Urganch dehqon bozorida yong‘indan zarar ko‘rgan tadbirkorlar adolat talab qilishmoqda
2018 yil 19 iyun kuni tunda Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi «Urganch markaziy dehqon bozori»ning 2-yopiq pavilonida kuchli yong‘in sodir bo‘lgan edi.
Natijada, yuzlab kv.m hududda joylashgan o‘nlab rastalar va do‘konlar yong‘indan zarar ko‘rgan, ko‘plab tadbirkorlarning mol-mulki, mahsulotlari kuyib ketgan, faqat baxtli tasodif tufayli jismonan jabrlanganlar bo‘lmagandi.
«Urganch markaziy dehqon bozori» AJ tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaning ma'lumotnomasiga ko‘ra, yong‘in natijasida yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 811 million so‘mdan oshgan.
Urganch shahar IIB huzuridagi 1-son tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida, pavilon hududidagi tadbirkorlar yong‘in va xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilmagani, o‘z navbatida bozor ma'muriyati buni ta'minlay olmagani aniqlangan.
Xususan, yong‘in va xavfsizlik texnikasi qoidalariga ko‘ra, ish vaqti tugaganidan so‘ng, pavilon hududidagi barcha sovutgich va muzlatgichlar elektr tarmog‘idan ajratilishi lozim. Bu qoidaga amal qilish uchun tadbirkorlar pavilonga faqat bir kunlik sotiladigan mahsulotlarni olib kirishi shart. Me'yordan ortiq mahsulotlarni bozor hududiga kiritib, sotish uchun uni sovutgich va muzlatgichlarda saqlab qo‘yish mumkin emas. Ammo tadbirkorlar bu qoidaga amal qilishmagan. Bozor ma'muriyati esa buni talab qilmoqchi bo‘lganida, ziddiyat va janjallar kelib chiqqan.
Urganch shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi (DSENM) ma'lumotiga ko‘ra, yoz oylarida tez buziluvchi mahsulotlar faqat sovutgichlarda saqlanishi lozim. Agar bunga amal qilinmasa, go‘sht va go‘sht mahsulotlari 6 soat, sut va sut mahsulotlari 2 soat, kolbasa va kolbasa mahsulotlari o‘rami buzilmagan bo‘lsa 6 soat, agar buzilgan bo‘lsa 2 soatdan keyin iste'molga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Shu tufayli, bu mahsulotlar doimiy ravishda sovutgich va muzlatgichlarda saqlanishi lozim. 2-yopiq pavilonda asosan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi inobatga olinsa, yozning jaziramasida bu yer sovutgich va muzlatgichlarga to‘la bo‘lgan.
Yong‘in sababini aniqlash maqsadida, X.Sulaymonova nomidagi Sud ekspertizasi markazi tomonidan ekspertiza o‘tkazilgan. Uning xulosasiga ko‘ra, yong‘in o‘chog‘i 2-yopiq pavilonning muzlatgichlar zich joylashtirilgan nuqtasida bo‘lgani, ekspertizaga ashyoviy dalil sifatida taqdim etilgan elektr simlari va rozetka qoldiqlarida qisqa tutashuv alomatlari mavjud emasligi aniqlangan. Yong‘in elektr tarmog‘ida vujudga kelgan avariya holati, ya'ni ortiqcha yuklamadan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ya'ni sutkaning 24 soati davomida elektr tarmog‘idan ajratilmay ishlatilgan sovutgich va muzlatgichlarning yuklamasini elektr simlari ko‘tara olmagan va katta ehtimol bilan qizib, erib ketgan.
Tergov guruhining 2019 yil 25 yanvar kungi xulosasiga ko‘ra, sodir bo‘lgan yong‘inda biror shaxsning harakatida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. Shuningdek, tadbirkorlar yetkazilgan zarar bo‘yicha bozor ma'muriyati ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilish huquqiga ega ekani qayd etilgan.
Bugungi kunda 2-yopiq pavilondagi yong‘indan moddiy jabrlangan tadbirkorlar soni 30dan ortiq ekani ma'lum.
Xususan, yopiq pavilonda 2009 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, kanstovarlar, kir yuvish vositalari, parfyumeriya bilan savdo qiluvchi Shohsanam Sapayeva, 2015 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, parfyumeriya bilan savdo qiluvchi Shohruh Yaqubov, 2015 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi Oybek Madrimov, 2009 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi Mirzabek Panayev, 2015 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, parfyumeriya bilan savdo qiluvchi Zubayda Ishmuratova va ko‘plab tadbirkorlar juda katta miqdorda moddiy zarar ko‘rishgan. Ularning mahsulotlari, savdo rastalari, sovutgich va muzlatgichlari yonib kul bo‘lgan, yillar davomida to‘plangan mablag‘laridan ajralgan.
Tadbirkorlar orasida katta miqdorda qarzga botib, nochor ahvolda qolganlari, uy-joyini sotib, qarzlarini to‘lashga majbur bo‘layotganlari ham bor. Ular Kun.uz tahririyatiga bozor ma'muriyatidan kompensatsiya undirib olish bo‘yicha yordam so‘rab, murojaat qilishdi. Tadbirkorlarning fikriga ko‘ra, yuzaga kelgan yong‘inda bozor ma'muriyati ham aybdor. Rahbariyat tadbirkorlarning yong‘in xavfsizligi qoidalariga so‘zsiz amal qilishini ta'minlamagan, ba'zan esa o‘zi bunga yo‘l qo‘yib bergan. Xususan, yoz paytida noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan odamlarning sovutgich va muzlatgichlari elektr tarmoqlariga noqonuniy ulab berilgan. Juda katta ortiqcha yuklamaning kelib chiqishi sababi ham shunda, deb hisoblashmoqda tadbirkorlar. Yong‘indan so‘ng, voqea joyini ko‘zdan kechirganimizda, xavfsizlik qoidalariga panja ostidan qaralganini, do‘konlardagi simlar ochiq holatda ekani, istalgan joyidan kesib, bir-biriga ulanganini, elektr hisoblagichlar ustiga esa qumrilar in qurib, bola ochayotganini ko‘rgan edik.
Biz bunday vaziyatda tadbirkorlarga «Urganch markaziy dehqon bozori» AJ ma'muriyati bilan kompensatsiya masalasida kelishuvga erishishni, agar buning imkoni bo‘lmasa, fuqarolik va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishni tavsiya qila olamiz, xolos. Bozor ma'muriyatini esa nochor ahvolda qolgan tadbirkorlarga yordam berishga chaqiramiz.
Urganch markaziy dehqon bozorida yuz bergan yong‘indan barcha to‘g‘ri xulosa chiqarib olishi shart. Yong‘in va xavfsizlik texnikasi qoidalariga hamma so‘zsiz amal qilishi, bozor ma'muriyati va tegishli idoralar buni majburiy tarzda ta'minlashi, qattiq nazorat ostiga olishi lozim. Aks holda, yuqorida ko‘rsatilganidek oqibati juda yomon bo‘lishi mumkin. Bugun biz faqat moddiy zararni hisoblamoqdamiz, agar o‘z vaqtida bu muammolar bartaraf qilinmasa, bundan ham dahshatli fojia bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
Nurmuhammad Said