19:25 / 14.06.2017
15318

Tadqiqot: o‘zbek ziyolilari bugun nima o‘qishmoqda?

Foto: O‘zA

Bugungi kunda o‘zbek ziyolilari qanday adabiyotlar mutolaasi bilan band va aynan nima uchun? Aynan mana shunday savollar bilan «Yangi kitob» nashriyoti va ziyouz.uz portali hamkorlikda kichik tadqiqot o‘tkazdi va 120 dan ziyod javob oldi. Ana shu tadqiqot xulosasi ayrim qisqartmalar asosida berilmoqda.

Shukrullo, O‘zbekiston xalq shoiri: — «Bo‘sh qop tik turmas» deganlaridek, yozuvchining ishi faqatgina ijod qilish emas, u muttasil o‘qishi, hayotni o‘rganishi, jahondagi voqea-hodisalardan, adabiy jarayondan boxabar bo‘lishi ham kerak. Hozir faqat kitob mutolaasi bilan  bandman. Akmal Saidning «Hazrati Zangi Ota», Abduqahhor Ibrohimovning «Ruhiy ozuqa maxzani», G‘iyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarlarini, Halima Xudoyberdiyevaning yangi kitobini o‘qiyapman.

Umarali Normatov, filologiya fanlari doktori, professor: — Men shu kunlarda Xurshid Do‘stmuhammadning «Donishmand Sizif» nomli romanini o‘qiyapman. Bir qarashda asar uchun tanlangan motiv g‘arbcha bo‘lsa-da, romanni o‘qib, chinakam o‘zbekona ruhni his qildim.

Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi: — Oybek domlaning «Bolalik» asarini qayta o‘qiyapman. O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kitobi stolimda turibdi. O‘tkir Hoshimovdagi tilning tozaligi, ruhning sofligi menga yoqadi. Deyarli har kuni bolalarga oid kitoblarni o‘qishga, varaqlashga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bugungi bolalarimizning kitobxonlik darajasi maqtagulik emas. Ularning so‘z boyligi juda kam, 1200-1300 ta so‘z, xolos…

Jamol Kamol, O‘zbekiston xalq shoiri: — Hozir Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si tarjimasi bilan bandman. “Mahzanul asror” va “Layli va Majnun” chop etildi. Boshqa dostonlarni ham Xudo xohlasa 2018 yilgacha tamomlamoqchiman.

Erkin Malik, yozuvchi: – Ayni paytda Chingiz Aytmatovni o‘qiyapman. Nechanchi marta mutolaa qilayotganimni o‘zim ham bilmayman. Chingiz Aytmatov asarlari yod bo‘lib ketgan, lekin baribir o‘qiyveraman. Men u kishidan ilhom olaman. Misol uchun, yozishdan to‘xtab qolsam, Chingiz Aytmatovga murojaat qilaman. Dialoglarini emas, asosan tasvirlarini o‘qiyman. Juda samimiy! O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Aytmatov kitoblarini chiqarishga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda Chingiz og‘a Stokholmda elchi bo‘lib ishlardi. Odil Yoqubov orqali Aytmatovga murojaat qildik (Odil aka mualliflik huquqi bo‘yicha idora boshlig‘i edi). U kishi Chingiz akaga qo‘ng‘iroq qilib, «O‘zbekistonda sizning kitoblaringizni chiqarmoqchimiz, qalam haqini qanday hal qilamiz?» deganida, Aytmatov xat yozib yuborgan (bu maktub menda turibdi). «O‘zbekiston sharoitida qanday lozim bo‘lsa chiqaraveringlar, men roziman», deb yozilgan o‘sha xatda.

Qudrat Do‘stmuhammad, yozuvchi, iqtisod fanlari nomzodi, professor: — Shu kunlarda Ahmad Zaki Validiyning «Bo‘linganni bo‘ri yer» deb atalgan kitobini o‘qiyapman. Uni ziyouz.com sayti kutubxonasidan ko‘chirib oldim. Bu kitob XX asr boshlarida turkiy xalqlar mustaqillikni qo‘ldan bermaslik uchun Rossiya imperializmiga qarshi qanday kurashganini hujjatlar asosida hikoya qilib beradi.

Ahmad Zaki Validiy buyuk inqilobchi, siyosatchi, tarixchi va haqiqatda ham, zakiy, ya'ni ziyrak, aqlli, nozik didli inson, go‘zallik oshuftasi bo‘lganiga ishonch hosil qilib turibman. Rus bosqiniga qarshi ham mafkuraviy, ham qurolli kurasha turib, sovetlarning «O‘lim mashinasi»ni dog‘da qoldirgan, Alloh bergan bu dunyoda sakson yil yashab o‘tgan inson ekan, joyi jannatlarda bo‘lsin.

Validiyning bu kitobi o‘zbek tiliga 1997 yili qisqartirib tarjima qilingan ekan, rus tilidagi to‘liq nashrini va boshqa asarlarini («Turkiston tarixi» nomli kitobi ham bor ekan) topib o‘qish niyatim bor.

Oydin Hojiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri: — So‘nggi bor Alisher Mirzoning «Musavvir» romanini, Xurshid Do‘stmuhammadning «Lolalar» hikoyasini, Dilbar Mahmudovaning xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva haqidagi «Halima» kitobini, Enaxon Siddiqovaning yangi kitobini o‘qidim. «Kitob olami» gazetasining so‘nggi sonidagi barcha materiallarni o‘qib chiqdim. Yoshlar ijodini muntazam kuzataman. «Yoshlik», «Sharq yulduzi» jurnallarini doim o‘qib turaman.

Shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari: — Umuman olganda yurtimizda chiqqan 15000 dan ortiq diniy-ma'rifiy kitobni o‘qib chiqqanman. Har kuni aholidan tushayotgan diniy-ma'rifiy savollarga javob berish jarayonida 10 dan ortiq kitob ko‘raman. Bir kunda 50-100 ta savolga yozma va og‘zaki javob berishga to‘g‘ri keladi. Fatvo kitoblaridan «Fatovoi Olamgiriya», «Fatovoi Qozixon», «Xulosatul fatovo», tafsir kitoblaridan «Tafsiri Nasafiy»,  «Bahrul ulum», hadis kitoblaridan Suyutiyning «Al-jome' as-sahih», fiqh kitoblaridan «Al-mavsu' al-fiqhiya» (30 jildli islomshunoslik ensiklopediyasi), «Muxtasar ul-viqoya», «Hidoyai sharif» kitoblari kundalik ko‘radigan manbalarimdir.

Bahodir Yo‘ldoshev, rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti: — Jastin Marotstsining «Tamerlan. Zavoyevatel mira» (Moskva, 2004) kitobini o‘qiyapman. Muallif asarda buyuk Amir Temur hayoti va faoliyatiga yangicha nigoh bilan qaragan. Abdulla Qodiriy haqidagi ilk roman – Abdulhamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» («Akademnashr», 2017) ham yaxshi taassurot qoldirdi.

Tohir Malik, O‘zbekiston xalq yozuvchisi: – Shu kunlarda hind adibi Rabindranat Tagor hikoyalarini mutolaa qilyapman. Hisoblab ko‘rsam, uning hikoyalarini bundan ellik yil muqaddam o‘qigan ekanman.

Erkin Komilov, O‘zbekiston xalq artisti: — To‘g‘risini aytsam, ish, uchrashuvlar, yugur-yugurlar bilan bo‘lib faqatgina pesalar o‘qishga vaqt bo‘lyapti, xolos. So‘nggi marta Qamchibek Kenjaning «Palaxmon» romanini o‘qigandim. Baxtiyor Haydarovning «Insonnoma», «Baxt nima?» kitoblarini doim varaqlab turaman.

Anvar Obidjon, O‘zbekiston xalq shoiri: — Kechagina Iqbol Mirzoning bolalar uchun kichik she'rlari to‘plangan «Erkatoy erka toy» kitobini o‘qidim. Avvalroq «Turon qavmlari», Shukur Qurbonning «Erkin Vohidov saboqlari» kitobini tugatgandim. Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otut-turk» asari yangi nashrini («Mumtoz so‘z» nashriyoti) hayrat bilan mutolaa qilyapman. Bobolarimiz ishlatgan so‘zlar, turkiy tilning ajoyibotlari meni yana o‘ziga tortdi. Yangi nashrda so‘zlar izohi takomillashtirilibdi.

