18:49 / 04.09.2020
51761

Nega ayrim jamiyatlar boy, ayrimlari kambag‘al?

Foydali kitoblar ko‘p, ammo vaqt cheklangan. Bilim olishdan esa to‘xtash kerak emas. Kun.uz o‘z o‘quvchilari uchun yangi rukn doirasida foydali adabiyotlar, ilmiy-ommabop kitoblarning eng asosiy mazmunini konspekt holida berib borishni boshlaydi.

Foto: Getty Images

Amerikalik iqtisodchilar Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinson muallifligidagi «Jamiyatlar nega omadsizlikka uchraydi?» (Why Nations Fail) kitobi nega ba’zi davlatlar farovonlik va barqarorlikni saqlab qolishi, ayrim mamlakatlar esa harchand islohotlarga urinsa-da taraqqiy topmasligining ilmiy-iqtisodiy sabablarini tahlil qiladi.

Kitobda qator olimlarning bu boradagi nazariyalari ko‘rib chiqilgan. Quyida asarning asosiy g‘oyalari – insaytlari bilan tanishish mumkin.

Insayt №1. Mamlakat taraqqiyoti geografik omillarga bog‘liq emas

Mamlakatning rivojlanishi yoki qoloqlashuvi u joylashgan geografik hududga bog‘liq emas. Bu nazariyaning noto‘g‘riligini Nogales shtati misolida ko‘rish mumkin. Shahar devor orqali ikkiga bo‘lingan – bir qismi AQShning Arizona shtatida, ikkinchi qismi Meksikaning Sonora shtatida joylashgan. Meksika Nogalesida aholining daromadi AQSh Nogalesiga qaraganda uch baravar kam, odamlarning aksariyati maktab ta’limini tamomlamagan, bolalar o‘limi va jinoyatchilik darajasi yuqori, umr davomiyligi qisqa, infratuzilma xarob ahvolda, amaldorlarning salohiyati past, korrupsiyaga moyilligi yuqori. Shaharning AQShdagi qismida bu holatning ayni teskarisini ko‘rish mumkin. Nogales hudud taraqqiyoti geografik sharoitga bog‘liqligi haqidagi qarashni yo‘qqa chiqaradi.

Bitta shaharning ikki qismidagi bunday sezilarli farqni nima bilan izohlash mumkin? 16-asrda Amerika qit’asini mustamlaka qilish boshlandi. Ispanlar Janubiy Amerika aholisini ayovsiz talashdi, bir talay oltin-kumushga ega bo‘lgandan so‘ng mahalliy aholini ekspluatatsiya qilishga yo‘naltirilgan institutlarni ta’sis etishdi. Hindularning yeri olib qo‘yilgan, mehnatga majburlangan, soliqlar oshirilgan, narxlar ko‘tarilgan, ular yaratgan mahsulotlar tortib olingan. Bu ispan mustamlakachilarini boyitgan bo‘lsa-da, Lotin Amerikasini tengsizlik yuqori, iqtisodiy salohiyati yemirilgan hududga aylantirdi.

Inglizlar mustamlaka qilgan Shimoliy Amerikada esa vaziyat sal boshqacha kechdi. 18-asr avvalidayoq Angliyaning Amerikadagi koloniyalarida yer mulkdorlari rahbarligida assambleyalar tashkil topdi. Bu assambleyalarda ayollar, qullar, yersiz bo‘lgan erkaklar ishtirok eta olmas, mustamlakachilar mahalliy aholiga qaraganda ko‘proq huquqqa ega bo‘lsa-da, aynan shu assambleyalar negizida dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri – AQSh paydo bo‘ldi.

Insayt №2. Madaniy qadriyatlar taraqqiyot darajasini belgilamaydi

Madaniy determinizm nazariyasiga ko‘ra, xalq farovonligi madaniy omillar – din, etik tamoyillar va qadriyatlar bilan belgilanadi. Mazkur qarash asoschilaridan biri, nemis sotsiologi Maks Veberga ko‘ra, G‘arbiy Yevropada kuzatilgan sanoat taraqqiyoti reformatsiya va protestantlik harakati bilan bog‘liq. «Lotin Amerikasi farovonlikka yuz tutmaydi, chunki ular ertaga qilish mumkin bo‘lgan ishni bugun qilish kerak emas, degan prinsipga asoslanishadi», deydi Veber.

Madaniy qadriyatlar taraqqiyotga katta ta’sir etmasligini Janubiy va Shimoliy Koreya misolida ko‘rib chiqish mumkin. 20-asr o‘rtasiga qadar bu ikki mamlakat yaxlit edi, aholisi ham yagona etnik ildizga ega, ammo ularning ayni davrdagi turmush tarzida farqlar juda katta. Janubiy Koreya boy va rivojlangan, Shimoliy Koreya aholisi esa tang ahvolda.

