15:24 / 21.08.2021
116874

G‘arbliklarga yordam berganlarga «ov boshlangan», toliblarga qarshi kuchlar hujumga o‘tdi. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar

BMT buyurtmasi bilan tayyorlanib taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, «Tolibon» jangarilari NATO kuchlari bilan hamkorlik qilgan yoki Afg‘onistonning oldingi hukumatida ishlagan odamlarni faol ravishda izlamoqda. Shuningdek, G‘arb nashrlari bilan hamkorlik qilgan shaxslarga va ularning oila a'zolariga hujumlar haqida xabarlar kelib tushmoqda.

Foto: AFP

BBC va New York Times nashrlari ixtiyoriga BMT uchun Norvegiya tahliliy kompaniyasi (RHIPTO) tomonidan tayyorlangan hujjatlar kelib tushdi. Unda razvedka ma'lumotlari aks etgan bo‘lib, toliblar AQSh va NATO harbiylari bilan hamkorlik qilganlar uchun «ov boshlagani» ma'lum qilingan.

«Toliblar qidiruvdagi shaxslar o‘zi kelib taslim bo‘lmasa, ularning oila a'zolarini hibsga olishmoqda, ularni hibsga olish yoki o‘ldirish bilan tahdid qilmoqda», deyiladi hujjatda.

Shuningdek, jangarilar uyma-uy yurib o‘zlariga kerak bo‘lgan shaxslarni topshirishni talab qilishmoqda, aks holda barchani qirib tashlash bilan tahdid qilinmoqda.

«Tolibon» ro‘yxatiga, xususan, afg‘on politsiyachilari, harbiylari va tergov organlari xodimlari kiritilgan.

Afg‘oniston poytaxti egallangach, toliblar shahar aholisini va jahon hamjamiyatini hokimiyat o‘zgarishi qasd olishga aylanib ketmasligiga va'da berishgandi. Avvalgi hukumat hamda g‘arb tashkilotlari bilan hamkorlik qilganlarga umummilliy amnistiya e'lon qilingandi.

Endi esa toliblar xuddi 90-yillarda bo‘lgani kabi mamlakatni qattiqqo‘llik bilan boshqarishi, ushbu harakat g‘oyalari va siyosati deyarli o‘zgarmagani bo‘yicha xavotirlar paydo bo‘lmoqda.

Mamlakatda «ov boshlangani» haqidagi ma'lumotlarni tayyorlagan Norvegiyadagi tadqiqot markazi rahbari Kristian Nellemann BBC uchun bergan intervyusida «Tolibon»da «kollaboratsionistlar»ning «qora ro‘yxati» bo‘lishi mumkinligi va unda nomi tirkalganlarning barchasi ulkan xavf ostida ekani haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada ommaviy qatllar boshlanishi mumkin.

«Ayni vaqtda toliblar tomonidan izlanayotgan juda ko‘p odamlar bor. Bu yaqqol tahdid. Joylarga yo‘llangan ko‘rsatmalarda, agar bu odamlar o‘zlari taslim bo‘lishmasa, «Tolibon» ularning o‘rniga qarindoshlarini qo‘lga olib, so‘roq qilishi va jazolashi aytilgan», deydi u.

DW: «Tolibon» jurnalistning yaqin qarindoshini o‘ldirgan
Toliblar Afg‘oniston g‘arbida Deutsche Welle afg‘on byurosi muharriri sifatida ishlagan jurnalistning yaqin qarindoshlaridan birini o‘ldirgan va yana birini yaralagan. Bu haqda mediakompaniya rahbariyati ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Tolibon» ayni vaqtda Germaniyaga ketgan jurnalistni qidirib kelgan. Uning boshqa qarindoshlari voqea joyidan qochishga ulgurgan va ayni vaqtda ta'qibdan yashirinishga majbur bo‘lishmoqda.

DW bosh direktori Peter Limburg Germaniya hukumatini qat'iy harakatlar qilishga chaqirdi.

«Xodimlarimizdan birining yaqini «Tolibon» tomonidan o‘ldirilgani shuni ko‘rsatadiki, ayni vaqtda Afg‘onistonda bo‘lish jurnalistlar va ularning oila a'zolari uchun juda xavfli», degan u.

