«Barcha muammolar loqaydlikdan boshlanadi» – Prezident ma'naviyat masalasiga jiddiy qarash shartligini ta'kidladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar ta'sirchanligini yanada oshirish borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligini ta'kidladi.
«Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyatdir.
Hozirgi zamonda ma'naviy nuqtayi nazardan «uxlab yotish»ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Barcha fojia va muammolar, vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanadi.
Yana bir bor aytaman, dunyodagi qaltis vaziyat, siyosiy «o‘yin»lar barchamizni sergaklikka undashi kerak. Jahonda kechayotgan geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni chuqur tahlil qilib, ulardan xulosa chiqargan holda, yo‘limizni to‘g‘ri tanlashimiz zarur.
Hammangiz ko‘rib turibsiz, korrupsiya, tamagirlik, byurokratiya nafaqat iqtisodiy, balki ma'naviy hayotda ham oyog‘imizga bolta urmoqda. Bu illatlarga qarshi keng ko‘lamli kurash boshladik. Lekin jamoatchilik nazoratini kuchaytirmas ekanmiz, bu illatlardan xalos bo‘lish qiyin», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Prezident yig‘ilganlarga bir qator savollar bilan yuzlangan.
«Bunday tahdidlarga qarshi kurashda ma'naviy-ma'rifiy ishlarga, ta'lim-tarbiya sohasiga javobgar tashkilotlarimiz qanday rol o‘ynamoqda? Bizda umuman ma'naviy targ‘ibot metodikasi, zamonaviy texnologiyalar bormi? Bu masalalar bilan kimdir ilmiy asosda shug‘ullanyaptimi?
Bu borada hurmatli ziyolilarimiz, domla va o‘qituvchilar, madaniyat va san'at vakillari, mahalla, yoshlar va boshqa jamoat tashkilotlari faollarining o‘rni va ta'siri qanday? Ma'naviyat va ma'rifat kengashining hududlardagi rahbarlari bo‘lgan hokimlar bu masalalarni o‘ylayaptimi?
Bugun ijtimoiy-ma'naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning o‘zi talab etmoqda. Jamiyatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar shunday asosda yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.
Shuning uchun ham Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarur. Shu maqsadda Markazning «Ma'naviyat targ‘ibotchisi» o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar institutini tashkil etishni taklif qilaman.
Respublika ma'naviyat va ma'rifat kengashi raisi prezident ekani belgilab qo‘yilgan. Kengashning hududiy bo‘limlariga mas'ullik hokimlar zimmasiga yuklatilgan.
Bu o‘zgarish ma'naviy-ma'rifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi. Bu faqatgina hokimlarning emas, balki vazirlar, kompaniya rahbarlari va tadbirkorlarning ham eng muhim vazifasiga aylanishi kerak.
Mana, sohada klaster tizimiga o‘tish, fermerlik va kooperatsiyani kuchaytirish asosida hokimlarni qishloq xo‘jaligi ishlaridan asta-sekin ozod qilyapmiz. Endi ulardan ma'naviy ishlarni ham qat'iy talab qilishga haqqimiz bor. Ma'naviyat bilan, avvalo, birinchi rahbarlar shaxsan shug‘ullanmasa, kim jon kuydiradi?
Bog‘imizda bir daraxtga qurt tushsa yoki dalamizda bug‘doyga zang tushsa, darrov chorasini ko‘ramiz. Lekin ma'naviyatimizga «qurt tushsa», nima uchun e'tibor qilmaymiz? Bir haqiqatni barcha rahbarlar bilishi kerak: faqat hisobot uchun yig‘ilishlar vaqti o‘tdi», degan prezident.
Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta'lim dargohlarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilishi aytildi.
Mavzuga oid
19:45 / 06.02.2024
Elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi
19:10 / 22.01.2024
Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi
19:05 / 22.01.2024
«Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» tashkil etiladi
09:47 / 19.01.2024