10:16 / 01.07.2022
6251

«Germaniyada matbuotga doir qonunning o‘zi yo‘q» – media ekspert

Nemis media eksperti Rene Falknerning aytishicha, Germaniyada matbuot to‘g‘risida yoki unga aloqador alohida qonun yo‘q; nemislar sohani ancha aqlli va ayyorona yo‘l bilan tartibga solib qo‘ygan.

Rene Falkner / Foto: Kun.uz

30 iyun kuni Adliya vazirligi va Konrad Adenauer fondi tomonidan tashkil qilingan seminar treningdagi nutqida germaniyalik media ekspert Rene Falkner OAVda shaxs daxlsizligi mavzusida gapira turib, Germaniyada matbuot to‘g‘risidagi qonun yo‘qligini aytdi. Kun.uz muxbiri matbuot to‘g‘risida alohida qonun bo‘lmagan davlatda soha qanday tartibga solinishi bilan qiziqdi.

«Bu yerda matbuot to‘g‘risida yoki unga aloqador qonun yo‘q. Lekin jurnalistlarda ko‘ngilli ravishda o‘zini nazorat qilish majburiyati bor. Ya’ni Germaniyadagi barcha gazeta va nashrlar birlashib, bitta uyushma tuzishgan. Mana shu uyushma boshchiligida o‘ziga xos «matbuot kodeksi» ishlab chiqilgan. Unda agar jamoatchilik jurnalistlarning u yoki bu materialidan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilish huquqi ko‘rsatilgan.

Ular o‘ziga berilgan vakolatni suiiste’mol qilishi borasida ma’lumotlarni esa quyidagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin. 1990 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda jurnalistlar Matbuot kodeksini suiiste’mol qilgani bo‘yicha jami 969 ta shikoyat qilingan.

3-o‘rindagi eng ko‘p murojaat jurnalist o‘z kasbiga yoki yoritayotgan mavzusiga nisbatan suiiste’mol qilishga taalluqli. Keyingi eng ko‘p murojaat esa reklama va maqolaning bir-biridan to‘liq ajratilmaganidan qilingan shikoyatlarga to‘g‘ri keladi.

1-o‘rindagi eng ko‘p shikoyat bo‘lsa, bu shaxsiy daxlsizlikka doir chegara buzilgan, deya qilingan shikoyatlar.

Matbuot kodeksidan tashqari, Germaniyadagi OAVlarning har birida o‘ziga xos nazorat organi bor. Ya’ni ular tahririyat matbuot kodeksida belgilangan qoidalarga amal qilishini nazorat qilib boradi», – deydi germaniyalik mutaxassis.

Tadbirda qatnashgan yana bir media ekspert Gulmira Shukurovaning tushuntirishicha, Germaniyada matbuotga doir birorta alohida qonunning yo‘qligi bir tarafdan erkinlik va yengillik hisoblanadi. Shu bilan birga, nemis OAVlari fuqarolar yoki amaldorning boshqa qonunlarda nazarda tutilgan – shaxsiy huquq va erkinliklariga, davlat organlarining ish yurituviga doir tartiblarga rioya qiladi. OAVning davlat tashkilotlari yoki jamoatchilik bilan paydo bo‘lgan muammolari bosimlar orqali emas, balki faqat sud orqali hal qilinadi.

Mavzuga oid
Top