22:17 / 11.11.2019
0
40115

Ommaviy namoyishlar yili. Yangi «arab bahori» va Eronning xavotiri

2019 yil - butun jahonda ommaviy namoyishlar yili bo‘lmoqda. Ayniqsa arab dunyosini norozilik namoyishlari to‘lqinlari qamrab oldi. Livandagi xalq noroziligi misli ko‘rilmagan darajada deb baholanmoqda, Iroqda yuzlab namoyishchilar shafqatsizlik bilan o‘ldirilgan bo‘lsada yanada ko‘proq odamlar ko‘chalarga chiqishmoqda, Misrda, Jazoirda va Sudanda ham bir necha oydan buyon namoyishlar tingani yo‘q. Mintaqada nimalar bo‘lmoqda va mintaqaning asosiy davlatlaridan biri, avvalgi namoyishlar bostirilishida muhim rol bajargan Eron bu voqealarga qanday munosabatda?

Iroqda ham, Livanda ham namoyishlarning yaqqol yetakchilari yo‘q, asosan yoshlar, qizlar va talabalar ko‘chalarga chiqmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali birlashib, aksiyalarni tashkillashtirishmoqda va bir-biriga yordam berishmoqda. Ular korrupsiya va ishsizlikdan norozilik bildirib, hukumatdagi lavozimlar xizmatlarga qarab emas, qaysi diniy guruhga mansubligiga qarab taqsimlangan tizimni ayblashmoqda.

«Iroqdan Bayrutga qadar - bitta inqilob, u o‘lmaydi», - degan shiorlar yangramoqda Bayrut ko‘chalarida.

Hamma ko‘chaga chiqmoqda

Livanda bunday birlashish 1990 yildagi urushdan beri kuzatilmagandi

Livanda ko‘p yillardan beri, fuqarolik urushi davridan beri ilk marta namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Qolaversa, bu safargi namoyishlar konfessiya tafovutlarini chetlab o‘tmoqda: shialar, sunniylar, xristianlar, druzlar ko‘chalarga chiqdi - norozilik barchani birlashtirdi. Birinchi marta livanliklar bir millat bo‘lib birlashishdi.

Iroqda esa asosan shialar namoyish uyushtirmoqda. Ammo bu degani mavjud vaziyat boshqalarni qoniqtiryapti, degani emas. Bi-bi-si eksperti, Vashington institutining Yaqin Sharq bo‘yicha tadqiqotchisi Xanin Gaddarning fikricha, sunniylar o‘zlarini o‘tmishda bo‘lgani kabi radikal dindorlar bilan aloqada ayblashlaridan cho‘chishmoqda. 2013 yilda IShID ekstremistlari mintaqada mustahkamlanib olish uchun namoyishchilarning chiqishlaridan foydalanishgandi. Endilikda norozi sunniylar namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashsa-da, ommaviy harakatlarga qo‘shilishmayapti.

Nimalar bo‘lmoqda?

Har bir arab davlati o‘zicha baxtli, ammo ularning baxsizliklari o‘xshash: notenglik, qashshoqlik, yoshlarning turmushidagi behalovatlik (aholining 60 foizi - 30 yoshdan kichik bo‘lganlar), misli ko‘rilmagan korrupsiya, resurslar va boyliklarning adolatsiz taqsimlanishida elitaning ayblanishi.

Mamlakatda kelajagini ko‘ra olmayotganlar arab shaharlarida ko‘chalarga chiqdi.
Suratda - Bag‘doddagi Tahrir maydoni

Azaldan amalda bo‘lib kelgan hukumat va xalq o‘rtasidagi ochiq kelishuv - sodiqlik evaziga barqarorlik va farovonlik - endi yo‘qoldi, hukumatdagilar berilgan va'dalarni bajarmayapti va aholining birinchi navbatdagi ehtiyojlarini ham qondira olmayapti, xalq esa o‘lim xavf solib tursa-da noroziligini namoyish etishdan qaytmayapti.

«Arab bahori» bolalari

Tarixga «arab bahori» nomi bilan kirgan voqealardan sakkiz yildan ortiq vaqt o‘tib «xatolar ustida ishlangan» va yangi norozilik to‘lqiniga tayyorlangan yangi avlod yetishib chiqdi. Ayrim ekspertlar fikricha esa, «arab bahori» aslida tugamagandi.

