13:56 / 14.09.2019
35
57282

Senat qat'iy qaror qabul qildi: endi oilaviy tadbirlarda boshlovchi, so‘z ustasi, fotosuratchi shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi

«To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bugun O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi va Senati Kengashining qo‘shma majlisida bir ovozdan ma'qullandi. 

Unga ko‘ra, endi to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxs ishtirokida tadbir o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs va to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuzilishi lozim bo‘ladi. 

Shuningdek, oilaviy tadbirlarda ishtirok etuvchi boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar qonun hujjatlariga muvofiq, shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi. 

Oilaviy tadbirlarda diniy mazmundagi ma'ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma'ruza din idorasining vakili tomonidan qilinishi kerak bo‘ladi. 
Qaror bo‘yicha, milliy an'analarimizga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularning, oilaviy tadbirlardan oldingi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarning o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Bunda kelinnavkari, charlar, otako‘rdi, matoyig‘di kabi tadbirlar ko‘zda tutiladi», - deya ushbu bandga izoh berdi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Iqbol Mirzo. 

«To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top