12:46 / 17.04.2019
27945

Shavkat Mirziyoyev Davos forumida ishtirok etish uchun taklif etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yili Shveytsariyaning Davos shahrida tashkil etiladigan va shu nom bilan ataladigan xalqaro iqtisodiy forumda ishtirok etish uchun taklif etilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligining Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Temurmalik Narziqulov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Diqqatga sazovor Xalqaro iqtisodiy forum tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Davos forumida ishtirok etish uchun Shavkat Mirziyoyev taklif etilishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va investitsion muhitini jahonga tanitish uchun yaxshi imkoniyat. O‘ylaymanki, ushbu imkoniyatdan oqilona foydalanamiz», — deydi u.

Ma'lumot uchun, xalqaro anjuman 1971 yilda tashkil etilgan Xalqaro iqtisodiy forum nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan, 1988 yili imzolangan Davos deklaratsiyasidan so‘ng, muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Unda siyosatchi, davlat arboblari, iqtisodchi va turli sohalarning yetuk mutaxassislari global siyosatga oid mavzularda muhokamalarda ishtirok etadi. So‘nggi marta forum ishtirokchilari to‘rtinchi sanoat inqilobi mavzusida suhbatlashgan.

Top