21:40 / 28.06.2018
11508

Angliya – Belgiya. Yutgan yutqazadimi?

Bugun, 28 iyun kuni jahon chempionati «G» guruhida ham 3-tur o‘yinlariga yakun yasaladi. Mazkur guruhda deyarli hamma narsa hal bo‘lib ulgurgan. Ya'ni, Angliya va Belgiya muddatidan avval keyingi bosqichga chiqqan. Faqat bugun ular o‘zaro bahsda guruh g‘olibi nomiga aniqlik kiritib beradi.

Angliya Belgiyaga qarshi. Eden Azar va Kevin de Bryuyne yetakchiligidagi «oltin avlod» Harri Keyn va Dele Alli yetakchiligidagi yangi avlodga qarshi maydonga chiqadi. Bu o‘yin tom ma'noda muxlislar uchun, guruh masalasini hal qilib ulgurgan terma jamoalar tomoshabop o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishlari tabiiy.

Bu ikki terma jamoa uchinchi turda emas, avvalroq uchrashganida yanada qiziqroq bo‘lardi, qolaversa, hozirda ikkinchi o‘rinni egallash birinchi o‘rindan yaxshiroq g‘oya bo‘lib qolgan. Uning ustiga belgiyaliklar ustozi Roberto Martines tarkibda 10ta o‘zgarish amalga oshirishni mo‘ljallagan.

Yutgan yutqazadimi?

Foto: Sport Ekspress

Birinchi o‘rin ikkinchi o‘rindan yomonroq vaziyat. Ikkinchi turda Angliya ham, Belgiya ham o‘z raqiblarini yirik hisoblarda tor-mor etdi. Endi terma jamoalarda teng ko‘rsatkichlar - 2tadan g‘alaba, 6tadan ochko, to‘plar nisbati ikki jamoada ham bir xil 8-2. Faqat inglizlarda sariq kartochkalar soni bittaga kam 3-2. Shu tufayli Angliya guruh jadvalida birinchi o‘rinda joylashgan.

Nazvaniye

Gap shundaki, birinchi o‘rin bilan chiqadigan terma jamoa yo‘lida Braziliya, Argentina, Fransiya, Portugaliya, Urugvay kabi terma jamoalar chiqishi mumkin. 2-o‘rin sohibi boradigan yo‘l esa biroz yengilroq – Xorvatiya, Daniya, Ispaniya, Shvetsiya... Bundan tashqari, ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoada bir kun ortiqcha dam olish kuni bo‘ladi.

Ayni vaqtda belgiyaliklar Roberto Martinesni birinchi o‘rin uchun zo‘r berib harakat qilmaslikka chaqirishmoqda. Angliyada esa ekspertlar ham, muxlislar ham, jurnalistlar ham jo‘rovoz bo‘lib o‘z jamoalaridan... ikkinchi o‘rinni egallashni so‘rashmoqda. Faqat Garet Sautgeyt jamoasi g‘alaba uchun maydonga chiqishini aytmoqda. Agar o‘yinda durang hisob qayd etilsa, birinchi o‘rin taqdirini kartochkalar hal qiladi. Bu o‘yinda futbolchilar ataylab kartochka ishlashga harakat qilmasliklari tayin.

Belgiya qanday rotatsiyalar qilmoqchi?

Foto: Sport Ekspress

O‘yinda Angliya premer-ligasida bir jamoa safida o‘ynovchi futbolchilarning o‘ziga xos dueli kuzatilishi mumkin. Dayyer Fertongenga qarshi, Keyxill Azarga qarshi, Stounz De Bryuynega, Jons Lukakuga qarshi va hokazo. Ammo Kaliningraddagi stadionda maydonga bu futbolchilarning hammasi ham tushmasligi mumkin.

Belgiyaliklar ustozi Roberto Martines Tunis ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin uchinchi turda bir qator yetakchi futbolchilarga dam bermoqchi ekanini aytib o‘tgandi. Masalan, Fertongen, Mene va De Bryuyne. Sababi bu futbolchilarning sariq kartochkalari ham bor. Kompani esa jarohatdan hali tuzalgani yo‘q, shuningdek, Mertens, Eden Azarda kichik jarohatlar bor, Lukaku esa jarohat tufayli oxirgi mashg‘ulotlarda qatnashmadi. Shunday ekan, boshlang‘ich tarkibda Batshuayi. Dembele, Dendonker, Yanuzay, Torgan Azar kabi futbolchilarni ko‘rishimiz mumkin.

Garet Sautgeyt rejalarini oldindan oshkor etmagan, ammo u ham o‘zgarishlar qilishi kutilmoqda. Ammo u to‘purar bo‘lishni istayotgan Keynni maydonga tushiradi, Tunisga qarshi birinchi tur uchrashuvida jarohat olib, Panamaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Alli ham o‘yinga tayyor. U oxirgi mashg‘ulotlarda umumiy guruh bilan shug‘ullangan.

Avvalgi o‘yinlarda nimalar bo‘lgandi?

Angliya
• Tunis Harrining dubli evaziga mag‘lub etildi (2:1), Panama darvozasi esa ushbu futbolchi tomonidan uch bor ishg‘ol etildi (6:1).
• Tunisga qarshi kechgan o‘yinda inglizlar jahon chempionatlarida ilk marta qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba golini urishdi.
• 6:1 – Angliya termasining jahon chempionatlaridagi eng yirik g‘alabasi.
• Angliya burchak jarimalaridan keyin 3 marta gol urdi – bu eng yaxshi natija.
• Keyn darvoza tomon 4 marta zarba berib, 5 gol urdi. Harri Loftus-Chikning zarbasi yo‘lidan chiqib qolib (Keynning Panamaga uchinchi goli) matematik qonuniyatlarni «buzdi».

Belgiya
• Panama – 3:0, Tunis – 5:2 hisoblarida mag‘lub etildi.
• Tunislarning mag‘lub etilishi – Belgiyaning jahon chempionatlari tarixidagi eng yirik g‘alabasi bo‘ldi.
• Dastlabki ikki turda 8 gol –  bu JCh-2018 turnirida 29 terma jamoa natijasidan yaxshi (faqat Rossiya va Angliya ham shunchadan gol urgan).
• Tunis bilan o‘yinda dubl qayd etgan Romelu Lukaku o‘z nomini tarixga yozdi: shu vaqtga qadar jahon chempionatlarida hech qaysi belgiyalik 7 gol urishga erishmagandi.

Mavzu
Rossiya mundiali

2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahrida 12ta stadionda JCh-2018 bo‘lib o‘tadi. Rossiya ilk bor mundialga mezbonlik qilmoqda.

Barchasi
Top