22:38 / 17.09.2020
23605

Dunyodagi vaziyat: Britaniya testlarni tahlil qilishga ulgurmayapti, Yevropada vaziyat keskin yomonlashmoqda

Angliya shimoli-sharqida yangi karantin choralari kiritilmoqda, Livanning eng yirik qamoqxonasida koronavirus tarqalishi avj oldi, o‘n minglab avstraliyaliklar uylariga qayta olishmayapti.

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda 30 millionga yaqin odam koronavirus bilan kasallangan, 941,3 ming kishi vafot etgan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta'kidlashicha, so‘nggi bir hafta ichida Yevropada Covid-19 bilan kasallanish yangi holatlarining umumiy statistikasi 300 mingtani tashkil etdi. Bu Yevropa mamlakatlarida pandemiya boshlangan mart oyining har qaysi haftasidan yuqoriroq ko‘rsatkichdir. Yevropadagi vaziyat o‘ta keskin o‘zgaryapti, deydi JSST. 

Niderlandiyada virus yuqtirish holatlari soni yangi antirekord darajaga yetdi. Yaqinda mamlakat Britaniyaning «qizil» (noqulay) ro‘yxatiga kiritilgandi. U yerdan Britaniyaga keluvchilar 14 kun davomida izolyatsiya qilinishi kerak. 

Ispanlar maktablar va oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari virusdan yetarli darajada himoyalanmagan deb hisoblashmoqda

Ispaniyada talabalar rasmiylardan maktab va universitetlarda yanada ko‘proq xavfsizlik choralari yaratilishini talab qilib, zabastovka uyushtirishdi. Xususan, ular tozalik standartlari oshirilishini va o‘qituvchilarning shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlanishini talab qilishmoqda. So‘nggi 24 soat ichida mamlakatda koronavirusdan 239 kishi vafot etdi - bu iyun oyidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Kasallanish statistikasi ham keskin oshdi, ayniqsa Madridda. 

Fransiyada ham kasaba uyushmalari tashkillashtirayotgan ish tashlash kutilmoqda. Ular hukumat tomonidan iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni yetarli emas deb hisoblaydi.

Rasmiylarning prognozlariga ko‘ra, 2020 yilda jami 800 ming kishi ishsiz qoladi. So‘nggi 24 soat ichida Fransiyada Covid-19’ning deyarli 10 ming nafar yangi bemori ro‘yxatga olingan. 

Germaniyada tugallanayotgan kun ichida qayd etilgan kasallanganlar soni shu yilning aprel oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Britaniyada yangi cheklovlar
Juma kuni Angliya shimoli-sharqidagi bir qator shaharlarda qo‘shimcha karantin choralari kuchga kiradi. Ushbu hududlarning aholisi ular bilan bir uyda yashamaydigan yoki ijtimoiy pufak deb ataluvchi doiradan tashqarida bo‘lgan odamlar bilan muloqot qila olmaydi. Masalan, maktabdagi sinf shunday pufak hisoblanadi, ammo bir maktabning turli sinflari o‘quvchilari bir xil ijtimoiy pufakka mansub emas. 

Foto: Getty Images

Ovqatga faqat stol oldida buyurtma berish mumkin bo‘lgan kafe va restoranlardagi xizmat ko‘rsatishga ham cheklovlar qo‘yilgan. Ko‘ngilochar maskanlar soat 22:00da yopilishi kerak. 

Angliyadagi laboratoriyalar koronavirus sinovlarini tahlil qilishga ulgurmayapti. Sentyabrning birinchi haftasida test natijalarining atigi uchdan bir qismi 24 soat ichida olingan. Ammo, avgust oyining so‘nggi haftasida laboratoriyalar sinovlarning uchdan ikki qismini qayta ishlashga muvaffaq bo‘lishgandi, deydi Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) vakillari.

Avvalroq testlarning kunlik sonini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingandi, ammo tahlil topshirganlarning barchasi natijalarni bir kun ichida olishgan. Biroq, laboratoriyalar hatto cheklangan miqdordagi tahlillarga ham ulgura olmay qoldi. 

