O‘zbekiston | 15:55 / 08.12.2020
11525
3 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyoratini tashkil etish xususiy sektorga beriladimi?

Haj va Umra ziyoratini tashkil etish ishlarini tartibga solish maqsadida davlat maxsus komissiyasi tuzilgan. Komissiya qaroriga ko‘ra, Umra ishlarini tashkil etish vakolati hozircha xususiy sektorga berilmaydi.

7 dekabr kuni AOKA binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov Haj va Umra ishlarini tashkil etishda davlat monopoliyasi o‘rnatilgani yuzasidan berilgan savolga munosabat bildirdi.

«Xususiy firmalardan biri Umra ziyoratini tashkil etib, mustaqil ishlashda qiyinchilikka duch kelayotgani haqida ariza bilan qo‘mitaga murojaat etgandi. Arizani ko‘rib chiqib, raqobat qonunchiligi talablari buzilishi alomatlarini ko‘rganmiz. Alomat deganda, hali isbotlanmagan holatlar. Bu masala yuzasidan davlat maxsus komissiyasi tuzilgan. Haqiqatan, bu masalada xususiy sektorga berish mumkinmi yo yo‘qligi yuzasidan xulosa qabul qilingan. Unga ko‘ra, bunga kelish uchun hali barvaqt, bu ko‘proq xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq.  Shu tufayli, arizachiga maxsus komissiya qaroriga rioya qilgan holda javob xati berilgan», — deydi u. 

Joriy yil 10 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 364-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi hujjat loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga joylangan mazkur qaror loyihasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faqat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi hamda O‘zbekistonda boshqa tashkilotlarning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoida belgilangan.

Jamoatchilik muhokamasiga e'lon qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining 15-moddasida (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy sohadagi vakolatlari) qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi ziyorat joylariga borishini, shu jumladan, Haj va Umra ibodatini amalga oshirishni tashkil qiladi, degan qoida aks etgan.

Amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda qo‘mitaga bunday vakolat berilmagan.

Mavzuga oid