DW ma'lumotiga ko‘ra, Kobulda va viloyatlarda jangarilar kompaniya xodimlarining kamida uch nafarining uyiga tintuv uchun kelishgan.

Deutsche Welle va Germaniyaning boshqa nashrlari ochiq xat orqali GFR hukumatidan zudlik bilan Afg‘onistonda nemis nashrlari uchun ishlovchi mahalliy xodimlar hamda ularning oila a'zolari uchun viza dasturini tayyorlashni so‘rashdi.

Amnesty: toliblar milliy ozchilik bo‘lmish hazoriylarni qiynashgan va o‘ldirishgan
Amnesty International xalqaro huquq tashkilotining ma'lum qilishicha, iyul oyi boshida, hududlarni egallab olishda davom etayotgan toliblar Afg‘oniston markazida yashovchi hazoriylar vakillarini qiynoqlarga solishgan va o‘ldirishgan.

Guvohlarning hikoyalariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarga juda beshafqatlik qilingan. Kobulga kirgach toliblar afg‘onlarni va xalqaro hamjamiyatni hozirgi boshqaruv prinsiplari avvalgi davrdagiga qaraganda keskin o‘zgarganiga ishontirishgandi. Ammo huquq faollari hazoriylar qirg‘ini – ularning haqiqiy niyatini ko‘rsatishidan ogohlantirmoqda.

Hazoriylar – shia mazhabidagi, kelib chiqishi mo‘g‘ul-turk-eroniylarga mansub, fors tilida so‘zlashuvchi millat. Ular Afg‘onistonda son bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi etnik jamoa hisoblanadi, ammo o‘n yillar mobaynida mamlakatda ustunlik qiluvchi sunniy mazhabidagi pushtunlarning tazyiqlariga uchrab keladi. Toliblarning 1996-2001 yillardagi birinchi boshqaruvi davrida ham hazoriylar qatag‘on qilingan.

Toliblar AQSh bilan hamkorlik qilganlarning biometrik bazalariga ega bo‘lishi mumkin

Getty Images

Afg‘onistonda joylashtirilgan amerikaliklar ko‘p yillar davomida to‘plagan biometrik ma'lumotlar bazasi (HIIDe - AQSh harbiylarining shaxsni aniqlovchi portativ uskunalari) toliblar qo‘liga tushgani borasida xavotirlar mavjud. Bu bazada koalitsiya kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarning biometrik parametrlari ham bor.

HIIDe qurilmalari biometrik (ko‘z pardasi, barmoq izlari) va biografik ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi va yirik markazlashgan ma'lumotlar bazalariga kirish uchun ishlatiladi. Ularning yordami bilan «Tolibon» AQShga ishlagan afg‘onlarni aniqlay oladi. The Intercept nashri manbasi ta'kidlashicha, jangarilarda HIIDe ma'lumotlarini qayta ishlash uchun zarur vositalar yo‘q. Biroq ular toliblarni qo‘llovchi Pokistonda bor.

Amerika armiyasidagilarning izoh berishicha, har bir afg‘on haqidagi ma'lumotlar katta bo‘lmagan qurilmalarda saqlangan va ularning ayrimlari jangarilar qo‘liga tushgan bo‘lishi mumkin.

Bunday xavotirlar paydo bo‘lishiga sabab ayrim guvohlar qo‘llarida qandaydir qurilmalarni ko‘targan holda uylarda tintuv o‘tkazayotgani haqida aytishganidir. Afg‘onistonning ayrim rasmiylari ham baza toliblar qo‘liga tushgani va ular endi xorijliklar bilan ishlaganlarni oson topib borishi mumkinligini aytishgan.

Kobul aeroportida 10 ming kishi reysni kutib turibdi
Britaniya ikki kun ichida Afg‘onistondan 2 ming kishini olib ketgan, mamlakat bosh vaziri Boris Jonson Britaniya hukumati evakuatsiya jarayonini tezlashtirish uchun toliblar bilan muzokara o‘tkazishga ham tayyorligini bildirgan.

AQSh prezidenti Jo Baydenning aytishicha, payshanba kunining o‘zida amerikaliklar 5700 kishini evakuatsiya qilishdi. Iyul oyi boshidan buyon evakuatsiya qilinganlar soni 18 mingdan oshiq, 14 avgustdan keyin Kobul aeroportidan olib chiqilganlar soni 13 ming atrofida. Bundan tashqari, bir necha ming kishi amerikaliklar yordamida amalga oshirilgan xususiy reyslar orqali mamlakatni tark etgan.