Britaniyada koronavirus testidan o‘tishning uchta usuli mavjud va har bir holatda natijalarni kutish vaqti sezilarli darajada oshdi. Sinovdan o‘tish mumkin: 

  • avtomobillar maxsus to‘xtash joylarida, mashinadan chiqmasdan, qayd bo‘yicha (kutish vaqti 20 soatdan 27 soatgacha cho‘zildi)
  • sinov markazlarida qayd bo‘yicha (tahlil o‘rtacha 35 soat davom etadi, har beshtadan bitta test 24 soat ichida amalga oshiriladi)
  • to‘plamni pochta orqali buyurtma qilish orqali (avvalroq 19 soatda, hozirda - 26 soatgacha)

Dunyoda nima gaplar?
Bayrut yaqinida joylashgan Livanning eng yirik qamoqxonasi Covid-19 o‘chog‘iga aylandi. Bu yerda taxminan 200 nafar mahbusga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Hafta boshida mahbuslar zarur tibbiy yordamlar yo‘qligidan shikoyat qilib namoyish o‘tkazishgandi. Qamoqxonada 3 mingdan ortiq mahbus jazo o‘taydi, bu qamoqxona dunyoga sharoitlari juda ayanchli qamoqxonalardan biri sifatida ma'lum. Mamlakatda umumiy kasallanish statistikasi ham jiddiy ravishda o‘smoqda. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan buyon Livanda 26 mingdan ortiq kishi kasallangan. Hukumat mamlakat iqtisodiyoti halokat yoqasiga kelib qolganini tan olmoqda. Avgust oyida portlash hududidagi kuchli portlash Bayrutning qariyb yarmiga vayronkor ta'sir ko‘rsatgandi.

Donald Tramp tomonidan Covid-19’ga qarshi vaksinaga aloqador barcha ma'lumotlarni muvofiqlashtirishga mas'ul shaxs sifatida tayinlangan Maykl Kaputo yakshanba kungi bahsli bayonotlari ortidan mehnat ta'tiliga chiqdi. Kaputo AQSh sog‘liqni saqlash departamentini prezident Trampga qarshi turishni maqsad qilgan "qarshilik otryadi" deb baholagandi. Bundan tashqari, u Tramp tarafdorlarini demokratlar nomzodi Jo Bayden noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Trampning g‘alabasini tan olishdan bosh tortishi mumkinligini hisobga olib qurollanishga chaqirgandi.

AQSh dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari va o‘lim holatlari bo‘yicha yetakchilik qilishda davom etmoqda - 6,6 mln holat va qariyb 197 ming o‘lim. Shu kunlarda Donald Tramp amerikaliklarning koronavirusga qarshi vaksinasi uch-to‘rt haftadan keyin tayyor bo‘lishi haqida gapirgandi. AQShning turli tibbiy departamentlari vakillari bo‘lgan olimlar esa prezident juda shoshilayotganini aytishmoqda.

London aeroportlarida avstraliyaliklar samolyotga chiqish vaqtini kunlab kutishmoqda

Avstraliyaga kirishga qat'iy cheklovlar o‘rnatilgani tufayli 30 mingga yaqin avstraliyalik Londondagi Hitrou aeroportida qolib ketgan. Ayni vaqtda bir haftada faqat 4 ming avstraliyalik uyiga qayta olishi mumkin. Vaziyat og‘irlashgani tufayli Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison bu limitni 6 mingga ko‘tarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Shu kunlarda Avstraliyada pandemiya o‘choqlari sanalgan hududlarda, xususan, Melburn va Viktoriya shtatining boshqa shaharlarida optimistik ko‘rsatkichlar qayd etilayotgani xabar qilindi. Mamlakatda qatorasiga bir necha kun davomida Covid-19 dan zararlanish bilan bog‘liq kunlik holatlar soni 50dan oshmayapti. Avstraliyaning aksar hududlarida hukumat karantin cheklovlarini bekor qilgan, ammo mamlakatga kirishga oid cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top