09:20 / 02.04.2020
85671

Koronavirus Afrikada: Qit'ani kutib turgan ulkan tahlika

Ilk bor Xitoyda paydo bo‘lgan va tez fursat ichida global falokatga aylangan Covid-19 pandemiyasi sog‘liqni saqlash infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan Afrika mamlakatlariga ulkan xavf tug‘dirmoqda. Dastlab Jazoirda aniqlangan koronavirus qisqa muddat davomida butun qit'aga tarqalib ulgurdi. Shaffof ma'lumotlar cheklanganligi, siyosiy dastaklar mavjud emasligi tufayli ushbu bosqichda Afrikadagi falokat hajmini aniq aytib bo‘lmaydi. Ammo ba'zi ta'sirlar allaqachon geosiyosiy miqyosda ko‘zga tashlana boshladi.

Foto: AFP

Butun Afrika qit'asida qayd etilgan holatlar hozircha Portugaliyaning o‘zida qayd etilgan holatlardan kamroq. Ammo JSST qit'a vakillarini vaziyat og‘irlashishiga tayyor bo‘lishga chaqirgan.

Pozitsiyalar qaytadan ko‘rib chiqilmoqda

Koronavirus pandemiyasi mahalliy va mintaqaviy muammolarning global miqyos kasb etishi mumkinligini, ularni hal qilishda esa global hamkorlik mexanizmlari umuman yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ya'ni insoniyatning birlikda harakat qilib, muammolarni yengib o‘tishini ta'minlovchi global boshqaruv modeli hali ishlab chiqilganicha yo‘q. Koronavirus pandemiyasi davomida mamlakatlar ayni shu zaiflik tufayli yolg‘iz qolmoqdalar va o‘z chegaralarini qattiq nazorat ostiga olmoqdalar. Ittifoqlar esa tanqid va savollar yomg‘iri ostida qolmoqda.

O‘z navbatida, inqirozda yetakchilik rolini o‘ynaydiganlarning pozitsiyalari qaytadan ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, AQSh kasallikka qarshi kurashishni uddalay olmayotgan bir paytda Xitoy pandemiyani o‘z nazoratiga olganini iddao qilmoqda. Shu tariqa, Yevropadan Afrikaga va hatto AQShga ham AliBaba kompaniyasining asoschisi Jyek Ma orqali tibbiyot uskunalarini taqdim etib, jahon e'tiborini boshqa tomonga qaratmoqda, ya'ni o‘zi uchun yangi global ta'sir doiralarini yaratmoqda.

Raqamlar ortishi aniq

Maliliklar yangicha uslubda salomlashishmoqda AFP

Afrikada koronavirusga chalinganlarning soni hali oz bo‘lsa-da, bu hududda jiddiy tahdid mavjud. Tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lgan hukumat amaldorlari, byurokratlar, biznes, san'at va sport namoyondalarining test tekshiruvi musbat chiqishi ortidan epidemiya tezda boshqa davlatlarga, xususan, Keniya, Misr, Janubiy Afrika va Marokashga yoyildi. Masalan, 17 mart kuni qit'ada virus bilan kasallanganlarning umumiy soni 450 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ushbu raqam 6 mingdan oshgan. Garchi qit'ada hali virus aniqlanmagan 8ta mamlakat bo‘lsa-da, chegaralarning o‘tkazuvchanligini hisobga olsak, kelgusida bu raqamlar yanada ortishi ehtimoldan xoli emas.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Afrikaning 54 mamlakatidan 33tasi kam rivojlangan davlatlar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, 2016 yilda Rand korporatsiyasi tomonidan e'lon qilingan yuqumli epidemiyalarga qarshi eng zaif davlatlar ro‘yxatidan joy olgan 25 mamlakatning naq 22tasi ushbu qit'ada joylashgan. Shu sababli, Afrikadagi deyarli barcha davlatlar gigiyena talablaridan tortib to sog‘liqni saqlash infratuzilmasigacha g‘arib va nochor ahvolda.