Kobul aeroportida bo‘lib turgan CNN muxbirining xabar berishicha, ayni vaqtda aeroportda parvoz oldidan zarur bo‘lgan barcha jarayonlardan o‘tgan, ammo uchib keta olmayotgan 10 ming kishi to‘planib turibdi – o‘n soatdan ortiq vaqt davomida Kobuldan birorta Amerika reysi uchmagan. Ma'lum bo‘lishicha, bu holat amerikaliklar afg‘onlarni dastlab olib borayotgan Qatarda yangi qochqinlarni qabul qilish uchun joylar qolmagani bilan bog‘liq. AQSh va Germaniya yangi tranzit hududi sifatida Amerikaning ushbu mamlakat g‘arbida joylashgan Ramshteyn bazasidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu holatda qochqinlar avvaliga Toshkent aeroportiga olib kelinadi, shundan keyin Germaniyaga uchiladi. AQSh va Britaniya esa Fors ko‘rfazi hududidagi bazalardan foydalanmoqda.

Merkel: Toliblar bilan muzokara o‘tkazishga to‘g‘ri keladi

NazAfg‘oniston Merkelning Moskvaga safari mavzusi emasdi, ammo bu mavzuni chetlab o‘tishning imkoni ham yo‘q edi
Reuters

Toliblar Afg‘onistonda o‘zlari istaganidan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishdi va endilikda G‘arb davlatlari bu mamlakatda xavf ostida qolganlarni evakuatsiya qilish uchun toliblar bilan muzokara o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel juma kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Qayd etish kerakki, toliblar keng xalq ommasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Endi biz ular bilan muzokara o‘tkazishimiz va xavf ostida qolayotgan odamlar bu mamlakatni tark etishi uchun yordam ko‘rsatishga harakat qilishimiz kerak”, deya uning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti agentligi.

Merkel xonimning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya tomonidan toliblar bilan Afg‘onistonga BMT liniyasi orqali insonparvarlik yordami yetkazib berilishini ta'minlash bo‘yicha kelishuvga erishishni so‘ragan.

Qo‘shma matbuot anjumanida Putin Afg‘oniston toliblar qo‘liga o‘tishi masalasida ilk marta munosabat bildirdi.

Rossiya prezidenti toliblar mamlakatni deyarli to‘liq egallashganini qayd etib, endilikda shu reallikdan kelib chiqqan holda ish tutib, birinchi navbatda Afg‘onistonning parchalanib ketishiga, shuningdek ushbu mamlakatdagi terrorchi kuchlar qo‘shni davlatlarga suqilib kirishiga, xususan, “qochqinlar niqobi ostida” kirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta'kidlagan.

Panjsherda qarshilik kuchlari kuchaymoqda, hududlarda aholi qo‘liga qurol olmoqda

Afg‘onistonda toliblarga qarshi kurashayotgan kuchlar Panjsher daryosi bo‘yidagi vodiy (Panjsher darasi)da to‘planishda davom etmoqda.

Taniqli dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas'ud 1980-yillarda ham ushbu vodiyni sovetlardan muvaffaqiyatli himoya qilgan, keyin 1990-yillarda fuqarolik urushi vaqtida toliblarga qarshi ulkan g‘alabalarga erishgan. Mas'udga “Panjsher sheri” deb nom berishgandi.

Ayni vaqtda ushbu hududda uning o‘g‘li Ahmad Mas'ud va Afg‘oniston vitse-prezidenti qarshilik harakatiga asos solishgan.

Toliblarga taslim bo‘lishni istamagan boshqa qo‘mondonlar Panjsherga kelishi davom etmoqda.

20 avgust kuni bu yerga marshal Do‘stumning o‘g‘li Yormuhammad katta qo‘shin bilan yetib kelgan, avvalroq uning otasi ham o‘z harbiylari bilan qarshilik harakatiga qo‘shilgani xabar qilingandi.

