07:56 / 02.08.2022
17578

Yerosti chuchuk suvlariga quduq burg‘ilash bo‘yicha moratoriy joriy etiladi

Prezidentning “Yerosti chuchuk suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yerosti suvlari sathi pasayib ketayotgan hududlarda 2022 yil 1 avgustdan boshlab yerosti chuchuk suvlariga quduq burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha moratoriy joriy etiladi.

Bunda:

a) suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadida yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan suv tejovchi texnologiyalarsiz yerlarni sug‘orish taqiqlanadi (tasdiqlangan davlat dasturlari doirasidagi burg‘ilash ishlari bundan mustasno);

b) suv sathi 5 metrgacha pasaygan hududlarda yerosti suvlariga quduqlar burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanish suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni inobatga olgan holda:

yerlarni sug‘orish maqsadlari uchun – Suv xo‘jaligi vazirligining;

ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun – hududiy rivojlantirish dasturlari va suvdan oqilona foydalanish shartlari bilan viloyatlar hokimlari xulosalari asosida amalga oshiriladi;

v) ushbu hududlarda ichimlikdan tashqari maqsadlarda suv hisoblash vositalarisiz yerosti suvlaridan olinganda soliq to‘lovi belgilangan soliq stavkasi 5 baravari miqdorida undiriladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi moratoriy e’lon qilingan hududlar to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni o‘z saytida va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa ochiq manbalarda keng yoritilishini ta’minlaydi.

Davlat geologiya qo‘mitasi suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda yerosti suvlari davlat monitoringini kuchaytiradi hamda natijalariga muvofiq har yili 1 fevralga qadar quyidagilar bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi:

  • hududlarda belgilangan yuqoridagi cheklov choralarini davom ettirish, yumshatish yoki bekor qilish;
  • cheklovlar qo‘llanilgan hududlar maydonini o‘zgartirish va yangilarini qo‘shish;
  • qo‘shimcha choralarni qo‘llash hamda mazkur hududlarda yerosti suvlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq boshqa masalalar.

Vazirlar Mahkamasiga Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan kiritilgan asoslantirilgan takliflarga muvofiq moratoriy joriy etilgan hududlar va cheklovlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.

Top