Noqulay sharoitlarda yashaydigan odamlar, shuningdek, Sahroyi Kabir atrofidagi Afrika mamlakatlariga ko‘chirilgan, boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘lib, lagerlarda sterillanmagan muhitlarda yashayotgan jamoalarning mavjudligi masalaning muhim va xavotirli nuqtalardan biridir. Agar odamlari lagerlarda hayot uchun kurash olib borayotgan mazkur mintaqalarga virus tarqalgudek bo‘lsa, unga «mezbon»lik qilgan mamlakatlarda joriy etiladigan  choralar qat'iy cheklovchi va keskin xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Biroq barcha tashvishli holatlarga qaramay, Osiyo, Yevropa va Amerikadagi davlatlarni qurshab olgan yuqumli kasallikka qarshi Afrikaning bir qator ustun jihatlari ham bor, deb aytish mumkin.

Afrikaning ustun jihatlari nimada?

JARda karantin qoidalariga amal qilinishi harbiylar nazoratida
GALLO IMAGES

Birinchidan, Afrika yaqin o‘tmishda kechgan Ebola, OITS, bezgak va Lassa varajasi kabi viruslar bilan bog‘liq tajribaga ega. Ushbu tajribalar epidemiyaga qarshi kurashda qo‘l kelishi mumkin, ammo qit'aning aksariyat mintaqalarida sog‘liqni saqlash infratuzilmasi zaifligi, shuningdek, toza ichimlik suvi muammosi mavjudligi vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin. 

Ikkinchidan, Covid-19 dunyoda eng kech yoyilgan mintaqa – Afrika mamlakatlaridir. Bu ham koronavirusga qarshi kurashda ularga ustunlik berishi mumkin.

Aslida, epidemiyaning tezligi va ta'sir qilish darajasi Afrikada erta aniqlandi. Ya'ni xalqaro reyslar to‘xtatilishi, keng miqyosli dezinfeksiyalash ishlari, ta'lim to‘xtatilishi, komendantlik soati joriy etilishi, cheklangan dasturlar va karantin kabi choralar nisbatan barvaqt amalga oshirildi. Biroq xalqaro hamjamiyat Afrika mamlakatlarida epidemiyaga qarshi kurashga xalal beruvchi surunkali dolzarb muammolarni zudlik bilan bartaraf etishi lozim, ya'ni global epidemiyagaga qarshi kurash mikro miqyosdan makro darajaga o‘tishi darkor.

  • Misr, Sudan, Tunis, Gana, Kamerun va Keniya allaqachon xorijliklar uchun chegaralarni to‘liq yopgan. JAR, Jazoir, Marokash, Mali, Nigeriya, Tanzaniya va Madagaskar chegaralarni qisman yopgan, ya'ni barcha xorijliklar uchun emas. Hafta boshida Nigeriyaning ikki yirik shahri - Lagos va Abudjada ikki haftalik karantin boshlandi.
  • JARda, 1 aprel holatiga ko‘ra 1353 holat va 5 o‘lim qayd etilgan davltda 26 mart kunidan uch haftaga total karantin joriy etilgan - oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa har qanday savdo shoxobchalari yopilgan, mamlakat aholisiga - 60 million kishiga uyda o‘tirish buyurilgan.
  • 80 million aholiga ega, fuqarolik urushi yoqasida turgan Kongo Demokratik respublikasida 29 mart kuni faqat poytaxt Kinshasada karantin joriy etildi. 12 million kishi yashaydigan bu shahar kirish va chiqish uchun to‘liq yopilgan, aholiga avval to‘rt kun davomida uydan chiqmay o‘tirish buyurilgan, keyin ikki kun davomida oziq-ovqat g‘amlab olish uchun ko‘chaga chiqishga ruxsat berilgan. Bu olti kunlik bosqich keyingi haftalar davomida takrorlanadi.
  • Tanzaniyada barcha o‘quv muassasalari va sport turnirlari bekor qilingan, ammo prezident Jon Magufuli masjid va cherkovlarni yopishga rozi bo‘lmagan.
  • Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta koronavirus tufayli favqulodda holat e'lon qilgan, unga ko‘ra kechqurungi soat 9dan ertalabki soat 5ga qadar komendantlik soati amal qiladi.
  • Kamerunning janubiy qismida hukumatga qurolli qarshilik ko‘rsatib keladigan ayirmachilar guruhlarining eng yirigi - Janubiy Kamerun mudofaa kuchlari koronavirus tufayli sulh tuzgan. Lekin hozircha boshqa guruhlar undan o‘rnak olishmadi.

