlardagi kameralar haqidagi ma'lumot yo‘q.

Xorazm, Andijon va Namangan viloyatlari bo‘yicha esa faqat kamera haqida ma'lumotlar mavjud. Jumladan, Xorazmda 16 ta, Andijonda 82 ta, Namanganda 38 ta kamera mavjud ekan.

Aytish joiz, ichki ishlar ma'lumotida jami 127 ta statsionar fotoradar ochiqlangan. Biroq respublikadagi jami fotoradarlar soni bundan ancha ko‘proq ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak. Qizig‘i, bundan bir necha kun avval YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov parlamentdagi yig‘ilishda bugungi kunda tizimda 271 ta fotoradar moslamasi borligi, ularning hammasi onlayn tarzda markazga bog‘langanini ma'lum qilgandi.

Partiyamiz deputatlari YPX xodimlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ekipirovka qilinmagan yengil avtomobillardan foydalangan holda yashirin usulda xizmat olib borayotgan holatlarni noqonuniy, deb hisoblaydi.

Har qanday huquqbuzarlik adolatli va shaffof tizim orqali aniqlanishi zarur. Ichki ishlar vazirligi bu masalaga jiddiy e'tibor berishi zarur, deb hisoblaymiz. Har holda, IPX xodimlarining maqsadi haydovchilarni qaqshatib, ularning “hamyoniga hamla qilish” emas, balki yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga erishishdan iborat bo‘lsa kerak.

Sherbek Bo‘ronov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Mavzuga oid