19:44 / 26.04.2018
7314

Facebook qay holatda postlarni o‘chiradi: ijtimoiy tarmoq ilk marta qoidalarni oshkor etdi

Facebook o‘z foydalanuvchilariga ilk marta ijtimoiy tarmoqda e'lon qilingan matnlar, fotosuratlar va rasmlar yoki videoyozuvlar hamjamiyat normalarini buzishi va o‘chirilishi hamda qaysi xatti-harakatlar foydalanuvchilarni bloklanishiga sabab bo‘lishi haqidagi ichki qoidalarni oshkor etdi, deb yozadi  RBK.

Ichki standartlarni barchaga oshkor etish qarorini ijtimoiy tarmoq rahbariyati uni yanada yaxshiroq qilish istagi bilan tushuntirishdi. Apellyatsiya berish imkoniyati esa yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni to‘g‘rilashda yordam berishi kerak. Bu haqda Facebook global siyosat bo‘linmasi rahbari Monika Bikert aytib o‘tgan.

Foto: RIA "Novosti"

Uning so‘zlariga ko‘ra, Facebook jamoasi so‘z erkinligini ta'minlash masalalariga turlicha yondashuvni yaxshiroq anglash, shu bilan birga vaqti-vaqti bilan Facebook standartlariga o‘zgartirish kiritilishiga sabab bo‘luvchi xavfsizlikni ta'minlash uchun doimo turli mustaqil ekspertlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Bikert xonimning ta'kidlashicha, bu holda ijtimoiy tarmoqning bosh prinsiplariga aslo o‘zgartirish kiritilmaydi.

«Suhbatni boshlar ekan, odamlar ularga hech narsa tahdid solmasligini bilishlari kerak. Garchi kimlargadir yoqmasa ham Facebook insonlar erkin fikr bildiradigan joy bo‘lishi kerak. Servisimizning global xarakteridan kelib chiqib, albatta bu juda murakkab bo‘ladi, mana nima uchun xolislik kerak: biz izchillik va adolat bilan standartlarimizni jamiki jamoatlar va madaniyatlar uchun qo‘llashga harakat qilib qilmoqdamiz», — deya tushuntirgan Bikert.

Bir vaqtning o‘zida, u tarmoqda e'lon qilingan xabarnomalarni shikoyatlarga ajratuvchi Facebook ekspertlari (ayni paytda kompaniyada 7500 dan ortiq bunday tahlilchilar ishlamoqda, bir yil ichida ularning soni 40 foizga oshdi) vaqti-vaqti bilan xatolarga yo‘l qo‘yishayotganini ham inkor etmadi. «Xatoga yo‘l qo‘yish insonlarga xos», — dedi Bikert.

Shu munosabat bilan, uning so‘zlariga qaraganda, kelgusi yil mobaynida Facebook postlarni o‘chirishga apellyatsiya berish tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Birinchi qadam sifatida yalang‘och tana yoki shahvoniy faollik tasvirlangan fotosuratlar, nafrat va nifoq urug‘i sochish, tajovuzkor matnlar va zo‘ravonlik sahnalari tasviri bilan bog‘liq postlarning o‘chirilishi ustidan shikoyat qilish imkoniyatining paydo bo‘lishi tilga olinmoqda.

«Bu quyidagicha ishlaydi:agar sizning fotongiz, videongiz yoki yozuvingiz hamjamiyat standartlari buzilganligi sababli o‘chirilgan bo‘lsa, siz bu haqda ogohlantirilasiz va qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish haqida so‘rov yuborish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Shundan so‘ng jamoamiz tomonidan qoida tariqasida 24 soat ichida ish qayta ko‘rib chiqiladi. Agar biz xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, sizning yozuvlaringiz, foto yoki videongiz tiklanadi», — deya tushuntirdi Bikert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ​Facebook apellyatsiya berish tizimini kengaytirishga qo‘l urayotganining sababi — boshqa turdagi qoidabuzarliklar uchun berilgan jazolar ustidan shikoyat qilish, shuningdek, foydalanuvchilarga Facebook ekspertlariga to‘g‘ri qarorga kelishga yordamlashadigan qo‘shimcha ma'lumotlarni berish imkoniyati yaratilishi kerak.

«Bizningcha, bu jarayonda insonlarga ovoz berish huquqi adolatli tizim qurilishining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi», — deya ta'kidlagan Bikert.

 

Facebook’da nimalar haqda yozish mumkin emas?

Ijtimoiy tarmoq tomonidan e'lon qilingan hujjatga ko‘ra «rostakam» tahdidlar, ya'ni «qandaydir inson, insonlar guruhi yoki joylarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish niyati haqidagi rostakam ta'kidlar», shuningdek muayyan shaxslar yoki shaxslar guruhiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, qurol tayyorlash yoki ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomalar (agar maqsad insonlarni o‘ldirish yoki ularga jabr yetkazish bo‘lsa), alohida tahdid ostidagi insonlarning shaxsiyatini oshkor etish va shu kabi kontentlar o‘chiriladi. Alohida ta'kidlanmoqdaki, «saylovlar natijasiga ko‘ra zo‘ravonlikni niyat qilish, zo‘ravonlikka undash yoki uni qo‘llab-quvvatlash ta'kidlangan har qanday kontent» o‘chirilishi belgilangan.

Hujjatda ta'kidlanishicha, insonlar ko‘pincha o‘z noroziligini tahdidlar yoki zo‘ravonlikka chaqirish vositasida hazil yoki jiddiy niyat qilmagan shaklda izhor etishini Facebook’dagilar tushunadi, shu sababli tahlilchilar har bir muayayn holatda tasodifiy bayonotlarni «jamoat xavfsizligi yoki alohida insonlarning xavfsizligiga real tahdid solishdan iborat bo‘lgan» kontentdan formulirovka, kontekst va boshqa omillarni hisobga olib ajratishni e'tiborga olishadi.

Foto: RIA "Novosti"

Qoidalarning boshqa punkti Facebook’da terrorchilik tashkilotlari va terrorchilar, seriyali va ommaviy qotillar, shuningdek jinoiy tashkilotlar va ularning xatti-harakatlarini ulug‘lagan har qanday kontent (matn, foto, tasvir va h.k.)​ni e'lon qilishni taqiqlaydi.

Foydalanuvchining o‘zi (yoki uning sheriklari) tomonidan turli jinoyatlar (avvalo, zo‘ravonlik ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan) ni sodir etganlikda iqror bo‘lish ham taqiq ostida. Facebook’dagilarning fikricha, bunday e'lonlar ularga taassub qiluvchilar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aftidan, aynan shu sabab bilan o‘z joniga qasd qilish va o‘ziga o‘zi shikast yetkazish haqida har qanday material (jumladan, yo‘riqnomalar) ham taqiqlanadi.

Facebook’da shuningdek real insonlar, hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik tasvirlarini e'lon muallifining boshqalarning azobidan huzurlanishni tasvirlab beruvchi va zo‘ravonlikni ijobiy xarakterlovchi izohlari va sharhlari bilan e'lon qilish taqiqlangan. Agar videoda bo‘laklangan tana a'zolari (tibbiy maqsadlar istisno etilganda), oshkora ko‘rinib turgan ichki a'zolar, yonib ketgan yoki yonayotgan insonlar va kannibalizm qurbonlari tasvirlangan bo‘lsa o‘layotgan, jarohatlangan yoki o‘lgan insonlarga oid videoyozuvlarga nisbatan qat'iy taqiq joriy etilgan.

Yalang‘ochlik ham taqiq ostida

Fotosuratlar va boshqa tasvirlarda bolaning yalang‘och badanini joylashtirish qat'iy taqiqlangan. «Biz bilamizki, odamlar ba'zan o‘z farzandlarining yalang‘och suratlarini yaxshi niyatlarda joylashadi, lekin umumiy holatda biz biz bunday suratlardan yomon maqsadlarda foydalanishning oldini olish, bu suratlarni boshqa insonlar o‘zlashtirib olishiga monelik qilish uchun ularni o‘chiramiz», — deyiladi hujjatda.

Hujjatga muvofiq Facebook’da joylashtirilgan bola surati o‘chiriladi, agar 3-4 yoshli qizaloqlarning ko‘kragi ko‘rinib turgan bo‘lsa, qo‘ymichi va sonlari yirik planda tushirilgan bo‘lsa, shuningdek jinsiy a'zolari ko‘rinib turgan bo‘lsa (hattoki ular yopilgan yoki shaffof kiyim bilan maskirovka qilingan bo‘lsa ham). Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar bilan shahvoniy xarakterdagi qandaydir xatti-harakatlar ishtirok etgan yoki «voyaga yetmaganlar shahvoniy kontekstda» bo‘lgan har qanday kontent (jumladan matnlar ham) ni e'lon qilish taqiqlanadi.

Foto: Reuters

Kattalar haqida so‘z borar ekan, Facebook «ularda ishtirok etgan insonlarning roziligisiz e'lon qilingan intim tasvirlar»ni, jinsiy aloqaning yaqqol tasviri, yopilmagan jinsiy a'zolar va ayollarning yalang‘och siynasi (ko‘krak suti bilan emizish, ayrim tibbiy masalalar va norozilik aktlari istisno etilganda) tasvirlarini, shuningdek «rozilik bermagan shaxslarga yoki tijoriy shahvoniy xizmatlar vakillariga nisbatan shahvoniy xarakterdagi xatti-harakatlarni tasvirlovchi, himoya qiluvchi va tartibga soluvchi» har qanday kontentni o‘chiradi.

«Yalang‘och tana va shahvoniy xarakterdagi xatti-harakatlarga nisbatan cheklovlar raqamli usul bilan yaratilgan kontentga ham joriy etiladi, ular ta'lim, yumoristik yoki satira maqsadlarida e'lon qilinsa bundan mustasno», —deyiladi Facebook standartlarida.

 

Ta'qib qilishga — yo‘q!

Ijtimoiy tarmoq tahqirlash va ta'qib qilishning har qanday shakllariga — joiz bo‘lmagan tasvirlar (shu jumladan, shahvoniy xarakterdagi) dan tortib inson qadr-qiymatini pasaytirish va tahdid qilishga qarshi kurashishga alohida e'tibor qaratadi. Tahqirlash deganda, Facebook xususan «mazkur madaniyatda intellektual va jismoniy jihatdan past toifali jonzot hisoblanuvchi» hayvonlarga mengzash, tashqi ko‘rinishni tahqiromuz tasvirlash, fotoredaktorda «ayrim jismoniy jihatlarni» (kamsitish maqsadida) bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida o‘zgartirilgan fotosuratlarni e'lon qilish va h.k. tushuniladi.

«​Biz muayayn shaxslarni kamsitish va sharmanda qilish maqsadida joylashtirilgan kontentni o‘chiramiz. Biz ta'qib qilish,ayniqsa, o‘smirlar uchun katta xavf tug‘dirishidan xabardormiz, shu sababli bizning siyosatimiz voyaga yetmaganlarni onlayn-kamsitilishga moyilroq va zaif toifa sifatida ularni himoyalashning kuchaytirilgan choralarini taqozo etadi», — deyiladi hujjatda.

Voyaga yetmaganlar haqida gap borar ekan, Facebook ularga yo‘naltirilgan har qanday kontentni agar ularning tarkibida xususan, «tashqi ko‘rinish haqida salbiy mulohazalar», o‘lim, jiddiy kasallik yoki shikast tilash, jinoyat yoki huquqbuzarlikka oid xatti-harakatda ayblash, seksual oriyentatsiyasi haqida ta'kidlash yoki shunchaki oddiy so‘kishuvlar bo‘lsa o‘chirishni va'da qilmoqda.

Bundan tashqari, formal jihatdan hech qanday qoidani buzmayotgan bo‘lsa ham voyaga yetmagan bolaning fotosurati agar uning o‘zi (13 yoshga to‘lgan bo‘lsa) yoki ota-onasi hamda vasiysi (bola 13 yoshga to‘lmagan bo‘lsa) shikoyat qilsa olib tashlanishi mumkin.

Bu holatda hujjatda Facebook’ning ta'qib qilish borasidagi siyosati mashhurlar va yangiliklar va katta auditoriya oldida chiqib turgan boshqa insonlarga nisbatan joriy etilmasligi ta'kidlanadi, chunki ijtimoiy tarmoq bunday insonlarni tanqidiy muhokama qilishni nazarda tutuvchi «jamoat munozarasi» imkoniyati saqlanib qolishini istaydi.

«Lekin mashhur shaxslarni muhokama etish hamjamiyatimiz me'yorlariga mos kelishi lozim, shu sababli bunday kontentlar bizning boshqa qoidalarimiz, xususan diskriminatsion fikrlar va haqiqatnamo tahdidlarga yo‘g‘rilgan bo‘lsa, unday kontentlarni ham o‘chiramiz», — deya ta'kidlashmoqda qoidani ishlab chiqqanlar.

U yoki bu insonni ta'qib qilish haqida gap borganda Facebook mashhurlar uchun istisno qilmaydi.Facebook foydalanuvchisiga uning kim bo‘lishi — shou-biznes yulduzi, siyosatchi yoki oddiy fuqaro bo‘lishidan qat'i nazar, uning istaklariga ters o‘laroq shilqimlik qilishni ijtimoiy tarmoq taqiqlaydi. Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoq «odamning bunday aloqalarni bas qilishga yaqqol istagi bo‘lgan holda unga bir necha marta bog‘lanish»ni, shuningdek, munozara qatnashchilaridan birining manziliga qo‘rqitish, jim turishga majburlash va h.k. maqsadda tahdid uyushtirishni taqiqlaydi.

Foto: AP

Irqiy, gender, etnik, diniy prinsiplar (shuningdek, insonda u yoki bu kasallik mavjudligi yoki seksual oriyentatsiya yuzasidan) adovatli fikrlar va boshqa «nafratga yo‘g‘rilgan og‘zaki va yozma fikrlar»ni Facebook alohida taqiqlaydi va bunday fikrlar sirasiga insonlarni ikkinchi navga, hayvonlarga, balchiqqa, bakteriyaga, kasallik va najosatga mengzash, shuningdek, jismoniy («yuzsiz», «badbashara» va h.k.), aqliy («noraso», «nodon», «anqov», «befahm», «tentak» va h.k.) yoki ahloqiy («fohisha», «firibgar» va h.k.) zaifligini ko‘rsatish, yoki jirkanish va hazar qilishni bildiruvchi fikrlar kirishini ta'kidlaydi.

Shaxsiy ma'lumot himoya ostida!

Hujjatda Facebook’ning fundamental qadriyatlari sifatida maxfiylik va shaxsiy ma'lumotlarni himoyalash ko‘rsatib o‘tilgan. Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoq, xususan, boshqa insonlarning shaxsiy ma'lumotlari (jumladan, avtomobillarining davlat qayd etish belgilari, davlat namunasidagi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari, turli raqamli identifikatorlar, parollar va h.k.lar) ni e'lon qilishni, shuningdek bank hisob raqami va bank kartasi haqidagi ma'lumotlar, shaxsiy telefon raqamlari va elektron pochtasi, chatlar hamda xabarnomalar almashish tizimlaridagi identifikatorlari va tasdiqlangan ma'lumotlar yoki e'lon muallifining so‘zlariga ko‘ra, buzib kirilgan manbadan olingan har qanday kontentni oshkor etishni taqiqlaydi. So‘nggi taqiq ham oddiy fuqarolarni, ham mashhurlarni himoya qiladi, biroq hujjatda «yoritilishga loyiq deb topilgan cheklangan holatlar»da istisno qilinishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Shuningdek, tijoriy spam tarqatish, o‘zini qaysidir kompaniya, tashkilot, mashhur inson yoki shaxs deb tanitish maqsadida soxta akkauntlar yaratish (shuningdek, boshqa insonlarga tegishli akkauntlaridan noqonuniy foydalanish)ham taqiqlangan.

Mavzuga oid
Top