11:38 / 06.11.2021
5134

«Jurnalistlarga bosim va tazyiq o‘tkazish harakatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi» - Shavkat Mirziyoyev

Foto: Getty Images

Senat binosida saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda.

“Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta'minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda.

Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharoitida ishlash, o‘z faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin bundan qat'i nazar, biz bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz.

Shu maqsadda amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top