20:44 / 07.07.2020
3860

Adliya vazirligi: Tabiiy va texnogen ofatlar oqibatida jabrlangan fuqarolarning 18 turdagi hujjatlari bepul tiklab berilishi ko‘zda tutilmoqda

Adliya vazirligi tomonidan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda aholini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar-joyning yong‘ini yoki qulashi, transport vositasining yong‘ini) yuz bergani oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarini tiklash uchun tegishli davlat organiga murojaat qilganida, to‘lovlardan ozod qilish belgilanmoqda.

Shunga ko‘ra, qaror loyihasida to‘lovlardan ozod qilinadigan 18 turdagi hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Xususan:

  • tug‘ilganlik, nikoh tuzilgan (ajralgan)lik va o‘lim haqida guvohnomalar;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ID-kartasi va xorijga chiqish biometrik pasporti, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaro identifikatsiya ID-kartasi;
  •  davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlar (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma);
  • harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi;
  • transport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi;
  • haydovchilik guvohnomasi;
  • notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikati va reyestrdan ko‘chirma;
  • ko‘chmas mulk obektlarining kadastr pasporti va boshqalar.

Bundan tashqari, mazkur hujjat loyihasida favqulodda vaziyatlar, shuningdek, maishiy tusdagi ofatlar yuz berganlik holatlari O‘zbekiston hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tasdiqlanishi, agarda bunday holatlar xorijiy davlatlar hududida yuz bergan taqdirda, o‘sha xorijiy davlat vakolatli idorasining yoki Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalaridan olinadigan ma'lumotnoma asosida tasdiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Loyihaning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: (https://regulation.gov.uz/ru/document/19338).

Top