17:24 / 30.03.2019
8539

Asakadagi «Yuksalish» mahallasida muammolar «yuksalyapti»

Murojaatni o‘rganish jarayonida avval muammoli holatni ko‘rib, so‘ng aynan shu hududga mas'ul bo‘lgan mutasaddilar fikri bilan tanishish lozim. Ana shunda masala bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.

Biroq Andijon viloyati Asaka shahri, “Yuksalish” mahallasidagi uchta bir xil Yuksalish nomli ko‘chalardagi muammolarni o‘rgangach, yigirma yillik kamchiliklar haqida mutasaddilarga aholi dardini aytib ovora qilgimiz kelmadi. Ulardan faqat bitta fikrni eshitish mumkinligini ham bilardik: “Sizlar mana shu masalani saytga olib chiqmanglar. Biz bir haftada, albatta, oxiriga yetamiz”. Yigirma yillik muammolar bir haftada biroz oldinga siljishi uchun esa ularga tuzukroq turtki kerak.

Murojaatni o‘rgangani borib, bu yerdagi kamchiliklar ko‘plab mahallalarda bor ekanini gaplashdik. Qarangki, yo‘lning odam yurib bo‘lmas darajaga kelishi, elektrdagi surunkali uzilishlar, gaz balloni bilan ta'minlanmaslik, ichimlik suvini uzoqdan tashib kelish odatiy holatga aylanib, bizni deyarli tashvishlantirmay qo‘yibdi.

Mahalla ahli chorak asr avval shu hududga ko‘chib kelganidan beri muammolar ichida yashaydi.

“Tasavvur qiling. Mana bu yiqilib tushay deb turgan “stolba”larni, undagi simlarni ham o‘zimiz pul to‘plab o‘rnatganmiz. Transformatorimiz eskirib, mahallaga kuchi yetmay, tinmay ishdan chiqyapti. Uni ham o‘zimiz pul yig‘ib olgandik. Ko‘chamizning holatini mana o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Ko‘chib kelingandan beri biror marta hokimlik e'tibor bermagan. O‘zimiz shag‘al to‘ktirib, epaqaga keltiramiz. Ichimlik suvini tashib o‘rganib ketdik. Menimcha, bizning ko‘chani borligini hokimlik vakillari bilmasa ham kerak”, - deydi biz bilan suhbatda Sijoyiddin Umrzaqov.

Inson hayot kechirishi uchun muhim bo‘lgan yo‘l, elektr ta'minoti, gaz va ichimlik suvidagi muammolar Asakaning chekka qishlog‘ida emas, balki shahar biqinidagi mahallada to‘lib yotibdi.

Bizning kelganimizdan xabar topgan mahalla ayollari ham yonimizga kelib o‘z dardlarini to‘kib solishdi.   

“Yo‘limiz juda yomonligi haqida yillar davomida murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Yaqinda yana shahar hokimi Xursandbek Yo‘ldoshevga uchraganimizda, u kishi “Yo‘l bo‘limiga aytdim. Albatta ta'mirlashadi”, deb va'da bergandi. Kutyapmiz. Mahallamiz bolalari maktabga ketayotib, katta ko‘chaga chiqquncha oyog‘iga qora sellofan paket kiyib chiqishadi. Tabiiy gazga ulanmaganmiz. Gaz ballon so‘rab boraverib, berishmaganidan so‘ng oxiri uyalib bormay qo‘ydik.Hujjatlarni olib boramiz. Baribir ballon berishmaydi. Elektr hozirgi kunda ham sutkasiga ikki marta o‘chyapti. Sharoitimiz juda chatoq”, - deydi Feruza Zokirova.

Mahalla faoli Ibrohimjon Mamajonov bilan ko‘chalarni aylandik. Mahalla o‘z-o‘ziga sharoit yaratish bo‘yicha ancha ishlar qilibdi. Hokimlikdan yo‘lni tuzatishga 20 yil davomida yordam bo‘lavermagach, o‘zlari ikki-uch bor shag‘al to‘kishgan.  

Ularning shu kundagi ishlari yanada qiziq. Mahalla o‘zining fondiga ega. Unda doim pul to‘planib boradi. Va o‘sha pullarga 200 litr dizel yoqilg‘i yig‘gan. Nega, deb so‘rayman. “Hokimlikdan yo‘llarimizni tekislash uchun greyder so‘raymiz-ku, shunga kerak bo‘ladi”, deydi Ibrohimjon Mamajonov. Biroq, yo‘l korxonasiga borishsa texnika berishmagan.   

O‘zlari o‘rnatgan simyog‘ochlar yiqilib tushay deb, ag‘anab yotibdi. Tuman elektr tarmoqlari 50ta oiladan iborat uchta ko‘chaga biron marta kelmagan. Mahalla bilan tuman “Toza hudud” tashkiloti shartnoma tuzishni xohlamagani uchun chiqindi to‘planib ketgan. Balki, tozalikka mas'ul tashkilot avtomashinalari ko‘chalarga botib qolishidan qo‘rqqandir?... Bunisi bizga qorong‘i.

Mahallaning yana bir vakilasi Gulnoraxon Temirova ham “Mahallaga yordam kerak. Yoritishga harakat qilib bering. Mahalla fuqarolar yig‘inining aholi muammolari yechish yo‘lida harakat qilishini kutib kun o‘tyapti”, deya o‘z fikrini bildirdi.

Qisqasi, Asakaga borib, 150tadan ziyod aholi yashaydigan hududda, yaroqsiz loy yo‘llar, qiyshayib ketgan simyog‘ochlarni ko‘rib, gaz ballon berilmagan, ichimlik suvidan qiynalayotgan aholi vakillari dardini tingladik. O‘tgan yili uch marta ishchi guruh kelib, o‘rganib ketgan. Samarasiz o‘rganishdan nima foyda?

Lekin, yetti iqlimga dong‘i ketgan asakaliklar mahallaga, ko‘chaga nom tanlashga juda usta ekan. “Yuksalish” mahallasi, Yuksalish ko‘chasi.

Qaniydi, bu yerdagi holat tanlangan nomga yarasha bo‘lsa edi. Buning uchun tuman hokimi va mutasaddilar “Yuksalish” mahallasida aholi farovonligi yuksalishiga harakat qilishadi, degan umiddamiz.

O‘z muxbirimiz

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top