18:49 / 22.05.2019
47246

Kun.uz'ga murojaat qilgan maktab jamoasi siquvga olinmoqda. O‘quvchilar muammosi yanada chuqurlashdi

Kun.uz saytida e'lon qilingan «Partasiz o‘qiyotgan yoshlar». Surxondaryoga «oltinboshlar» kerak emasmi?» sarlavhali maqoladan so‘ng ayrim mutasaddilar maktab ma'muriyatini siquvga olishni boshlagan. Jurnalist bilan suhbatlashgan shaxs (ism-sharifi tahririyatga ma'lum, ammo bosimga uchrayotgani tufayli oshkor etilmaydi) maktab muammolari yoritilgani tufayli o‘quvchilar va o‘qituvchilar yanada qiynalayotganini bildirdi.

«Yetishmayotgan parta va stullar, kichik xonalarda ta'lim olayotgan bolalar tasviri ko‘rsatilgandan so‘ng, mutasaddilar maktabga kelishdi. Ammo maktabda ta'limni ikki navbatda tashkil etish haqida qaror chiqarildi. Bolalarning uzoq chaqirimdan kelishi, tog‘oldi hududning yo‘li va qiyaliklar ham inobatga olinmadi. Masalan, ertalabki darsga yetib kelishi uchun o‘quvchi soat 5da uyg‘onishi va 5-6 km piyoda yurishi kerak. Uyga qaytib, shu charchagancha uy vazifalarini bajarishi, har kuni shu taxlit yurishi ham inobatga olinmadi», — deydi suhbatdosh.

Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanidagi To‘xtamish mahallasidagi o‘quvchilari Vaxshivorsoy sel xavfi tufayli o‘qib kelayotgan maktabidan ko‘chirilgandi. 1978 yili 140 o‘rinli bog‘cha sifatida qurilgan binodan keyinchalik maktab sifatida foydalanishgan. Avvalgi maqolada yangi maktab —  Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb hunar kolleji binosiga ko‘chib o‘tgan o‘quvchilar esa parta, stullar yetishmagan sharoitda ta'lim olishga majbur bo‘layotgani haqida batafsil yozilgandi.

Oltinsoy tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri O‘tkir Qurbonovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mas'ullar tomonidan anglashilmovchilik bartaraf etilib, ayni vaqtda 42-maktab o‘quvchilari Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb hunar kolleji binosining 15ta sinfxonada 2 navbatda to‘liq o‘qishni davom ettirishmoqda. 

Avval ham ayni shu masalada savollar ochiq qolgandi: nega kollejning bo‘shab turgan binolarini o‘quv mavsumini deyarli yakunlab qo‘ygan maktab o‘quvchilariga bermay, ularni kichik xonalarda ta'lim olishga majbur qilishmoqda? Tog‘oldi hududida voyaga yetmagan o‘quvchilarning uzoq chaqirim masofani bosib o‘tib, maktabga kelishidan biror naf bo‘ladimi? Mutasaddilar «o‘quv yili o‘tib olsin, bir chorasini ko‘ramiz» qabilida ish ko‘ryaptimi?

Masala yuzasidan tekshiruv o‘tkazish, munosabat bildirish ham shart emas. Negaki, bolalar shunday sharoitda o‘quv mavsumini tamomlab bo‘ldi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top