Jahon | 20:27 / 26.04.2022
25094
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik vazir Ukraina Rossiyadagi nishonlarga hujum qilishga haqli ekanini aytdi

Vazirning fikricha, shu yo‘l bilan rus armiyasi ta’minotidagi zanjir uzilib, Ukraina zaminida qon to‘kilishi va qurbonlarning oldini olish mumkin bo‘ladi.

Foto: Michael Mayhew/Allstar

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari, mamlakat qurolli kuchlari vaziri Jyeyms Hippi «Ukraina zaminida o‘lim va qon to‘kilishiga bevosita hissa qo‘shadigan ta’minot zanjirlarini uzish» maqsadida Ukrainaning Rossiya hududidagi obektlarga zarba berishini «mutlaqo qonuniy» deb atadi.

The Guardian nashrining yozishicha, vazir buning uchun Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilgan qurollardan foydalanilishi muammo bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

«Bizning (Britaniya) qurollar ukrainaliklar tomonidan Rossiyaning qonuniy harbiy nishonlariga qarshi qo‘llanishini qabul qilish mumkinmi, degan savol tashlanmoqda? <…> Mo‘ljalni ukrainlar oladi, qurol ishlab chiqaruvchi yoki eksportyor emas», — deya uning so‘zlarini keltiradi BBC.

Hippi Rossiya ham ta’minot zanjirlarini yo‘q qilish uchun Ukraina g‘arbidagi nishonlarga zarba berishi qonuniy ekanini qayd etgan. «Bu urushning bir qismi hisoblanadi», — degan u.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlari, jumladan Belgorod va Bryansk oblastlari rasmiylari Ukraina tomonidan muntazam ravishda zarba berilayotgani haqida xabar berib kelmoqda. Ukraina esa bu ayblovlarga izoh bermayapti

Mavzuga oid