17:56 / 02.01.2019
20576

Qaror loyihasi: turar joy egalari o‘z uyini sayyohlarga ijaraga berishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga qo‘yilgan "Ayrim turdagi inshootlarni vaqtinchalik yashash uchun berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan «emehmon.uz» yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tgan turar-joy egalari o‘z inshootlarini qisqa muddatli ijara shartnomasiga muvofiq 30 kungacha muddatga elektron shaklda notarial tasdiqlovsiz va soliq organlarida qayd etmagan holda ijaraga berish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

30 kungacha, lekin bir yilda 60 kundan oshmagan muddat uchun ijaraga turar-joy inshootini taqdim etuvchi kishilar hech qanday qaydnomasiz tadbirkorlik sub'yekti sifatida sayyohlarga joylashuv xizmatlarini ko‘rsatishlari mumkin.

30 kungacha, ammo yiliga 60 kundan ortiq muddat uchun ijaraga turar-joy inshootini taqdim etuvchi mulkdorlar tadbirkorlik sub'yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va ijaraga taqdim etilayotgan turar-joydan qonunchilik bilan belgilangan tartibda joylashuv vositasi sifatida foydalanishi shart.

Ijaraga berilayotgan turar-joy inshootlari soddalashtirilgan tartibda, turar-joy inshootlari ijarasi shartnomalari hisobga olingan yagona reyestrga kiritish yo‘li bilan sertifikatsiya qilinadi.

Turistik yig‘im uchun javobgarlik sayyohlarni qabul qiluvchi va (yoki) turar-joy inshootiga vaqtinchalik joylashtiruvchi shaxslar zimmasiga yuklanadi.

Hujjatning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://regulation.gov.uz/uz/document/1197

 

Mavzuga oid
Top