Yana bir misol. Veber protestantizm harakati davlatlarning rivojiga sabab bo‘lgan deydi. Protestantizm keng tarqalgan Angliya va Niderlandiya tez rivojlangani rost, ammo katolik ustuvor bo‘lgan boshqa davlatlar ham bu masalada ularga tezda yetib oldi.

Insayt №3. Qoloqlik faqatgina rahbarlar jaholati bilan bog‘liq emas

Ayrim mamlakatlarning boyligi va ayrimlarining qoloqligi jaholat bilan ham bog‘lab talqin qilinadi. Mazkur qarash egalariga ko‘ra, hukmron qatlam mamlakatni boy qilish uchun yetarli bilim va salohiyatga ega bo‘lmaydi.

Ammo kitob mualliflari bu qarashni ham shubha ostiga olishadi. Iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiluvchi asosiy sabab hukmron qatlamning johilligi emas, balki iqtisodiy institutlarda mavjud muammolardir, deydi ular. Mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishsa, bu rahbarlarning bir yumalab aqlli bo‘lib qolgani yoki o‘z cho‘ntagini emas, alturistga aylanib, xalqini o‘ylay boshlagani uchun emas, balki iqtisodiy institutlar transformatsiyasi tufayli sodir bo‘ladi.

Insayt № 4. Mamlakat farovonligini inklyuziv va ekstraktiv institutlar belgilab beradi

Iqtisodiy taraqqiyotni belgilab beruvchi eng asosiy jihat bu – mamlakatdagi mavjud institutlar (ular iqtisodiyot qoidalarini belgilab berishadi) va fuqarolarda mavjud iqtisodiy faollikka rag‘batdir.

Kitob mualliflari iqtisodiy institutlarni ikki tipga ajratishadi: ekstraktiv (inglizcha – qisish) va inklyuziv (inglizcha – qamrab oluvchi).

Janubiy Koreya rahbariyati aholining katta qatlamini qamrab oluvchi va ularni iqtisodiy jihatdan faollashtiruvchi inklyuziv institutlar ta’sis etishga harakat qilgani uchun ham bugungi darajasiga erishdi.

Inklyuziv institutlar – xususiy mulk daxlsizligi, odil sudlov tizimining mustaqilligi, fuqarolarning iqtisodiy faolligi uchun to‘siqlarning yo‘qligi, kasb tanlashdagi mustaqillik, bozorning yangi kompaniyalar va raqobat uchun ochiqligi bilan izohlanadi.

Ekstraktiv institutlar esa iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga emas, aksincha elit qatlam hisoblangan ozchilikning daromadini oshirish va bu yo‘lda ko‘pchilikni ekspluatatsiya qilishni nazarda tutadi.

Insayt № 5. Inklyuziv institutlarning foydasi ravshan bo‘lsa-da, hokimiyat ularni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor emas

Avstriyalik iqtisodchi Yozef Shumpeter iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalar «bunyodkor vayronkorlik»ni keltirib chiqaradi, deydi. Bu nima degani?

Iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalar negizida eski texnologiyalarning o‘rniga yangilari keladi, sohalar ijobiy transformatsiyaga uchraydi, yangi kompaniyalar monopoliyalarni bozordan siqib chiqaradi, hokimiyat almashinuvi yuz beradi. Bu iqtisodiy taraqqiyotning garovi bo‘lish bilan birga, o‘z amali va holatini yo‘qotishni istamaganlar uchun xavfdir. Ya’ni ular bunyod qiladi, ammo eski qoliplarni, chirik muammolarni vayron qiladi.

Taraqqiyotning ayni mana shu «vayronkor»ligidan xavfsiraganlar jamiyatda inklyuziv institutlar paydo bo‘lishiga xalal berishadi.

Insayt № 6. Inklyuzivlik yoki ekstraktivlik tanlovi inqirozlarda hal bo‘ladi

Sinish nuqtasi – inqiroz ko‘p jihatdan mamlakatning keyingi taqdirini belgilab beradi.

16-asrda Yevropada kuzatilgan vabo pandemiyasi qit’a mamlakatlari uchun sinish nuqtasi bo‘ldi. Bu inqiroz barcha davlatlarga birdek zarar yetkazdi va ularni birdek start nuqtasiga olib borib qo‘ydi – hamma yerda ishsizlik, feodalizmdan qochish kayfiyati. Ayni shu nuqtada G‘arbiy Yevropa dehqonlari birlashishdi va feodallardan ozod bo‘lishga erishishdi. Ular bozor iqtisodiyotiga o‘tishdi. Sharqiy Yevropa dehqonlari esa buning uddasidan chiqa olmadi, ular o‘z xo‘jalarining aytganlarini bajarishda, G‘arbiy Yevropa uchun mahsulot yetishtirishga majbur bo‘lishdi. Natijada 17-asrda Sharqiy va G‘arbiy Yevropa davlatlari o‘rtasidagi taraqqiyot darajasini solishtirish imkonsiz edi.

