Navoiyda vazirlikning maxsus ishchi guruhi ishlamoqda. Viloyatda ikki kunda 84 bemor sog‘aydi
Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiyda yana 42 nafar bemor sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Ushbu viloyatda so‘nggi ikki kunda jami 84 bemor sog‘ayib chiqqan.
Navoiy viloyatida bugun ham bir yo‘la 42 nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (32 nafari Zarafshon shahridan, 4 nafari Xatirchi tumanidan, 3 nafari Tomdi tumanidan, 2 nafari Konimex tumanidan, 1 nafari esa Navoiy shahridan) bo‘lib, 26 nafari erkak, 16 nafari ayol. Ularning yoshi kattasi 71 yoshli onaxon, yoshi kichigi 2018 yil tug‘ilgan.
29 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Navoiy viloyati uchun maxsus ishchi guruh tuzilib, ushbu hududga safarbar qilingan edi.
«Shu kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Valiyevich Alimov, vazirlik boshqarma boshlig‘i Shuhrat Almardonov, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibullo Oqilov va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov boshchiligidagi yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi o‘nlab tibbiyot xodimlaridan iborat maxsus guruh viloyatda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu tajribali mutaxassislardan iborat guruh hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni yanada kuchaytirish, bemorlarni samarali davolash borasida mahalliy mutaxassislarga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatishmoqda. Ushbu sa'y-harakatlar samarasi o‘laroq, so‘nggi ikki kunda bir yo‘la 84 nafar bemor shifo topdi», deyiladi vazirlik xabarida.
Viloyatda shu vaqtgacha jami 164 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Hozirda ulardan 96 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 68 nafar bemorga shifokorlar tomonidan samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.
Bundan avvalroq Namangan va Samarqandda 11 bemor tuzalgani xabar qilingandi. Endilikda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 2961 nafarga yetdi.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024