19:14 / 30.10.2020
10312

O‘tgan asr texnologiyasi bilan ishlayotgan «O‘zgidromet». Uning taqdiri hech kimga qiziq emasmi?

Ba'zi sohalarga ajratilayotgan pullarni eshitib, odamning esi og‘ib qolishi hech gap emas. Budjet taqsimotida nomini oyda-yilda bir eshitadiganimiz biror tashkilot falon milliard yoki falon trillion so‘m olishini ko‘rib, beixtiyor hayratdan yoqa ushlaymiz. Ammo shunday tashkilotlar borki, ishchilari 700 ming oylik oladi, ular tayyorlagan ma'lumotlar esa butun mamlakat uchun ahamiyatli...

Dehqon ekinini shu ma'lumotga qarab ekadi, o‘quvchi qizning onasi shu ma'lumotga qarab bolasining sumkasiga soyabon solib qo‘yadi, tomini qishgacha yopishga shoshilayotgan odam kuniga o‘n marotabalab ularning ma'lumotini o‘qiydi, hatto to‘y qilayotgan odam ham shu ma'lumotga qarab ish qiladi. Shahar hayotidan uzilib, ko‘pchilik uchun tasavvur qilish qiyin bo‘lgan sharoitda ishlayotgan mana shu kasb sohiblarini zamona qahramonlari desa arziydi aslida. Ha, bugun «O‘zgidromet» – O‘zbekiston gidrometrologiya xizmati faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Xurshid Toshpo‘latov. Toshkent viloyati gidrometeorologiya boshqarmasi muhandisi

Maosh 700 ming so‘m...

Dasturni tayyorlash davomida ko‘rdikki, gidromet xodimlari odam oyog‘i yetmaydigan baland joylarda ishlashadi. U yerda odamlarni vertolyotda olib borishadi, oziq-ovqat ham aynan vertolyotda tashiladi. Tizim bugungi kunda sobiq ittifoq davridan qolgan texnikalar bilan ishlamoqda. Moddiy ta'minot ham havas qilarli darajada emas. Shu sabab ko‘p xodimlar boshqa sohaga ketib qolgan. Ma'lum bo‘lishicha, «O‘zgidromet» markaziy apparatida o‘rtacha maosh – 1,2 million so‘m. Hududiy bo‘limlarda esa 1 million so‘m. Viloyat va tumanlarda o‘rtacha 700 ming so‘m. Bir oyga!

Malika Mirjamolova. «O‘zgidromet» axborot xizmati rahbari

80-yillarda ham shu texnika edi, hamon o‘sha...

Ko‘rsatuvimizning asosiy qahramoni Chimyon kuzatuv markazi injyener-ko‘chkishunosi Albert Popov bo‘ldi. Uning dangal gapirishiga bir qoyil qolgan bo‘lsak, o‘z ishini yaxshi ko‘rishi, oddiy narsalar bilan ham kerakli murakkab vazifani bajarib ketishiga yana bir bor lol qoldik.

«1983 yil tashkil etilgan bu inshoot SSSRdagi eng zo‘ri edi. Ta'minot, uskunalar bo‘yicha bizga teng keladigani yo‘q edi. Ammo o‘sha olis 80-yillardan buyon stansiyamiz kapital ta'mirlanmadi, ahvol yaxshi emas, moddiy ta'minot juda yomon. 2010 yilda meni rahbar qilishdi, lekin bir yilga yetmay bo‘shatishdi. Chunki men juda ko‘p savol berardim, talab qilardim. O‘shanda bizga oddiy havo o‘lchagichlar yetishmas, «O‘zingiz oling, biz pulini beramiz», deyishardi. Ahvol hamon havas qilgulik emas.

