Jahon | 20:11 / 21.05.2024
30349
13 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagilar Zelenskiy 20 maydan legitimligini yo‘qotdi deb hisoblamoqda. Bu haqda ukrainlarning o‘zi qanday fikrda?

2019 yilda Volodimir Zelenskiy besh yillik muddatga saylangandi. Agar u ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasa yoki yutqazsa, uning vakolatlari 2024 yilda yakunlanib, yangi davlat rahbari qasamyod qilishi ko‘zda tutilgandi. 20 may kuni Zelenskiy hokimiyatga kelganiga roppa-rosa besh yil to‘ldi.

Ukraina prezidenti ma’muriyati / Planet Pix / ZUMA Press Wire / Scanpix

O‘zi gap nimada?

RF hukumati va uning ortidan rossiyalik propagandachilar ham bir necha oydan buyon bitta tezisni takrorlab kelishmoqda — 2024 yil 20 mayidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy go‘yoki rasman legitimlikdan mahrum bo‘ladi.

Masalan, 2024 yil 28 aprel kuni bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday degandi: «Zelenskiyning taqdiri hal bo‘lgan va tez orada ko‘pchilik, jumladan Ukrainadagilar ham uning legitimligini shubha ostiga oladigan payt keladi… Nima bo‘lganda ham, hatto yuridik nuqtayi nazardan ham shunday bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Va u qandaydir tarzda o‘zini oqlashga majbur bo‘ladi».

Bu haqda 2 may kuni Putinning yaqin kishisi va Ukrainada taqiqlangan rossiyaparast «Muxolifat platformasi — hayot uchun» partiyasi rahbari Viktor Medvedchuk ham gapirdi. Ukrainada Medvedchuk davlatga xiyonatda ayblangan, keng ko‘lamli urushning ilk kunlarida u uy qamog‘idan qochib ketgandi. 2022 yil aprelida uni ushlashdi, keyinroq esa asirlikdagi ukrain harbiylariga almashtirishdi.

Putinning o‘zi vaziyat yuzasidan ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirib, «bu masalada birinchi navbatda Ukrainaning siyosiy va huquqiy tizimi javob berishi lozimligi»ni ta’kidlagan. Bu vaqtda esa rossiyalik propagandachilar o‘z auditoriyasini shunga ishontirmoqda: 21 maydan «Zelenskiyning legitimligi to‘liq yakunlanadi» — va bu ham go‘yoki ukrainlarning o‘z mamlakati uchun kurashish istagiga ta’sir qilishi mumkin.

Ular nega Zelenskiy legitimlikni yo‘qotdi degan qarorga kelishdi?

Yuridik kolliziya (ziddiyat) tufayli. Rasmiy ravishda Zelenskiyning prezidentlik muddati haqiqatan ham tugadi. Uning inauguratsiya 2019 yil 20 mayida bo‘lib o‘tgandi, Konstitutsiyaga ko‘ra prezident vakolati besh yil bilan cheklanadi. Shu bilan bir vaqtda, Ukraina konstitutsiyasining 108-moddasida prezident davlatning yangi rahbari saylanguniga qadar o‘z majburiyatlarini bajarishi shartligi ko‘rsatilgan. Keng ko‘lamli urushga qadar navbatdagi saylovlar 2024 yil 31 martida o‘tkazilishi belgilangandi, — ammo hozirga kelib saylov harbiy holat tufayli (uning amal qilish muddati kamida 2024 yil 11 avgustiga qadar) qoldirilgan.

Zelenskiyning o‘zi 2023 yilning ikkinchi yarmida ham saylovlar baribir o‘tkazilishi va yana o‘z nomzodini qo‘yishi haqida aytgandi. Shu bilan birga, u urush sharoitida saylov uchastkalaridagi xavfsizlikni ta’minlash juda qiyinligini ta’kidlagandi. Ukraina TIV rahbari Dmitro Kulebaning izohlashicha, Zelenskiy frontdagi doimo vaziyat va boshqa sharoitlardan kelib chiqqan holda saylovni o‘tkazishning ijobiy yoki salbiy tomonlarini taroziga solgan.

Natijada, 2023 yil 6 noyabr kuni prezident «hozir saylov vaqti emasligi»ni aytadi. «Biz hozir Rossiya Ukrainadan kutayotgan soxtagarchilik emas, mudofaalanish vaqti, davlat va odamlar taqdiri bog‘liq bo‘lgan jang vaqti, — degan u. — Va agar u yoki bu siyosiy tortishuvlarga chek qo‘yib, hamjihatlikda ishlashni davom ettirish kerak bo‘lsa, davlatda bunga chek qo‘yishga va jamoatchilik uchun barcha zarur javoblarni berishga qodir tuzilmalar mavjud. Ukrainaga qarshi mojarolar va begona o‘yinlarga joy qoldirmaslik uchun».