Karnegi markazining Yaqin Sharq bo‘limi direktori Maxa Yahyo yangi namoyishchilarni «arab bahori bolalari» deb atadi. Arab dunyosidagi aholining 60 foizidan ortiq qismi - 30 yoshdan kichik yoshlar va aynan ular namoyishlarning asosiy tayanchi bo‘lmoqda.

Livanda ham, Iroq ko‘chalarida ham asosan yoshlar ko‘chaga chiqdi.
«Biz darslarni o‘tkazib yuboryapmiz, sizlarga dars o‘tish uchun», - deb yozilgan Bayrutdagi qiz ko‘targan plakatda.

«Biz hozir arab dunyosida guvoh bo‘lib turgan voqealar 2011 yilgi «arab bahori»ning davomidir. Qo‘rquv devorini sindirgan odamlar birlashishdi», deydi Chatham House vakili Lina Hatib.

2011 yilgi namoyishlar ko‘ngilsizliklar bilan yakunlangandi. Ayrim davlatlarda namoyishlar rejimning qon to‘kib almashinishi va qonli urushlarga olib kelgan, boshqa davlatlarda namoyishlar aksilinqiloblarga aylanib, bir diktator o‘rniga boshqasi kelgandi. Faqatgina Tunisda «arab bahori»ning «ilk qaldirg‘ochlari» demokratik saylovlar o‘tkazilishiga erishgandi.

Eski tizimlarning parchalanishi

Ishsizlik, hatto nisbatan demokratik sanalgan Livan va Iroqda ham hukumat almashmasligi, Eronning ichki siyosatga ta'siri - ikki mamlakatdagi namoyishchilar ham status-kvoga (mavjud vaziyat saqlanib qolishi) rozi bo‘lishdan charchagan va o‘zgarishlar istashmoqda.

Odamlar shu vaqtga qadar amal qilib kelgan, 90-yillar oxirida Livandagi fuqarolik urushidan keyin, Iroqda 2003 yili Saddam Husaynning ag‘darilishidan keyin o‘rnatilgan, hokimiyatni taqsimlashning konfessiya tizimini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishmoqda.

O‘shandan buyon, an'analarga ko‘ra Iroqda prezident lavozimini kurdlar vakili, bosh vazir lavozimini shialar vakili, parlament spikeri lavozimini esa sunniylar vakili egallab keladi. Livanda prezident maroniy xristianlaridan, bosh vazir - sunniylardan, parlament spikeri esa - shialardan saylanadi.

Bayrutdagi namoyishlar quvnoq o‘tmoqda: odamlar ko‘chada uylanyapti, didjyey musiqa qo‘ymoqda, barcha baxtiyor

Namoyishchilar hokimiyatning bu taxlit taqsimlanishida dinlararo raqobat va korrupsiya ildizlarini ko‘rishmoqda. Ayrim ekspertlar bu tizimning ijobiy tomonlari ko‘pligini hisobga olib, uni butkul yo‘q qilishdan ko‘ra uni isloh qilishni taklif qilishmoqda.

Hozirda ba'zi namoyishchilar Livandagi saylov tizimini o‘zgartirishni va kvotalarni bekor qilishni talab qilishmoqda, hozirda muayyan etnik konfessiya jamoalari uchun parlament va hukumatda aniq belgilangan o‘rinlar kafolatlangan. Rasmiylar bu g‘oyaga qarshi.

«Eron, bu yerdan ket»

Shuningdek farqlar ham bor - shu vaqtgacha Bayrut va Livanning boshqa shaharlarida namoyishlar tinch o‘tayotgan bo‘lsa, Iroqda avvalboshdan namoyishlar qonga botirildi, ko‘chalarga chiqqan odamlar noma'lum merganlar tomonidan o‘qqa tutildi va yuzdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Namoyishlarning bu qadar keskin bostirilishida eronparast ayirmachilarni, xususan, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘limi generali Qosim Sulaymoniyni ayblashmoqda.

AFP

Livandagi eng katta siyosiy kuch bo‘lmish «Hizbulloh» hozircha namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmayapti va boshqa ta'sir choralari qo‘llamoqda. Shialarning ushbu radikal harakati namoyishchi shialarni qo‘rqitmoqda va hozircha betaraflik saqlayotgan armiyani namoyishchilarni tarqatib yuborishga jalb qilishga urinmoqda.

Livanda namoyishlar boshlangach bosh vazir Saad Haririy iste'foga chiqdi, ammo bu namoyishchilarni qanoatlantirmadi, ular yanada ko‘proq o‘zgarishlar talab qilib yangi namoyishlarni boshlashdi. Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdi ham Haririyning yo‘lidan borishi mumkin edi, ammo so‘nggi lahzalarda u bu fikridan qaytdi. Iroq hukumatidagi manbalar ma'lumotiga ko‘ra, bosh vazirni Iroqdagi ta'sirini yo‘qotishni istamaydigan tashqi kuchlar ahdidan qaytarishgan.

Asosan shialardan iborat bo‘lgan Iroqdagi namoyishchilar oyatulloh Xomanaiy va general Qosim Sulaymoniyning portretlarini yoqishdi, Eron elchixonalarini toshbo‘ron qilishdi va mamlakat eronlashtirilishiga qarshi chiqishdi. «Iroqqa ozodlik», «Korrupsionerlar, yo‘qoling», «Eron, yo‘qol» - Iroqdagi shaharlarni shunday shiorlar titratmoqda.

«Bu zarba Eron bilan aloqador bo‘lgan shia rahbarlari tomonidan berildi. Agar shialarning qo‘llab-quvvatlovidan ayrilsa, Eron Iroqdan ham ayriladi», - deydi «Assoshieyted press»ning Bag‘doddagi tahlilchisi Vatik al-Hoshimiy.

Iroq va Livandagi namoyishlarning farqi - hukumat tomonidan kuch ishlatilgani.
Iroqda 250dan ortiq kishi o‘ldirildi, namoyishchilar bunda Eron bilan bog‘liq kuchlarni ayblashmoqda

Bi-bi-si eksperti Xanin Gaddarning aytishicha, «Tehron harbiy va siyosiy g‘alabalarini Iroq va Livandagi shialarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti uchun kapitalga aylantira olmadi».

Iroqda odamlar avvalboshdan Eronni asosiy dushman deb hisoblashgan bo‘lsa, Livanda barchasi aniq emas. Odamlar Livanni aslida kim boshqarishini yaxshi anglashadi. «Barcha biladiki, haqiqiy boshqaruvchi «Hizbulloh»dir. Kimdir boshqachaligini gapirsa, uni hech kim eshitmaydi, ammo Nasrullo (Hasan Nasrullo - «Hizbulloh» yetakchisi) gapirsa - barcha quloq soladi», - deydi Gaddar Livandagi noroziliklar butun tizimga qarshi qaratilganiga urg‘u berib.

Eron va «Hizbulloh» chekinmaguncha xalq ko‘chalardan ketmaydi

Livanliklar yangi hukumat parlamentdagi birorta siyosiy partiyaga mansub bo‘lmagan texnokratlardan tarkib topishini istamoqda. «Hizbulloh» iste'foga chiqqan Haririy qaytib, sadoqatli shialardan yangi hukumat shakllantirishini istamoqda.

Agar bu choralar ish bermasa, «Hizbulloh» kuch ishlatishi ham mumkin.

AFP

«Namoyishchilar osonlik bilan ortga chekinmaydilar. Tez orada iqtisodiyotda bunday chora-tadbirlar foyda bermayotgani aks etadi va odamlar yanada katta kuch bilan ko‘chalarga chiqishadi», - deb hisoblaydi Gaddar.

Mamlakat iqtisodiyoti halokat yoqasida, Livan - hozirda jahondagi eng ko‘p davlat qarzi bor davlatlardan biridir (86 mlrd dollar - bu esa YaIMning 150 foizidan ko‘proqni tashkil etadi), 10 milliard dollar atrofidagi zaxira esa 4-5 oyga yetadi, xolos.

«Livan «Hizbulloh» uchun juda muhim, ular kurashsiz chekinmaydilar. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik va zo‘ravonlikdan qochishga harakat qilishadi, lekin ular shunchaki taslim bo‘lishmaydi», - deydi Xanin Gaddar.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top