Epidemiyaning geosiyosiy oqibatlari qanday?

Xalqaro iqtisodiyot va siyosatda salbiy oqibatlari hozirdanoq ko‘zga tashlana boshlagan epidemiyaning Afrika mamlakatlariga ko‘rsatayotgan ta'siri neft narxining so‘nggi yigirma yil ichida eng past darajaga tushib ketishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, Jazoir, Liviya, Nigeriya, Angola, Kongo, Gabon va Ekvatorial Gvineya kabi neft eksport qiluvchi, daromadlarining asosiy qismi ushbu mahsulot bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator davlatlar ushbu inqirozni qisqa muddatda chuqur his qilishdi.

Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ishlab chiqarishni qisqartirish to‘g‘risidagi kelishuv bekor bo‘lgani va natijada Ar-Riyodda ishlab chiqarish hajmi ortgani pirovardida neft narxi keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Bunga «ilova» o‘laroq, koronavirus tufayli Xitoyda neftga bo‘lgan talabning keskin pasayib ketishi ushbu mamlakat bilan yaqin aloqada bo‘lgan neft eksport qiluvchi Afrika davlatlarini daromaddan tamoman mahrum qildi.

Shunga asoslangan holda aytish mumkinki, eksportining umumiy hajmida neftning ulushi 80 foizdan yuqori bo‘lgan Afrika davlatlarini iqtisodiy qiyin va kelajagi noaniq bir davr kutib turibdi.

Yevropadagi imkoniyat Afrikada yo‘q

Global epidemiyaning Afrika iqtisodiyotiga yetkazadigan zarari uning insonlar sog‘lig‘iga ko‘rsatadigan ta'siridan ko‘ra ancha kuchliroq va jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Hozirgi vaqtda fond birjalarida milliy valutalar qiymati va foiz stavkalarining salbiy tendensiyalari kuzatilishi bilan bir qatorda xalqaro aylanmaning qisqarishi global iqtisodiy inqirozni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardandir. G‘arb hukumatlari epidemiyadan aziyat chekayotgan sektorlarga keng ko‘lamli yordam berish orqali ushbu inqirozni yengishga harakat qilishmoqda. Ammo Afrika mamlakatlarida bunday imkoniyat yo‘q. Biroq qishloq xo‘jaligi rivojlanayotgan ba'zi Afrika davlatlari bo‘hronni nisbatan oz miqdordagi talafot yengib o‘tishlari mumkin.

Talafotlar Afrikada «yashab» qoladi

Afrikada epidemiya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlardan yana biri – zo‘ravonlik spiralidagi «muvaffaqiyatsiz davlat» (failed state) namunalarining «test»dan o‘tkazilish ehtimolidir. Liviya yoki Mali misollarida ko‘rilgani kabi qashshoqlik va ocharchilik iskanjasiga tushgan, identifikatsiya va chegaralarga aniqlik kiritilmagan, ijtimoiy birlik mavjud bo‘lmagan va davlat hokimiyatida zaiflik kuzatilayotgan, shu bilan bir qatorda, boy uglevodorod va mineral resurslarga ega bo‘lgan Afrika mamlakatlari mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi kuchlarning kurash maydoniga aylanib qolishi mumkin.

Kun kelib global epidemiya albatta yakunlanadi va xalqaro tizim muvozanatga keladi. Ammo ba'zi talafotlar Afrika mamlakatlarida «yashab» qoladi. Mahalliy, mintaqaviy va global miqyosdagi iqtisodiyotni qamrab olgan ushbu inqiroz davri balki so‘nggi bosqichda imkoniyatlar ham taqdim etar. Ammo Afrikaning aksariyat mamlakatlarida kapital faqat tashqi manbalar orqaligina ta'minlanishini hisobga olsak, vaziyat u qadar yoqimli bo‘lmasligi oydinlashadi.

Shu bois, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa xalqaro institutlarning ushbu jarayonda ko‘rsatadigan tashabbuslari bugun har qachongidan ko‘ra muhimdir.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top