Barqaror taraqqiyotga erishgan davlatlardan biri – Angliya. 17-asrdagi Angliya inqilobi, fuqarolik urushi siyosiy-iqtisodiy institutlarni inklyuzivlik tomon o‘zgarishga majbur qildi, qirol hokimiyatini chekladi. Barcha fuqarolar teng huquqqa ega bo‘lishdi, monopoliyaga chek qo‘yildi, mulk daxlsizligi ta’minlandi. Soliqlar tartibga keldi, natijada jamiyatda innovatsiyalar rag‘batlantirildi.

Aynan sinish nuqtasi mamlakatlarga yangiliklar uchun tramplin yoki bir yomonlikning boshqasiga almashishi bo‘ladi.

Insayt № 7. Ekstraktiv institutlar ham taraqqiyotga sabab bo‘lishi mumkin, lekin uning natijasi barqaror emas

Ekstraktiv institutlar orqali o‘sishga erishishning ikki mexanizmi mavjud.

1. Elit qatlam barcha resurslarni iqtisodiyotning yuqori samarador sohalariga yo‘naltiradi. Bunda aholining katta qatlami uchun yaxshi turmush sharoiti yaraladi, ammo boylikning asosiy qismi elita qo‘lida to‘planib qolaveradi. Ekstraktiv institutlar sharoitida rivojlanishga misol sifatida sobiq sovet ittifoqini ko‘rsatish mumkin.

1928-1970 yillarda ittifoq iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Davlat mehnat resurslarining katta qismini samarasi past bo‘lgan qishloq xo‘jaligidan olib, sanoatga yo‘naltirdi. Ammo bunda siyosiy kuchlarning markazlashuvi talab etildi.

2. Ekstraktiv institutlar sharoitida iqtisodiy o‘sish mumkin bo‘ladi, agarda hukmron doira o‘ziga juda ishongan bo‘lsa, kursisidan xavotirda bo‘lmasa, inklyuziv institutlarning shakllanishiga qo‘yib beradi.

Ammo ekstraktiv institutlar sharoitidagi taraqqiyotning inklyuziv instutilarnikidan katta farqi bor. Ekstraktiv o‘sish innovatsiyalarni rag‘batlantirmaydi, balki mavjud texnologiyalardangina foydalanadi. Bu esa stagnatsiyaga, turg‘unlashuvga olib keladi.

1970 yillarda SSSR bilan ham xuddi shunday bo‘ldi – iqtisodiy o‘sish deyarli to‘xtab qoldi. Aholida iqtisodiy faollikni saqlab qolish uchun hech qanday rag‘bat yo‘q edi.

Insayt № 8. Inklyuziv institutlar samarali qayta aloqani, ekstraktiv institutlar esa oxiri yo‘q doirani tashkil etadi.

Inklyuziv institutlar o‘z qoidalarini kiritadi va elita hokimiyatini cheklaydi. Qonun kuchini muayyan shaxslar hokimiyatidan ustun qo‘yadi. Barcha ishtirokchilar birdek ishtirok etadigan maydonni hosil qiladi. Natijada plyuralistik siyosiy qarashlar paydo bo‘ladi, OAV mustaqil bo‘ladi.

Ekstraktiv institutlar esa bir xil maromda harakatlanuvchi doirani hosil qiladi. Bunday institutlar sharoitida hokimiyat uchun kurash vayronkor tarzda, katta insoniy qurbonlar bilan kechadi.

Ekstraktiv institutlar sharoitida hokimiyat qo‘lida bo‘lganlar uchun hech qanday cheklovlar mavjud bo‘lmaydi. Ularga faqat katta siyosiy ta’sirga ega koalitsiya hosil qilish, inklyuziv institutlar tashkil qilish orqali qarshi chiqish mumkin.

«Jamiyatlar nega omadsizlikka uchraydi?» kitobi yagona g‘oyani turli tarixiy misollar asosida tushuntiradi. Bu g‘oya quyidagicha:

Ba’zi mamlakatlarning yuqori farovonlikka erishishi, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishi, boshqa davlatlarning esa turg‘unlik va qoloqlik holatida qolishi shu davlatlarda amal qilayotgan siyosiy-iqtisodiy institutlarga bog‘liq.

Saodat Abdurahmonova

P.S. O‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov ushbu kitobni o‘zbek tiliga o‘girish huquqini beruvchi litsenziyani qo‘lga kiritgan. Yosh olim o‘zining «Hoshimov Iqtisodiyoti» dasturida kitob hammuallifi Jyeyms Robinson bilan suhbat uyushtirgan.

UPD. O‘zbek tiliga o‘girilgan kitob 2021 yil sentabr oyida sotuvga chiqdi. Uni Asaxiy.uz saytidan onlayn xarid qilish mumkin.

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Top