21:18 / 16.10.2021
52993

Amersfort konslageridagi o‘zbek askarlari. Ulardan birinchisining shaxsi aniqlandi

II jahon urushi davrida Niderlandiyadagi konslagerga tashlanib, dahshatli qiynoqlarga solingan va aksariyati o‘zbeklar bo‘lgan 101 noma'lum askardan birinchisining shaxsi aniqlandi. U – Navoiy viloyatidan bo‘lgan o‘qituvchi. Kun.uz shu yangilik sabab bo‘lib mazkur voqea haqida jamoatchilikka to‘liqroq ma'lumot berishga qaror qildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida jami 1 million 951 ming o‘zbekistonlik frontga safarbar etilgan. O‘sha payt O‘zbekiston aholisi 6,5 million edi. Har 3 nafar vatandoshimizning bittasi qo‘liga qurol olib jangga otlangan.

Urushga ketganlarning birgina orzusi dushmanni tezroq yengib, g‘alaba bilan vatanga qaytish edi. Lekin orzular har doim ham ushalavermaydi. Ayniqsa, urushda...

O‘zbekistondan urushga ketganlarning 500 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘ldi, 158 mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi.

Urushdan qoraxat kelganlarga aza ochilgan bo‘lsa, bedarak ketgan askarlar yaqinlarining musibati undan ham og‘irroq bo‘lgan. Ular daragi chiqmagan askar o‘g‘lini, askar turmush o‘rtog‘ini, askar otasini, “balki kelib qolar”, deya bir umr kutgan, yillab izlashgan.

Bedarak ketganlar orasida 101 askarning taqdiri hammasinikidan ham boshqacha. Ular 1941 yilda Germaniya sovet ittifoqi hududiga bostirib kirganining dastlabki haftalarida Smolensk ostonasida asirga olingan va natsistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Niderlandiyaga propaganda maqsadlarida jo‘natilgan.

O‘rganishlar asosida shaxsi noma'lum bo‘lgan 101 aksarning aksari o‘zbekistonlik ekani aniq bo‘ladi. Konslagerda natsistlar 101 asirga boshqalarga qaraganda qo‘polroq muomalada bo‘ladi, ularga quyi darajadagi odamlar deb qarashadi, Asirlar natsistlarga dahshatli bir rejani amalga oshirish uchun kerak edi.

23 yillik tadqiqot

Niderlandiyalik jurnalist, tarixchi Remko Reyding 101 noma'lum askar haqida birinchilardan bo‘lib tadqiqotlar olib borgan.

Foto: Remko Reyding

“Bundan 23 yil oldin talaba paytimda shahrimiz yaqinida sovet askarlari qabristoni borligidan xabar topdim. Askarlarning barchasi unutilgan, ularning shaxsini hech kim bilmasdi.

Qabristonga borib ko‘rdim, u yerdagi 865ta kulrang toshli qabrga qarab, bu yerda ko‘milgan askarlarning yaqinlari hali ham ulardan yangilik kutayotganini, ularning yaqinlari otasi yoki bobosi izsiz ketmaganidan bexabar ekanini tushundim. Shaxsi noma'lum bo‘lgan askarlar uchun nimadir qilishni niyat qildim”, deydi Remko Reyding.

Remkoning aytishicha, u qabristonda noma'lum askar sifatida dafn etilgan 101 askarning asosiy qismi o‘zbeklar ekanini aniqlaydi va 23 yil davomida ular bilan nimalar sodir bo‘lganini, Niderlandiyada bu askarlar guruhining hayotiga qanday yakun yasalganini o‘rganishga harakat qiladi.