5-6 yil avval turkiyalik ko‘chkishunoslar kelishdi. Aslida ular bizdan ish o‘rgangani kelgandi va texnikalarimizni ko‘rsatishni so‘rashdi. Men belkurak va chang‘ini ko‘rsatdim (chang‘i o‘zimniki). Ular shumi hammasi, deyishdi, men ha, dedim. Ularning esi og‘ib qolay dedi, axir bunday narsalar bilan ishlashni tasavvur ham qila olishmasdi-da. Jahon meteoxizmatlari rivojlanib ketdi. Ochig‘i, dunyo meteoxizmatlarida nima yangiliklar bo‘layotganini kuzatmay ham qo‘ydim. Axir bizda rivojlanish bo‘lmagach, ularni ko‘rib nima qilaman.

Boyagi turkiyaliklar bir necha oy o‘tib bizga har xil asbob-uskunalar yuborishdi. Afsuski, ularni bojxonadan olib kirishning iloji yo‘q ekan. Biz oldinga yurish u yoqda tursin, orqaga qarab ketyapmiz. 1985 yil berilgan uskunalar eskirib, yo‘q bo‘lib ketdi. Kiyevda ishlab chiqarilgan texnikalar o‘sha vaqtda eng zo‘ri edi. Biz ularni Chimyonning eng tepasiga vertolyotlarda olib chiqib kerakli natijalarni olardik. Aqalli o‘sha vaqtdagi texnikalarimiz bo‘lganda ham yaxshiroq ishlash mumkin edi. Hozir hammasini qo‘lda, mexanik tarzda qilamiz.

Albert Popov. Chimyon kuzatuv markazi injyener-ko‘chkishunosi

Ko‘chki xavfini ba'zan ko‘z bilan chamalab aytishga majburmiz. Bunday ma'lumotlarni aniqlaydigan texnikalarni tepaga olib chiqishga esa pul sarflamay qo‘yishdi, chunki u qimmat narsa. Men 2 ming metr tepalikkacha chang‘ida chiqib chuqurcha qazib tushaman, pastda ham chuqurcha qazamiz. Shu tariqa qorning zichligi, harorati, umuman holatini aniqlaymiz. Tog‘ning tepasiga yelkamda yuk bilan 6 soatda chiqqanman, yuksiz esa 4 soatda. Ikki yil oldin. Bu eng yaxshi natijam bo‘lgan», deydi quvnoq suhbatdoshimiz Albert Popov.

Ko‘rsatuv davomida «O‘zgidromet»ning gidropostlarida ham bo‘ldik. U yerda ham har qanday qiyinchiliklarga qaramay, odamlar mehnat qilishmoqda. Suvning hajmi, tezligi kabi muhim ma'lumotlar kuniga ikki marta o‘lchab, tahlil uchun yuboriladi. Ra'no Sharafutdinova boshchiligidagi guruh esa ma'lumotlarni tahlil qiladi. Yuqorida aytganimiz moddiy ta'minotning yaxshi emasligi odamlarning harakatlarida sezilmaydi. Barchasi xuddi soatdek ishlamoqda, hamma o‘z ishi bilan band, muhim ma'lumotlar odamlarga yetkazilmoqda...

So‘ngso‘z o‘rnida ikki og‘iz mulohaza qilsak. Boya aytganimizdek, «O‘zgidromet»da ishlayotgan oddiy insonlarni chinakam zamonimizning qahramonlari deyish mumkin. Axir moliyaviy to‘kis bo‘lgan qanchadan-qancha sohalar oqsayotganini ko‘ryapmiz, biroq bu bir qarashda juda oddiy, ammo o‘ta muhim tashkilot qiyinchilikka qaramay, o‘z ishini imkoniyatlari darajasida yaxshi bajarmoqda. Biz barcha qahramonlarimiz bilan suhbatlashish davomida bir narsani juda xohladik – ular shunchaki o‘zlari munosib bo‘lgan yaxshi sharoitlarda, yaxshi maosh olib ishlashini, ortig‘ini emas.

Aytgancha, ertaga havo qanday bo‘larkin?..

Bobur Akmalov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid
Top