17:46 / 04.05.2018
15043

Yangi qaror: Suv xo‘jaligi vazirligi 10 kun muddatda suv olish limitlarini ishlab chiqadi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Belgilanishicha, 2018 yil 1 apreldan boshlab fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunalari bilan ta'minlangan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste'mol qilgan elektr energiyasi qiymati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar xokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

suv iste'molchilari uyushmalari tasarrufidagi nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarini ulardan foydalanuvchi tegishli fermer xo‘jaliklariga suv iste'molchilari uyushmalarining roziligi bilan belgilangan tartibda 2018 yil 1 iyunga qadar bepul o‘tkazib berishni ta'minlaydilar;

har yilning 1 aprel holatiga fermer xo‘jaliklari nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining texnik holatini, ularga biriktirilgan sugoriladigan yer maydonlarini, jumladan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiriladigan yerlarni xatlovdan o‘tkazsinlar xamda tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtiradilar;

har yil 1 mayga qadar kelgusi yilda paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi prognoz qiymatini Davlat byudjyetidan qoplash bo‘yicha asoslangan talabnomalarni Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi 10 kun muddatda suv manbalarining suvliligiga qarab suv olish limitlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlab joylardagi barcha suvdan foydalanuvchilarga yetkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyatlar moliya boshqarmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini Davlat byudjyetidan qoplash bo‘yicha taqdim qilingan talabnomalarga asosan hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan 2018 yil uchun tegishli miqdorda Davlat byudjyeti mablag‘ini ajratadi hamda kelgusi yillar uchun Davlat byudjyeti parametrlarini shakllantirishda e'tiborga oladi;

paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun Davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘larning yil yakuni bo‘yicha iqtisod qilingan qismi tegishli nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarini ta'mirlash hamda elektr energiyasini tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoldiriladi.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarini shartnoma va oldindan to‘lov asosida o‘z vaqtida elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Top