12:47 / 10.07.2020
35611

Qozog‘iston bilan chegarada to‘planib turgan 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston bilan chegaradagi «G‘isht ko‘prik» chegara posti yaqinida to‘planib turgan 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik chegaradan o‘tkazilgani haqida xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, hozirda davlatlararo chegarani kesib o‘tishda muammolar yo‘q va fuqarolarning to‘planib qolishi kuzatilmayapti.

Foto: Tengrinews.kz

«Avval xabar qilinganidek, shu yil 1 iyuldan 7 iyulgacha bo‘lgan muddatda «Jibek joli» — «G‘isht-Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti orqali 2700 nafardan ortiq hamyurtlarimiz O‘zbekistonga qaytgan. Biroq yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan yurtdoshlarimizni o‘tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda bu holat chegarada 3000ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi.

Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalarining birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida 8 iyul kuni fuqarolarimizning Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi barcha texnik va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal qilindi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 8 iyul kuni kechqurun va 9 iyul kuni «Jibek joli» – «G‘isht-Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar fuqarolarimiz o‘tkazildi.

Hozirgi paytda davlatlararo chegarani kesib o‘tishda muammolar yo‘q, nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, fuqarolarning to‘planib qolishi kuzatilmayapti», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Endilikda O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolar Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat'iy rioya qilgan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Bundan avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi  operativ shtabi Qozog‘iston bilan chegara hududida 3000 nafardan ziyod o‘zbekistonlik to‘planganini rasman tasdiqlagandi.

Bundan tashqari, 7 iyulda Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tish uchun Samarada yana 1,2 ming o‘zbekistonlik to‘plangani, keyinchalik O‘zbekistonga qaytish uchun Rossiya—Qozog‘iston chegarasida 2000dan ortiq fuqaro to‘plangani haqida xabar berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kungi videoselektorda koronavirus pandemiyasi va kuchaytirilayotgan karantin masalasida xalqqa murojaat qilib, «chet elda qolgan fuqarolar albatta olib kelinishi»ni aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid
Top