O‘zbekiston | 15:38 / 25.04.2021
14361
2 daqiqa o‘qiladi

Ramazonning hazmi yengil taomi – nisholda qanday tayyorlanadi?

Ramazon oyi kirib kelishi bilan yurtimizdagi bozorlarda nisholda sotila boshlanadi va u saharlik va iftorlik dasturxoni bezagiga aylanadi. Xo‘sh, mazkur mazali taom qanday tayyorlanadi va uning foydali xususiyati nimada?

Barchani qiziqtiruvchi savollarga javob olish uchun Kun.uz muxbiri Asaka tumanidagi uzoq yillardan beri nisholda tayyorlanib kelinayotgan «Obi rohat» kafesiga bordi.

Nisholda tayyorlash uchun yasalgan maxsus moslamaga bih, ya'ni o‘simlik ildizining qaynatmasi va tuxumning ajratib olingan oqi solinadi. Moslama 10-15 daqiqa davomida mahsulotni aralashtirib ko‘pirtiradi. Uy sharoitida qilmoqchi bo‘lsangiz aralashtirishni maxsus moslamalar yordamida amalga oshirish mumkin.

Ko‘pik holatiga kelgach, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan qiyom – shakarning suvga solib qaynatilgani qo‘shiladi. Buni nisholdachilar «shakar qiyomi» deyishadi.

Yana bir oz aralashtirilgach, nisholda tayyor holatga keladi. Endi uni idishlarga solib dasturxonga tortish mumkin.

«Nisholda tayyorlash — biz uchun ota kasb. Uzoq yillardan beri shu ish bilan shug‘illanamiz. Ramazon oyi boshlanishi bilan kuniga 150-200 kilodan nisholda tayyorlab bozorlarga chiqaramiz», deydi Rahimjon Abdullayev.

U nisholda nega asosan ramazon oyida tayyorlanishi haqidagi savolga javoban, bu hazm bo‘lishi yengil, och qorinni to‘q tutuvchi va organizmga darmon bo‘luvchi, oshqozonga foydali yemak ekanligini ta'kidladi.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid