18:23 / 08.01.2018
24019

Vagiz Galiulin: «Endi JChga chiqish bundanda qiyin bo‘ladi»

Foto: Kun.uz

Rossiyaning «Tosno» klubida to‘p surayotgan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod futbolchi — Vagiz Galiulin chempionatdagi tanaffusdan foydalanib, tug‘ilib o‘sgan yurti Andijonga keldi. Futbolchi bilan KUN.UZ nashri o‘quvchilari uchun mo‘'jaz suhbat uyushtirdik.

Galiulin intervyu davomida «Tosno» klubidagi faoliyati, futbolimizning bugungi holati, bolalar futboliga berilayotgan e'tibor, kelajakdagi rejalari haqida gapirdi.

«Navbatdagi 2022 yilgi jahon chempionatiga chiqish terma jamoa uchun oson bo‘lmaydi. Chunki, o‘tgan saralash o‘yinlarida asosiy jamoa safida juda ko‘p iqtidorli futbolchilardan iborat tajribali avlod faoliyat yuritgan edi. Endi ularning o‘rniga yoshlarimiz kelishi  kutilmoqda. Demak, navbatdagi avlod tezroq tajriba to‘plab, saralash bahslarida muxlislar kutgan o‘yinlarni namoyish etishi kerak.

Menga kelsak, yoshligimdan futbol bilan shug‘ullanishni boshlaganimdan beri bitta orzuim bo‘lgan u ham bo‘lsa – O‘zbekiston  terma jamoasida to‘p surish.  Doim murabbiy shtabidan chaqiriq kutaman. Vatan jamoasida o‘ynab, bor kuch va mahoratimni namoyish qilishni juda-juda hohlayman», - deya gapirib o‘tdi Galiulin terma jamoadagi faoliyati haqida.

Futbolchi Sho‘rbuloq dahasidagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatidagi yosh futbolchilarga mahorat darslari o‘tib, tarbiyalanuvchilarning mahoratiga katta baho berdi.

Intervyuning to‘liq ko‘rinishi bilan quyidagi video orqali tanishib olishingiz mumkin.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov.

 

Top