Sport | 17:30 / 06.02.2018
22211
6 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionati bosh sovrini Toshkentda!

FIFA rasmiy homiysi sanalgan Coca Cola kompaniyasi tashabbusi bilan Jahon chempionati bosh sovrini jahon kubogi 6 fevral kuni Toshkentga olib kelindi.

Kubokni FIFAning elchisi, 1998 yilgi jahon chempioni bo‘lgan fransiyalik Kristian Karambyo boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga olib keldi.

Kunning birinchi qismida delegatsiya a'zolari va O‘zbekiston vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirildi. Anjumanda Sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Coca Cola vakili Aleksandra Akkirman, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, FIFA elchisi Kristian Karambyo, va Coca Colaning O‘rta Osiyo hududlari bo‘yicha rahbari Yevgeniya Stoichkova ishtirok etdi.

Matbuot anjumani boshida O‘FA 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov so‘z oldi: «Bugun O‘zbekistonda tarixiy voqea kuzatilmoqda. Jahon kubogi ilk marta O‘zbekistonga olib kelindi. Umid qilamizki O‘zbekiston terma jamoasi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadi. Qachonlardir terma jamoamiz ushbu kubokni yutib uni O‘zbekistonda olib qoladi deb umid qilamiz».

Shundan so‘ng Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov so‘zl oldi: «Jahon kubogini qabul qilish va Jahon chempionini kutib olish O‘zbekiston uchun juda katta sharaf. Bu tadbirga qiziqish katta ekanligini ko‘plab OAV vakillari bu yerda ishtirok etayotganidan ham bilib olishimiz mumkin. Barchangizni mana shunday bayramda ishtirok etayotganingiz bilan tabriklayman va mehmonlarimizga Toshkentga xush kelibsiz deyman».

O‘zbekiston vakillaridan so‘ng FIFA elchisi, jahon va Yevropa chempioni Kristian Karambyo so‘z oldi va o‘z tilaklarini ham bildirdi: «Jahon chempionati kubogini O‘zbekistonga olib kelganimizdan xursandman. Bu voqea futbol muxlislari uchun haqiqiy bayram hisoblanishi aniq. Bizni bu yerda kutib olgan barchaga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Shu o‘rinda O‘zbekiston U-23 terma jamoasini Osiyo chempionatida qozongan g‘alabasi bilan tabriklashni istardim. Aynan shu yutuq O‘zbekistonning kelajakdagi natijalariga katta umid bag‘ishlashi tayin. Umid qilamanki, O‘zbekiston terma jamoasi keyingi Jahon chempionatlarida ishtirok etadi. Bu yo‘lda ularga omad tilayman».

Coca-Cola kompaniyasining O‘rta Osiyo hududi bo‘yicha rahbari sanalgan Yevgeniya Stoichkova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «Ushbu kubok dunyo bo‘ylab sayr qilishda davom etmoqda. U Rossiyada boshlangan va dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘ladi, tur esa aynan Rossiyada tugaydi. Ushbu kubok 6 kg sof oltindan tayyorlangan. Ushbu kubokni faqat davlat rahbarlari yoki Jahon chempioni bo‘lgan futbolchilar ushlay olishadi. Coca Cola kompaniyasi esa oddiy odamlar va muxlislar ham ushbu kubok bilan rasmga tushishi uchun yordam berish istagida mazkur loyihani amalga oshirishga qaror qilgan. Bugun Toshkentda minglab muxlislar ushbu kubokni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu yil Coca Cola O‘zbekistonda faoliyat boshlaganiga 25 yil to‘ladi. Shu ma'noda JCh Kubogi tashrifini sovg‘a qilish imkoniyati ham aslida ramziy ma'noga ega. O‘zbekiston terma jamoasiga omad tilayman, bir kun kelib sizning ham terma jamoangiz Jahon chempionatlarida ishtirok etishiga tilakdoshman». 

Shundan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etayotgan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

- Coca-Cola juda katta kompaniya hisoblanadi. Shu jihatdan ularda tur uyushtirish uchun boshqa istalgan davlatni tanlash imkoniyati mavjud edi. Ammo aynan O‘zbekistonga olib kelindi. Nima uchun aynan O‘zbekiston tanlandi? 
Aleksandra Akkirman: - Birinchi navbatda kubokni ilgari hech qachon olib borilmagan mamlakatlarga olib borishni istadik. Aynan shu sabab ham O‘zbekiston tanlandi. 

- O‘zbekiston U-23 terma jamoasini Osiyo chempionatidagi g‘alaba bilan tabrikladingiz. Sizningcha bu g‘alaba O‘zbekistonga nima keltiradi?
Kristian Karambyo: - Chempionlik albatta O‘zbekiston terma jamoasiga katta foyda keltiradi. Hozirgi yoshlar terma jamoasi kelajakda milliy terma jamoa o‘zagini tashkil qiladi. Shunday ekan O‘zbekiston futboli ishonchli qo‘llarda ekanini aytishim mumkin.

Shundan so‘ng matbuot anjumani yakunlandi va kubokni namoyish etish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Kubokni Kristian Karambyo va Sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonovlar tantanali ravishda namoyish etib berishdi.

Tadbirlar «O‘zbekiston» sport majmuasida davom ettirildi. U yerda kubok bilan barcha muxlislar suratga tushish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Tadbir davomida Kristian Karambyo va ko‘ngilli qatnashchilar ishtirokida master-klass tadbirlari uyushtirildi. Yosh futbolchilar darvozalarga maxsus belgilangan joylarga aniq zarba berish bo‘yicha bellashishdi. Aniq zarba sohiblariga Coca Sola kompaniyasining maxsus sovg‘alari topshirildi.

Shu tariqa qariyb 4 soat davom etgan ikki qismdan iborat tadbir o‘z nihoyasiga yetdi.

Mavzuga oid