O‘zbekiston | 14:22 / 06.08.2020
2593
3 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulk obektlari ekspertizasini o‘tkazish tezlashtiriladi. Parlamentda yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi

Intellektual mulk agentligining boshqaruv rolini yanada ochib berish, Adliya vazirligining sudgacha bo‘lgan organ sifatida apellyatsiya jarayonlarini amalga oshirishda vakolatini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 8 fevraldagi va “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 iyuldagi qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonun loyihasida intellektual mulk obektlariga huquqiy muhofaza berish jarayonini shaffof va ochiq bo‘lishini ta'minlash maqsadida davlat axborot tizimlari orqali bevosita talabnoma topshirish shaklining joriy etilishi, Intellektual mulk agentligining umumiy jarayondagi boshqaruv rolini yanada ochib berish, Adliya vazirligining sudgacha bo‘lgan organ sifatida apellyatsiya jarayonlarini amalga oshirishda vakolatini belgilash o‘z ifodasini topgan.

2019 yilda Intellektual mulk agentligi tomonidan 6331 ta intellektual mulk obektlari (2018 yilda – 5749 ta obekt), shu jumladan tovar belgilari – 4096, ixtirolar – 378, foydali modellar – 109, sanoat namunalari – 169, seleksiya yutuqlari – 32, EHM uchun dastur va ma'lumotlar bazalari – 1547 ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Yangi qonun loyihasi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, hujjat topshirishni soddalashtirish, obektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini qisqartish, intellektual mulk obektlari tezkor ekspertizasini o‘tkazishga xizmat qiladi. 

Intellektual mulk sohasidagi amaldagi qonunlarda obektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Agentlikka ariza topshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu esa hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini cheklar edi. Bunday holat korrupsiya xavfini oshiradi, ro‘yxatga olish jarayonini sezilarli darajada murakkablashtiradi va uzaytiradi. Qonun loyihasining tasdiqlanishi esa mazkur to‘siqlarni bartaraf etishda muhim rol o‘ynaydi.

Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan bo‘lib, 10 ta moddadan iborat. Unda Fuqarolik kodeksi, Bojxona kodeksi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma'lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid