10:56 / 09.09.2019
2
8658

Fermerlar quyosh stansiyalari o‘rnatishni boshladi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistondagi fermer xo‘jaliklari elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy qurilmalarni o‘rnatishni boshladilar. 

Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2019 yil 6 sentabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi «LAZZAT KAFOLAT» uzumchilik-fermer xo‘jaligiga qarashli uzumchilik plantatsiyasida chuqurlik nasosini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida «OftobNur» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan fotoelektr (quyosh) stansiyasini o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha ishlarni yakunladilar. Nasos qishloq xo‘jalik ekinlarini doimiy sug‘orilishini ta'minlash uchun quduqdan suv chiqarishga mo‘ljallangan. 

Yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan fotoelektr (quyosh) panellari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Ularning kafolatlangan xizmat ko‘rsatish muddati 25 yilni tashkil etadi. 

Zamonaviy qurilma soatiga 10 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bir yorug‘ kunda u 80 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Oylik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati esa 2400 kilovattga teng. Sug‘orish mavsumida (mart-oktabr oylari) bu raqam 19200 kilovatt elektr energiyadan oshib ketadi. 

Taqqoslash uchun, fermer o‘zini elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun 1 km qiymati 35 mln so‘mga yaqin bo‘lgan elektr uzatish liniyasi qurishga majbur bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha tarzda, amaldagi tarifga ko‘ra har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun 9 mln. so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi. 

Ko‘rsatib o‘tilgan quyosh qurilmasini o‘rnatish uchun fermer 78 mln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflaydi. Mazkur qurilma 8 gektar yerni odatiy usul bilan, 30 gektar yerni esa tomchilash usulida sug‘orish imkonini beradi. Bunda fermer har bir gektar yerdan, misol uchun, poliz (qovun, tarvuz) ekinlaridan bir yilda 30 mln so‘m foyda olishi, 8 gektardan esa mos ravishda 240 mln so‘m daromad olishi mumkin. O‘rnatilgan qurilma xarajatlari birinchi yilning o‘zida qoplanadi.

Prezidentning «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligiga erishish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, yuridik va jismoniy shaxslarga bank kreditlari evaziga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini, elektr tejovchi gaz qurilmalari va qozonlarini sotib olganlik uchun foiz to‘lovlari kompensatsiya hisobidan qoplanishi belgilab berilgan.

Qaror bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani energiya samaradorligiga erishishni ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasida 2019-2022 yillarda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning Kompleks dasturi ishlab chiqilgan.

Kompleks dasturga ko‘ra, 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25 foiziga teng bo‘lishi lozim.

Hujjatda zamonaviy quyosh foto elektr stansiyalarini va quyosh suv isitgichlarini (markaziy isitish tizimiga ulangan obektlar istisno qilingan holda), shuningdek energiya tejamkorligi yuqori bo‘lgan isitish tizimlarini, xususan zamonaviy issiqlik nasoslari va rekuperatorli qurilmalarni bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top