O‘zbekiston | 17:25 / 15.11.2024
3462
2 daqiqa o‘qiladi

2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin

Muzliklarning tez erishi butun mintaqaning oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga tahdid solmoqda.

2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi yo‘qotilishi mumkin. Bu haqda Tojikiston atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodir Sheralizoda COP29 doirasidagi iqlimga bag‘ishlangan panelda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

Tojikistonda 14 mingdan ortiq muzliklar mavjud bo‘lib, mintaqa suv resurslarining 60 foizini ta’minlaydi. Bu muzliklarning tez erishi butun mintaqaning suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdid solmoqda, dedi Sheralizoda. U so‘nggi 30-40 yil ichida respublikada mingdan ortiq muzlik erib ketganini esladi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava, o‘z navbatida, muzliklarni himoya qilish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga yetti yil davomida mintaqaga 3,5 milliard dollar sarmoya kiritish rejalarini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu sarmoya muzliklarning suv resurslariga qaram bo‘lgan millionlab markaziy osiyoliklarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularning o‘zgaruvchan iqlim sharoitlariga chidamliligini oshiradi.

Mintaqaviy hamkorlar vakillari, jumladan, Ozarboyjon Ekologiya vaziri Muxtor Boboyev muzliklarning erishi muammosini hal qilishda yagona yondashuv muhimligini ta’kidladi. Iqlim holatining yomonlashishi va muzliklarning qisqarishi suv tanqisligiga olib keladi va Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligi va ekotizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mavzuga oid