O‘zbekiston | 07:40 / 15.06.2024
3137
2 daqiqa o‘qiladi

«Markaziy Osiyo - Koreya» formatidagi birinchi sammit Seulda o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev 2025 yil Seulda «Markaziy Osiyo - Koreya» formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish taklifini ma’qulladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

Davlat rahbari kelgusi yil Seulda “Markaziy Osiyo - Koreya” formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish taklifini ma’qulladi va prezident Yun Sok Yolning Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy qadamlarini qo‘llab-quvvatladi.

Madaniy-gumanitar sohada tomonlar 2025 yilni “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi almashinuvlar yili” deb e’lon qilishga kelishib oldilar. Uning doirasida o‘zaro madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim, til va sport forumlari, san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, turizm tadbirlari o‘tkaziladi.

Umuman, O‘zbekiston va Koreya prezidentlari zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldilar.

– O‘zaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion sheriklikning yangi davri” boshlanmoqda. Bugun imzolangan Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va yigirmaga yaqin boshqa hujjatlar bu ezgu niyatlarimizga xizmat qilishiga aminman, – dedi davlat rahbari.

Barcha erishilgan kelishuvlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Mavzuga oid