13:20 / 30.04.2018
10868

Ilmiy darajalar berish OTM va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshiriladi

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida prezidentning Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim innovatsion modelini joriy qilish chora-tadbirlariga doir farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Tashkiliy jihatdan qanday o‘zgarishlar bo‘ladi

Norma’ning yozishicha, 1.06.2018 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasini tugatish taklif etilmoqda. Uning shtat birliklari oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim boshqarmasini tashkil etish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga o‘tkaziladi (12 shtat birligi).
 
Biroq 1.06.2018 yildan 1.01.2019 yilgacha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan kengashlar o‘z ishini davom ettiradi. OAKning o‘rniga ilmiy daraja va unvonlarni tasdiqlash, shuningdek tegishli diplom va attestatsiyalarni berish bilan vaqtinchalik Vazirlik shug‘ullanadi.
 
1.01.2019 yildan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining o‘zini o‘zi boshqarish va mustaqillik tamoyili bo‘yicha ishlaydi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsa, tashkilotlar o‘zlari dissertatsiya ishlarini rasmiylashtirish talablarini tasdiqlaydilar, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim kengashlarini tashkil etadilar va moliyalashtiradilar, shuningdek ilmiy darajalarni ham o‘zlari beradilar. 
 
Bazaviy doktorantura, doktoranturada ta'lim olayotgan  va mustaqil talabgor shaxslar faoliyatiga rahbarlik qilish va monitoring o‘tkazish tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha yetakchi olimlar orasidan butun o‘qish davriga har bir talabgor uchun shakllantiriladigan maxsus boshqaruv qo‘mitalari va kengash vakillariga topshiriladi.
 
Bu ishlarning barchasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
 
Olimlar va ularning ishiga bo‘lgan talablar qanday o‘zgartiriladi
 
Bazaviy doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) va mustaqil talabgorlik bo‘yicha qabul chet tilini bilishini tegishli sertifikat (CEFR bo‘yicha kamida V2 darajada bo‘lishi kerak) bilan tasdiqlash sharti bilan amalga oshiriladi. Hozir bunday talab faqat bazaviy doktoranturaga (PhD) kiruvchilar uchun belgilangan.
 
Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktoranturada yoki mustaqil talabgorlikda o‘qish majburiy bo‘lmaydi. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga (masalan, fan nomzodi) ega bo‘lgan, doktorlik dissertatsiyasini mustaqil ravishda tayyorlagan, shuningdek mazkur ilmiy darajani olish uchun belgilangan talablarning barchasini bajargan shaxslar dissertatsiya ishlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kengashga topshirishga haqlidirlar.
 
Tadqiqot natijalari referat (taqriz) va sitata qilinadigan xalqaro ilmiy nashrda chop etilganda falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasiga, ilmiy sitata qilinishi xalqaro indeksiga va nulinchi impakt-omilga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy nashrda chop etilganda esa fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasiga ruxsat beriladi
 
Ilgari aspiranturada, katta ilmiy xodimlar institutida ta'lim olgan shaxslar – falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga talabgorlik qilgan holda dissertatsiyani tayyorlagan talabgorlar, mustaqil talabgorlarga dissertatsiyalarini ko‘rib chiqish va tegishli ilmiy daraja berish uchun kengashlarga taqdim etishlariga ruxsat beriladi.
 
Yana bir taklif etilayotgan talab – Internet tarmog‘i axborot resurslarida ommaviy tanishuv uchun yoqlangan dissertatsiyalar matnini e'lon qilish shartligi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Top