Xurshid Davron, O‘zbekiston xalq shoiri: — Ayni paytda venger faylasufi Yeva Anchelning «Etos i istoriya» kitobini qaytadan o‘qiyapman. Birinchi marta o‘tgan asrning 90-yillarida o‘qigan edim.  «Etos»  atamasi  qadimgi yunon falsafasida «inson axloqi va uning amaliy ishi o‘rtasidagi bog‘liqlik» yoki erkinroq, ya'ni o‘zimning ta'rifimcha, «ma'naviy tartib»  ma'nosini anglatadi. Etos insonning har bir ishi yuzasidan u bu ishni nimadan kelib chiqib, nima uchun qildi, degan savollarga javob izlaydi. Bu asarni yana qayta o‘qishga ehtiyojimga kelsak, bugun dunyo, insoniyat shunchalik murakkablashdiki, anglash tobora qiyin kechmoqda. Savollarimga javob izlamoqchiman. O‘zimizda kechayotgan jarayonlarni, juda ko‘p odamlarning qilmish-qidirmishini tushunishga urinmoqchiman. Bu millatni bugungi ma'naviy ahvolini, ma'naviy tartibini ham anglashga foyda berarmikan, deb o‘qiyapman.

Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi: — Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Tafsiri Hilol», Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining «Tafsiri Irfon» kitoblarini o‘qiyapman. Shuningdek, Abdulloh Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ini o‘qiyapman. Men bu kitobni 10 yoshimdan har bahor va kuzda qayta o‘qiyman. Bu yil sal kechikdim. Yana Navoiyni har kuni qo‘limga olaman.

Karim Bahriyev, yozuvchi, jurnalist: — «Risolai aziza» (So‘fi Olloyorning «Sabotul ojizin» asariga sharh) kitobini o‘qiyapman.

Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari: — Erkin Vohidovning yangi chiqqan “Tanlangan asarlar”ini o‘qiyapman. Alisher Navoiyning “Lisonut tayr”ini, Abdulla Oripovning “Ilohiy komediya”dan tarjimalarini qayta o‘qidim. Ko‘hna yapon she'riyatidan tarjimalar qildim.

Mubashshir Ahmad, noshir, islomshunos: — Ayni paytda Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» kitobini o‘qiyapman.

Botir Ergashev, shoir: — Ramazon – poklanish oyida Ahmad Lutfiy Qozonchining «Saodat asri qissalari» asarini beshinchi marta o‘qib chiqyapman. Bundan avval Chingiz Aytmatovning «Somon yo‘li» qissasini o‘qigandim.

Umid Bekmuhammad, tarixchi  va  publitsist: – 8 may kuni Sankt-Peterburg-Urganch yo‘nalishidagi samolyotda 48 kilogramm kitob, gazeta-jurnallar olib keldim. Ular orasida Mixail Lermontov va Lev Tolstoyning 1889 yili nashr etilgan saylanmalari, ko‘plab badiiy, tarixiy, falsafiy kitoblar, «Zagadki istorii», «Sekretnyye arxivy», «Sovershenno sekretno», «Sekretnyye materialy», «Tayny i zagadki», «Nevydumannyye istorii», «Zapretnaya istoriya», «Voyna i otechestvo», «Istorik», «Stupeni», «Zagadki XX veka», «Istoriya», «Mir kriminala», «Biografiya», «Sekrety i arxivy», «Arxivy XX veka», «Tayny SSSR» kabi  jurnallar bor. Ayni paytda faqat jurnallarni o‘qib chiqishga ulgurdim.
«Yesenin glazami jyenshchiny» kitobini tarjima qilish uchun shoir Boltaboy Bekmatovga, «Dostoyevskiy glazami sovremennikov» to‘plamini esa Temur Tangriberganovga topshirdim. Yuqorida tilga olingan boshqa kitoblarni ham kimdir tarjima qilishni xohlasa, qaytarib berish sharti bilan taqdim etishim mumkin.

