Jahon | 13:20 / 03.06.2024
6837
10 daqiqa o‘qiladi

Falastinni tan olayotgan Ukraina, Baydenning otashkesim kelishuvi va hukmni kutayotgan Tramp - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan dam olish kunlari davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Jafokash Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olayotganlar safi kengaymoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishi haqida bayonot berdi.

Bu orada HAMAS harakati G‘azo sektoridagi Dug‘mushlar oilasi yetakchisining boshini tanasidan judo qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga sabab Isroil G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami tarqatishni shu oila a’zolariga topshirishni maqsad qilgan. 2024 yilning martida HAMASchilar arablarning Dug‘mush klani muxtori (yetakchisi) va uning oila a’zolarining barchasini Isroil bilan aloqalarda gumonlab qatl etgan edi.

Isroilning G‘azodagi agressiyasi qurbonlari oshishda davom etmoqda. So‘nggi sutka ichida yana 60 kishi halok bo‘lgan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmasiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan qirg‘in qurbonlari soni 36 ming 439 kishiga yetgan. Yana 82 ming 627 kishi yaralangan.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil tomonidan uyushtirilgan to‘rtta ommaviy qirg‘in natijasida 60 kishi halok bo‘lgan, 220 kishi yaralangan.

G‘azoda tinchlik kelishuvi

Isroil garchi mukammal deb hisoblamayotgan bo‘lsa ham, AQSh prezidenti Jo Baydenning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qabul qildi. Bu haqda Sunday Times gazetasiga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ofir Falk aytib o‘tgan.

«Biz ko‘ngan kelishuv — u qadar qoniqarli bitim emas aslida, lekin biz garovda ushlab turilgan fuqarolarimizning imkon qadar tezroq ozod bo‘lishini istaymiz. Hali qayta ishlab chiqish kerak bo‘lgan ko‘plab detallar bor, jumladan, biz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga yetishmagunimizcha o‘t ochish to‘liq to‘xtatilmaydi», — degan Falk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil kelishuvni qabul qilgan, lekin o‘t ochishni to‘xtatish shartlari o‘zgarmagan. Isroil tomonining shartiga ko‘ra, garovdagilar to‘liq ozod etilishi kerak, shuningdek HAMAS jangarilari yo‘q qilinishi lozim.

Isroil Rafahga AQSh aviabombalari bilan hujum qilgach, Jo Bayden mojaroni tartibga solish bo‘yicha rejani taklif etgan. Baydenning rejasida G‘azodagi mojaroni tinchlantirishni uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan. Olti hafta davom etadigan birinchi bosqichda o‘t ochish to‘xtatiladi, Isroil qo‘shinlari G‘azodagi aholi punktlaridan chiqariladi, Isroilda saqlanayotgan falastinlik mahbuslar evaziga isroillik garovda ushlab turilganlar almashtiriladi. Ikkinchi bosqichda harbiy harakatlar to‘liq to‘xtatiladi, Isroilning barcha harbiylari G‘azo sektoridan chiqariladi, Isroilga garovda ushlab turilganlarning barchasi qaytariladi. Uchinchi bosqchida G‘azo sektorini AQSh qo‘llovi bilan qayta tiklash boshlanadi.

Isroil prezidenti agar Baydenning o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifini qabul qilsa bosh vazir Binyamin Netanyahuni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Men bosh vazirga uning hukumatining garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashimni bildirdim», — degan Ishoq Hersog.

Ukrainadagi urush

Fransiya Ukrainaga Storm Shadow raketalaridan Rossiyaning Kursk va Belgorod oblastlariga zarba berishga izn berdi. 500 km olislikdagi nishonlarni yuqori aniqlikda yo‘q qila oladigan mazkur qanotli raketalardan foydalanish uchun ruxsat berilganini anonim qolishni istagan harbiy aviatsiya ofitseri ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainaga Rossiyaning harbiy obektlariga hujum qilishga ruxsat berish zaruriyati haqidagi so‘zlari chegaraoldi hududlaridagi harbiy aerodromlarga zarba berishga izn berilishi sifatida tushunilishi kerak.

«Bizningcha, Ukraina hududiga qarata raketalar uchirilayotgan va zarbalar berilayotgan Rossiyadagi obektlarni yo‘q qilish uchun Ukrainaga ruxsat berishimiz kerak, deb o‘ylayapmiz. Lekin ukrainlar Rossiyadagi boshqa obektlarni nishonga olmasliklari talab etiladi», — degan edi Makron.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bunday harbiy operatsiyalar cheklangan bo‘ladi, chunki Ukraina qurolli kuchlarida bunday vazifalarni bajarishga qodir samolyotlarning o‘zi yo‘q. Storm Shadow raketalari bilan jihozlangan Ukrainaning Su-24 samolyotlari zarba bera olishi uchun Rossiya chegarasiga yaqinlashib kelishi kerak, lekin bu holda ular Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi nishoniga aylanib qoladi. F-16 samolyotlari bu vazifani yaxshiroq uddalasa-da, G‘arb davlatlari Amerikada ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlardan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berish-bermasligi hozircha ma’lum emas.