Bu Zelenskiy va Ukraina qurolli kuchlarining o‘sha vaqtdagi bosh qo‘mondoni, urush davrida mamlakatdagi ikkinchi mashhur shaxsga aylangan general Valeriy Zalujniy o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani to‘g‘risidagi xabarlar fonida sodir bo‘lgandi. Ayrim ukrain ekspertlari agar Zalujniy siyosiy karera boshlashga qaror qilsa, Zelenskiyga jiddiy raqobat tug‘dira olishini istisno qilishmagandi. Bunday muhokamalar ortidan 2024 yil 8 fevralida Valeriy Zalujniy iste’foga chiqdi. 9 may kuni prezident uni Buyuk Britaniyadagi elchi etib tayinladi.

Ukraina tarixida oldin ham prezident belgilanganidan ko‘proq muddat ishlagan holatlar bo‘lgan

Masalan, Ukrainaning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchmaning ikkinchi muddati besh yildan ortiqroq davom etgan.

Gap shundaki, 2004 yilgi prezidentlik saylovlarida Rossiya tomonidan qo‘llanadigan Regionlar partiyasi rahbari Viktor Yanukovich hamda so‘nggi parlament saylovlarida g‘olib chiqqan «Nasha Ukraina» bloki yetakchisi Viktor Yushchenko o‘zaro kurashgandi. Prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi natijalari e’lon qilingach, unda Yanukovich kichik ustunlikka erishgani ma’lum bo‘lgandi, xorijlik kuzatuvchilar hamda saylovchilar ko‘p sonli soxtalashtirish holatlari haqida xabar berishadi. Yushchenkoning tarafdorlari ko‘chalarga chiqib, saylov natijalari bekor qilinishiga erishadi — bu namoyishlar «zarg‘aldoq inqilob» nomini olgandi.

Natijada Ukrainada saylovlarning uchinchi turi o‘tkazilib, unda Yushchenko g‘alaba qozonadi — u saylovchilarning 51,99 foizining ovoziga ega bo‘lgandi. Natijada Yushchenkoning 2005 yil 23 yanvaridagi inauguratsiyasigacha davlat rahbari lavozimini aynan Leonid Kuchma egallab turgandi.

Zelenskiyning legitimligi to‘g‘risida ukrainlarning o‘zi qanday fikrda?

«Urush davom etmoqda, saylov o‘tkazish imkoni yo‘q. Ukraina aholisining katta qismi buni juda yaxshi tushunadi. Ukraina prezidenti legitimligi bo‘yicha umuman savol tug‘ilmaydi», — deydi «Meduza» bilan suhbatda Ukraina Milliy fanlar akademiyasi Sotsiologiya instituti direktori Yevgeniy Golovaxa. U hozirda ukrainlar «rossiyaliklarning ukrain hukumati legitim emasligi bo‘yicha axboriy kampaniyasidan ko‘ra dolzarbroq bo‘lgan muammolar»ni hal qilmoqda.

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KMIS) rahbari Volodimir Paniotto ham uning fikriga qo‘shiladi. U 2023 yil kuzida, bu mavza Aleksey Arestovich tomonidan ko‘tarilganidan keyin ukrain jamoatchiligida chindan ham saylovlar o‘tkazish ehtimoli muhokama etilganini eslagan.

Siyosatchi o‘shanda prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchiligini aytib, saylovni onlayn shaklda, «Diya» ilovasi orqali o‘tkazish ham mumkinligini qo‘shimcha qilgandi. Zelenskiyning ofisi rahbarining sobiq yordamchisi o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 90 foizi ushbu ilovada ro‘yxatdan o‘tganini aytgandi. Paniotto esa «Meduza» bilan suhbatda bu baho haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etgan: sotsiologlarning ma’lumotiga ko‘ra, «Diya»dan ukrainlarning faqat 56 foizi foydalanadi. «Mening fikrimcha, bu [saylovlar o‘tkazish] mutlaqo utopiya. Frontda bo‘lganlar ham, [mamlakatdan] ketganlar ham bu tarzda ovoz bera olmaydi», — deydi sotsiolog.

2023 yil oktyabrida KMIS ukrainlarning keyingi saylovlar qachon o‘tkazilishi kerakligi bo‘yicha fikrlarini o‘rganish uchun, ilk so‘rovnomani o‘tkazgandi — va o‘shanda respondentlarning 81 foizi saylov faqat saylovdan bo‘lishi kerak deb hisoblagandi. Keyinroq institut xodimlari nisbatan savollarni nisbatan batafsilroq qilib qo‘ygandi — ammo har safar «aholi urush davrida saylovlar o‘tkazilishiga qarshiligini aniq ifodalagan», deya davom etadi Paniotto.

Ukrainaning boshqa bir yirik sotsiologik tashkiloti — «Tsentr Razumkova» ham ukrainlar orasida shu mavzuda so‘rov o‘tkazgan. 2024 yilning 21 martidan 27 martiga qadar o‘tkazilgan so‘rov ko‘rsatishicha, respondentlarning 59,5 foizi saylovlar urush tugashidan oldin o‘tkazilishiga salbiy munosabatda bo‘lgan; faqat 22 foizi — ijobiy. Sotsiolog Paniotto shunday deydi: «Hozirda [so‘nggi haftalarda] biz bu mavzu bo‘yicha so‘rov o‘tkazmay ham qo‘ydik — bu borada muammo ko‘rinmayapti».

Ukrainaning g‘arblik hamkorlari ham xuddi shunday nuqtayi nazarga ega. Masalan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken may oyi boshida Kiyevga tashrifi chog‘ida shunday degandi: Ukrainada saylovlar «ukrainlar sharoitlar imkon beradi deb hisoblaganida» o‘tkaziladi.

Ukrain siyosatchilari-chi? Masalan, muxolifatda bo‘lganlar?

Ukraina parlamentida prezidentning legitimligiga jiddiy qarshi chiqmoqchi bo‘lgan nufuzli deputatlar guruhlari yo‘q, deydi «Meduza»ning Oliy radadagi suhbatdoshi. U deputatlar bu mavzuni bir necha bor ko‘tarishganini qayd etgan — masalan, sobiq spiker Dmitro Razumkov Konstitutsiyaviy sud bu masalani ko‘rib chiqishini taklif etganida.

«Meduza» manbasi hisoblashicha, Zelenskiyning «nolegitimligi» bo‘yicha barcha muhokamalar — Rossiya rasmiylarining Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga bo‘lgan urinishidir. «Rossiya [Ukrainaning ichki siyosati] darajasida nimadir qila olishini aytish qiyin. Odamlar bu masalada namoyishlarga chiqishmaydi. Ular [rossiyaliklar] tiktok, telegram-kanallar darajasida shovqin ko‘tarishi mumkin», — deya davom etgan u.

Zelenskiyning ofisiga yaqin bo‘lgan suhbatdosh amaldorlar 21 mayga qandaydir tayyorgarlik ko‘rganmi, deb berilgan savolga noaniq javob qaytargan: «Hamisha bitta tayyorgarlik bo‘ladi — o‘z ishingni bajarish. Jumladan, hamisha o‘zini noxolis tutuvchi propaganda va muxolifatga qarshi kurashish». Manbaning qo‘shimcha qilishicha, undagi ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar ham aholi orasida Zelenskiyning 20 maydan keyingi legitimligi borasida  «qandaydir [yopiq] so‘rovlar» o‘tkazgan, — ammo u bu so‘rovlar natijalarini oshkor etishdan bosh tortgan.

«Odamlar doim ham biz ulardan nimani so‘raganimizni tushunavermaydi — nima uchun 21 mayligini. Hech kim ovqat o‘rniga konstitutsiya o‘qimaydi», — deya qayd etadi u. Va hech kim prezidentlik saylovlarini yaqin vaqtlar ichida o‘tkazishni «rejalashtirmagani aniqligi»ni aytadi: «Hozirda bizda og‘ir damlar. Bunday vaziyatda odamlar siyosat haqida kamroq o‘ylashadi. Xarkivlikdan hozir saylov haqida so‘rab ko‘ring — so‘kib beradi».

Radadagi yirik muxolif partiya vakili bo‘lgan deputat ham bunday bahoga qo‘shiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra parlamentda hech kim saylovlar masalasini ko‘tarmayapti, chunki «har qanday siyosatchining har qanday izohi provokatsiya sifatida qabul qilinadi» va «parlamentdagi kuchlardan hech biri bu haqda gapirmaydi, chunki hech kim aqldan ozgan bo‘lib ko‘rinishni istamaydi»:

Men prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini birinchi navbatda istaydigan odamman, chunki Zelenskiyga muxolifatdaman, ammo hozirda bu imkonsiz. Axir askarlar qanday qilib ovoz berishi mumkin? [Ukrainalik] qochqinlar qanday qilib ovoz beradi? Raketalar va bombalar uchib kelayotganida ovozlarni hisoblash jarayoni xavfsizligini kim kafolatlay oladi?

Buning imkoni yo‘q. Va ukrain qonunchiligida ham bu haqda aytilgan — prezident va parlament o‘z vakolatlarini keyingi saylovlargacha amalga oshiradi.

Sotsiolog Vladimir Paniotto ukrain muxolifati «Zelenskiyning nelegitimligi» haqidagi tezisni hech qanaqasiga qo‘llay olmasligini tasdiqlaydi. Uning fikricha, bunday vaziyat barcha so‘rovlarga ko‘ra, amaldagi prezidentga raqobat ko‘rsata oladigan shaxs — muxolifatchilardan birortasi (jumladan sobiq prezident Petro Poroshenko) emas, balki aynan Zalujniy ekani bilan ham izohlanadi. «Qolganlarning barchasi Zelenskiydan ancha ortda», — deya qo‘shimcha qiladi sotsiolog.

Paniottoning fikricha, agar Ukrainada hozirning o‘zida prezidentlik saylovlari o‘tkazilganida — va Zalujniy unda ishtirok etishga qaror qilganida, u Zelenskiyni yengishi mumkin bo‘lardi: «Ammo u umuman qachondir saylovda nomzod bo‘lish-bo‘lmasligi tushunarsiz».

Mavzuga oid