Abror Muxtor Aliy, islomshunos: — Imom Suyutiyning «Itqon» degan asarlarini o‘qib tugatdim. Bu kitob Qur'oni karimga oid ilmlar borasida so‘z yuritadi. Ayni paytda Abdulmajid Turkmoniyning «Dirosotun fiy usulil hadis alaa manhajil hanafiya» (Hanafiylik manhajiga ko‘ra hadis usulida darslar) kitobini mutolaa va tarjimasi ustidaman. Bu asar bizning hanafiy mazhabimiz asoschisi Imom Abu Haniyfa rahimahullohning, u zotning shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammadlarning, ulardan keyin hanafiylik mazhabi usullarini jamlagan Iyso ibn Abonning asarlaridan «Al Hujajul Kabir» va «Al Hujajus sag‘ir»ni o‘z ichiga oladi. Kitob eng ishonchli va e'tiborli hanafiy ulamolarning mutaqaddimlaridan boshlab mutaaxxirlarigacha barchalarini usullari borasida so‘z yuritadi. Tohir Malikning «Odamiylik mulki» asarini ham o‘qiyapman. Bu kitob ma'naviyat, axloq va  insoniy qadriyatlar  borasida juda ajoyib uslubda so‘z yuritadi.  She'riyatdan Xayrulla Hamidovning «Suyanchiq» asarini mutolaa qilyapman. Najib Fozilning «Zindondan Mahmudga maktub»ini tarjimasi ustida ham ishlayapman.

Ismoil Muhammad Yusuf, «Hilol-nashr» nashriyoti rahbari: — Ramazon oyi munosabati bilan Shayx Abdulloh Izziddinning «Ro‘za oyining ulug‘ligini da'vatchi va avomlarga eslatish» kitobini o‘qiyapman. Bundan avval Shayx Muhammad Said Muhammad Hasan al-Buxoriyning «Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkak va ayollarning virdlari (vazifalari)» kitobini o‘qigandim.

Nodir Jonuzoq, «Yoshlik» jurnali bosh muharriri: — So‘nggi dam olish kuni yozuvchi Orziqul Ergashning «Shohsanam» nomli kitobidagi ikkita qissasini o‘qidim. Birinchisi — «Shohsanam», ikkinchisi — «Olis yulduzlar». Ochig‘i, ularni berilib, maroq bilan o‘qidim. O‘qidim-u, biz ko‘pincha klassik, dongdor yozuvchilarning asarlariga talpinamiz-u, shundoq yonimizda yurgan kamtar, ammo yaxshi yozuvchilarning bitiklarini e'tibordan chetda qoldiramiz, deb o‘yladim.

Ayni paytda o‘z odatimga ko‘ra uyda bitta, ishxonada boshqa kitobni o‘qiyapman. Albatta, ularning janri farq qiladi. Uyda taniqli rus yozuvchisi, kinorejissyor Vasiliy Shukshinning «Ikkinchi seansga chipta» nomli («O‘zbekiston» nashriyoti, 2016) hikoyalar to‘plamini o‘qiyapman. Tarjimon – iste'dodli shoirimiz O‘roz Haydar. Garchi hikoyalardagi voqealar Rossiyaning olis posyolkalarida ro‘y bersa-da, bot-bot o‘zimizning qishlog‘u ovullarimizdagi odamlarning nafasini tuyganday bo‘lasiz. Shukshinning bir qarashda oddiy, sokin hikoyalari jozibasiga asir tushganingizni sezmay qolasiz. Ana shu oddiylik va sokinlik qa'rida ulug‘vor insoniy qudrat, jasorat, xaloskor e'tiqod bor ekanini his qilasiz.

Ishxonada O‘zbekiston xalq yozuvchisi, «Tafakkur» jurnali bosh muharriri Erkin A'zamning «Ertalabki xayollar» nomli kitobini o‘qiyapman. Salkam olti yuz betlik bu to‘plamdan ustoz adibning dolzarb mavzudagi maqolayu safarnomalari, fiqralari, adabiy qaydlari, xotira va suhbatlari o‘rin olgan.

Mavzuga oid
Top