Bunday savollarga javoban Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «G‘arb davlatlari tomonidan yetkazilgan har qanday qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi foydalanish —vaqt masalasi», — degan.

Bu orada Germaniya Mudofaa vazirligining Ukraina masalalari bo‘yicha maxsus shtabi rahbari Kiyev Patriot raketalaridan Rossiyaning o‘z hududi ustida parvoz qilayotgan va Ukrainaga tahdid tug‘dirayotgan aviatsiyasini urib tushirishga ruxsat berilishini ta’kidladi.

Ukraina tinchlik sammiti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xitoyni Shveytsariyada o‘tadigan Ukrainada tinchlik bo‘yicha sammit ishini barbod qilishga urinayotganlikda aybladi.

Zelenskiyga ko‘ra, Xitoy 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tinchlik sammitini barbod qilishda Rossiyaga ko‘maklashmoqda, deb yozadi Politico nashri.

«Rossiya Xitoyning mintaqadagi ta’siridan foydalanib, shuningdek xitoy diplomatlarini ishga solib, tinchlik sammitini barbod qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda», — degan Zelenskiy Singapurda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva ko‘plab davlatlarga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishni uzib qo‘yish, energiya tashuvchi mahsulotlarning narxini oshirish bilan tahdid qilib, ko‘plab davlatlarni tinchlik sammitida qatnashishdan voz kechishga majburlamoqda.

«Endi esa ma’lum bir davlatda bu borada Rossiyaga yordamlashilayotgani to‘g‘risidagi axborotlarimiz bor», — degan Zelenskiy.

Masalan, Saudiya Arabistoni ham Rossiya qatnashmayotganini ro‘kach qilib, Shveytsariyadagi sammitda qatnashmoqchi emas.

Avvalroq Xitoy Rossiya taklif etilmaganini ro‘kach qilib, Shveytsariyada o‘tadigan sammitga o‘z delegatsiyasini yuborishdan bosh tortgan edi. Buning o‘rniga Pekin o‘zining tinchlik konferensiyasini o‘tkazish g‘oyasini ilgari surmoqda va unda Rossiya ham, Ukraina ham ishtirok etishini ta’minlamoqchi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘tgan haftada bu g‘oyaga rozi ekanini bildirgan edi.

Ukraina Xitoy tomonidan tashkil etilishi mo‘ljallanayotgan sammitda ishtirok etadimi, deya berilgan savolga Zelenskiy «Pekin bunday uchrashuvni o‘tkazishga haqqi yo‘q», deb javob bergan.

Tramp endi nima qiladi?

Jinoyat ishi ochilib, aybdor deb topilganiga qaramasdan, respublikachilar partiyasi baribir Donald Trampni AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surmoqchi.

Bu haqda Donald Trampning kelini, bir vaqtning o‘zida respublikachilar partiyasining hamraisi Lara Tramp ta’kidlab o‘tgan. Hozircha Donald Trampga yakuniy hukm o‘qilmagan. Bu voqea 11 iyul kuni sodir bo‘ladi. Hukmdan 4 kun o‘tib, respublikachilar partiyasining nomzodni ilgari surish bo‘yicha qurultoyi o‘tkaziladi.

«Nima ham derdim, biz hamma narsaga tayyor bo‘lib turishimiz kerak. Nega o‘zi hakamlar hay’atining fikri bu qadar shoshilinch e’lon qilingani tushunarsiz, holbuki hukm o‘qilishiga bir oydan ko‘proq vaqt bor?» — degan Lara Tramp.

Unga ko‘ra, Donald Tramp shtabi vaziyat qanday rivojlanishiga qarab, o‘z rejasini o‘zgartirib turadi. Ularda kutilmagan holatlar uchun g‘oyalar taxtlab qo‘yilgan. Nima bo‘lganda ham ular Donald Trampni nomzod sifatida ilgari surishadi. «Biz uchun faqat shunisi muhim», degan Lara Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Nyu-York sudi hakamlar hay’ati Trampni qo‘yilgan barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor, deb topgan edi. Sobiq prezidentga hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha 34 ta holatning har biri uchun to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Yakuniy jazoni sudya Xuan Merchan 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan maxsus sud majlisida belgilaydi.

Mavzuga oid