22:00 / 03.12.2020
2918

Germaniyada lokdaun 10 yanvargacha uzaytirildi

Germaniyada koronavirus tarqalishiga qarshi noyabr boshidan beri amal qilayotgan karantin choralari 10 yanvargacha uzaytirildi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel ma'lum qildi. Avvalroq cheklovlar 20 dekabrgacha amal qilishi ko‘zda tutilgandi.  

Foto: Sean Gallup/Getty Images

“Maqsadimiz kasallanishlar sonini 100 ming kishiga 50 tadan kamroqqacha pasaytirish hisoblanadi. Hozircha biz bu ko‘rsatkichdan ancha yiroqmiz”, — deb aytgan Merkel.

Germaniyada restoran, kafe, sport zal, muzey, teatr va boshqa jamoat obektlari yopiq qoladi. Shu bilan birga, maktablar va bolalar bog‘chalari, do‘konlar ochiq qoladi. Biroq do‘konlarda xaridorlar soniga cheklov amal qiladi. Ikki oila a'zolarining ko‘chalar yoki uylarda 5 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilishi taqiqlanadi.      

Germaniyada yengil lokdaun 2 noyabrda e'lon qilingandi. Noyabr oxirida esa qo‘shimcha cheklovlar kiritilgan. Jumladan, himoya niqoblarining nafaqat inshootlar ichida, balki ko‘chalardagi gavjum joylarda taqilishi shart qilingan.

Merkel va federal yerlar rahbarlari keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun 4 yanvarda yana uchrashishga kelishib olishgan.     

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada 2 dekabrda 22 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan, 479 kishi infeksiya asoratlaridan vafot etgan. Mamlakatda pandemiya boshidan beri jami 1,116 mlndan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan, infeksiya qurbonlari soni 18 mingdan oshgan. Germaniya kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda 12-o‘rinda turibdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top