“Meni nega bu askarlarning hammasi o‘ldirilgani, nemislar ularga nima sababdan juda qo‘pol munosabatda bo‘lgani qiziqtirardi. Maqsadim esa 101 askarning shaxsini aniqlash, yaqinlarini topish va askarlarning qarindoshlariga ularning otasi yoki bobosi ortiq bedarak emasligini, Niderlandiya yerlariga ko‘milganini aytishdan iborat edi. Askarlarning shaxsini aniqlash uchun juda ko‘p harakat qildim. Niderlandiya, Rossiya va O‘zbekistonda tadqiqotlar olib bordim. Va yaqinda biz 7 nafar askarning shaxsini aniqlash imkonini beradigan faktlarni topdik. Ularning aksari – O‘zbekistondan. Askarlarning qarindoshlari topilishidan va ularga bobolari haqida ma'lumot berishdan umidvormiz”, deydi tarixchi.

Insoniylik sinovi

Amersfort konslagerida 101 asirga o‘ta shafqatsiz bo‘lishadi. Ular ataylab, natsistik g‘oyalarga qarshilik qilayotgan hollandlarga ko‘rsatish uchun osiyocha ko‘rinishga ega bo‘lgan askarlarni yig‘ib olishgan. Natsistlar ularni untermenschen — chala inson deb atab, hollandlar bunday sovet fuqarolarini ko‘rsa nemislar taraf bo‘lib qoladi, deb o‘ylashgan.

Dastlabki uch kunda o‘zbeklarni lagerda ovqatsiz, ochiq osmon ostida, simtikan bilan o‘ralgan hududda saqlashgan. Maqsad: bir bo‘lak non uchun bir-birining go‘shtini yegan odamlar holati tasvirga olinib, videodan propaganda vositasida foydalanishdan iborat edi. Lekin 101 vatandoshimiz natsistlarning bu rejalarini chippakka chiqaradi. Ular nemislar kutganday non deb bir-birini o‘ldirish darajasiga borishmaydi, 3 kun hatto tuz totmagan bo‘lishsa ham, sabr bilan nonni teng bo‘lib, bir-biriga uzatishadi.

Matonatli bu askarlarning 24 nafari 1941 yilning qahraton qishidan chiqolmay ochlik va kasallikdan halok bo‘ladi, qolgan 77 nafarini 1942 yil 9 aprelda natsistlar otib tashlashadi.

“101 vatandosh izidan” loyihasi

O‘zbek xalqining matonati va millatga xos alohida xususiyatlarini natsistlar oldida ko‘rsatib qo‘ygan vatandoshlarimizning shaxslari noma'lum, ularga tegishli juda kam ma'lumotlar bor edi xolos.

2020 yilda Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi bilan 101 askarning shaxsini aniqlash va ularga tegishli ma'lumotlarni o‘rganish uchun alohida loyiha tashkil etildi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

“Viloyatdoshimiz Jonibek Shuhratov tomonidan 101 vatandoshimizning shaxsini aniqlash haqida loyiha taqdim etilgach, viloyat hokimi Qobil Tursunov qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng alohida ekspeditsiya tashkil qilib, Niderlandiyaga borib arxiv materiallari bilan tanishib kerakli ma'lumotlarni oldik”, deydi Navoiy viloyat hokimining Investitsiya bo‘yicha maslahatchisi Nazirjon Jo‘rayev.

“101 vatandosh izidan” loyihasi tarixchi Remko Reyding bilan hamkorlikda 101 askardan eng birinchisining qarindoshlarini topdi.

“Dastlab, faqat 2 nafar askarning chizmasi bor edi. O‘sha chizma asosida askarlarning yaqinlarini izlashni boshlab yubordik. 2021 yilning o‘rtalariga kelib, 101 askardan birining qarindoshlariga xat yozish maqsadida ism-familiya va adresini yozgan qog‘oz topildi. Ayni mana shu qog‘oz asosida askarning qarindoshlari Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidan topildi”, deydi Nazirjon Jo‘rayev.

Ilk askarning qarindoshlari topildi

Rayim Salomov – 101 noma'lum askar guruhidagi shaxsi aniqlangan ilk askar. U 1922 yil Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Urush boshlangunga qadar o‘qituvchilik qilgan. 1941 yilda Ikkinchi jahon urushiga jo‘natiladi va bedarak ketadi.

Tadqiqot davomida Rayim bobo xat yozish uchun uy manzilini yozgan qog‘oz topildi va shu ma'lumotga tayanib, 80 yil deganda uning yaqinlari topildi.

Urush boshlanganda Rayim bobo va uning rafiqasi Musharram aya bor-yo‘g‘i 3 oylik kelin-kuyovlar edi. Musharram aya Rayim boboni bir umr kutadi, eri urushga ketgandan so‘ng tug‘ilgan qizining ismini ham otasi urushdan kelsa ko‘rib xursand bo‘lsin deya, Xursand qo‘yadi. Lekin Rayim bobo urushdan qaytmadi, 80 yil o‘tgach unga tegishli bir parcha qog‘oz qaytib keldi xolos. Otasini kutib katta bo‘lgan Xursand aya ham bundan 2 yil oldin vafot etgan.

Rayim Salomov va uning oilasiga oid barcha ma'lumotlar Xatirchi tuman Mudofaa ishlar bo‘lishi va tuman FHDYo bo‘limi arxivida mavjud.

Roziya Jo‘rayeva – Amersfort lagerida halok bo‘lgan Rayim Salomovning jiyani. U tog‘asi urushga ketgandan so‘ng tug‘ilgan, lekin urushdan keyingi voqealarni eng ko‘p eslay oladigan oila a'zosi.

“Buvim tog‘am urushga ketgandan so‘ng kuchsiz bo‘lib kasal bo‘lib qoladi. Tog‘amdan qolgan bittagina suratni sandal ustida choynakka suyab qo‘yib termilib-termilib jon bergan ekan (surat saqlanib qolmagan). Oytim (yangam) ham tog‘amni bir umr kutdi. Eri urushga ketganda qornida bolasi bilan qolgan kelinchak boshqa turmush qilish haqida hech o‘ylamagan. Shu farzandini katta qilib, tog‘amni kutib 56 yoshida vafot etdi. Oytim butun umr boshi mehnatdan chiqmasdan o‘tdi”, deydi ko‘zda yosh bilan Roziya aya.

Rayim Salomovning yana bir jiyani (ukasining o‘g‘li) Sherali Salomovning aytishicha, urush tugagach otasi amakisini ancha payt qidiradi, Ukrainaga ham borib keladi. Ammo daragini topa olmaydi.

Marhum askarning yolg‘izgina qizi Xursand aya ham bundan 2 yil oldin vafot etgan. Biroq Xursand momodan 9 farzand, bir etak nabira qolgan.

Ular garchi bobosini ko‘rmagan bo‘lsa-da, onasi intizor kutgani va doim iliq xotirlagani uchun bobosining daragi topilganidan xursand. Ayniqsa, ularning bobosi natsistlar oldida matonat va insoniyligini yo‘qotmagan 101 askar safida bo‘lganidan ham faxrlanishmoqda.

Qolgan askarlarning ham shaxsi aniqlanadi

Remko Reyding hozircha jami 7 nafar askarning shaxsini aniqlash imkonini beradigan ehtimoliy dalillar mavjudligini qayd etdi. Rayim Salomov – ana shunday dalillar asosida shaxsi aniqlangan birinchi askar. Qolgan askarlarga tegishli ma'lumotlar ham o‘rganilyapti.

“Asosiy qismi o‘zbeklar bo‘lgan 101 askarning shaxsini aniqlashda Ikkinchi jahon urushida asir olinganlar haqida O‘zbekistonda saqlanayotgan ma'lumotlarni o‘rganish asosiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotni davom ettirish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz. Katta ehtimol bilan, DNK testlarini o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. Buni oldingi bosqichlarda ham amalga oshirdik va natija juda ijobiy bo‘ldi, bundan keyingi bosqichlarda ham DNK testlari ish berishiga ishonchim komil”, dedi Remko Reyding biz bilan suhbatda.

Navoiy viloyati hokimligi mas'ul xodimi Nazirjon Jo‘rayevning aytishicha, askarlarning qarindoshlarini topish uzoq davom etishi mumkin. “101 vatandosh izidan” loyihasi ham ma'lumotlarni doimiy o‘rganishda davom etadi.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov.
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Top