Xabarlarga ko‘ra, afg‘on spetsnazi qo‘mondoni, polkovnik Xolid Amiriy, kommandos otryadi qo‘mondoni, polkovnik Munib Amiriy, Afg‘on milliy armiyasi brigadasi qo‘mondoni, polkovnik Hamid Sayfiy, brigada qo‘mondoni, general Hasib Panjshiriy va boshqa ko‘plab qo‘mondonlar va askarlar o‘z qurol-yarog‘i bilan Panjsherga kelgan.

So‘nggi soatlarda ozod Panjsherga Afg‘oniston milliy armiyasi bosh shtabining so‘nggi boshlig‘i general Haybatulloh Alizay hamda maxsus amaliyotlar uchun tayyorlangan korpus qo‘mondoni, general Sami Saodat (ikkisi ham pushtun) yetib keldi. Afg‘oniston siyosatini tadqiq qiluvchi ekspert Andrey Serenko bu generallarning qarshilik harakatiga qo‘shilishi uni ancha kuchaytirganini qayd etgan. 

Bu vaqtda sobiq bosh vazir, Milliy yarashuv oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla va Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay muzokaralar o‘tkazish uchun Panjsher viloyatida bo‘lib turibdi.

Ahmad Mas'ud agar toliblar bu hududga hujum qilsa, qat'iy javob qaytarilishini ma'lum qilgan.

Ammo ayrim ekspertlar Panjsher shu vaqtgacha taslim qilinmaganining sababi – toliblar bu hududga jiddiy hujum uyushtirmagani ekanini aytishmoqda.

“Toliblar barcha tomondan Panjsherni qurshab turibdi va menimcha Mas'udning o‘g‘li bu hududda bir necha oydan ortiq qarshilik ko‘rsata olmaydi. Ayni vaqtda u kuchli qo‘llab-quvvatlovga ega emas”, deb hisoblaydi shvetsiyalik mustaqil tadqiqotchi Abdulsaid.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, toliblar Panjsherga qo‘shni bo‘lgan Bag‘lon viloyatidagi Puli-Hisor tumanida nazoratni qo‘ldan chiqargan. Herat Times xabariga ko‘ra, mahalliy aholi qo‘liga qurol olib toliblarni Puli-Hisordan quvib chiqargan, qo‘shni Dih-Sala tumani markazida ham toliblarning oq bayrog‘i o‘rniga Afg‘onistonning uch rangli bayrog‘i o‘rnatilgan. Bag‘lon viloyatida toliblarning bir necha pozitsiyalariga bir vaqtda hujum uyushtirilgan.

Andarab tumanidagi Kasan vodiysida qurolli to‘qnashuvlar ketmoqda. Manba ma'lumotiga ko‘ra, toliblar uylarda tintuv o‘tkazish uchun kelganida otishma ro‘y bergan va 7 jangari o‘ldirilib, 13 nafari hibsga olingan, ularning bir qismi yaralangan. Mahalliy aholi pulemyotlar o‘rnatilgan uchta pikap va ikkita "Hamvi" rusumli zirhli mashinani o‘lja qilib olgan.

Toliblarga qarshi kuchlarning keyingi maqsadi - Xinjan tumanini qo‘lga kiritishdir.

Parvon viloyatida ham xalq ozodlik kuchlari harakatga kelgan va Sari-Xvaja tumanidan toliblar siqib chiqarilgan, bundan tashqari, isyonchilar Tohar viloyati markazi Toluqonni ham qo‘lga olish uchun harakat qilmoqda.

BMT: Millionlab afg‘onlarga ochlik tahdid solmoqda

WFP

BMT butunjahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirishicha, Afg‘oniston gumanitar inqiroz yoqasida turibdi.

Toliblar hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq tartibsizliklardan tashqari, mamlakat qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda va muhim qishloq xo‘jalik mahsulotlari hosili juda kam. Oldindagi qishda Afg‘oniston xalqi haqiqiy ochlik bilan to‘qnash kelishi mumkinligi aytilgan.

Bundan tashqari, ko‘plab afg‘onlar toliblar ularning uyiga bostirib kirib, so‘nggi mahsulotlarni ham olib ketishayotganini aytishgan.

Butunjahon oziq-ovqat dasturining afg‘on bo‘limi rahbari Meri-Ellen Makgrorti juma uni uning xodimlari Afg‘onistonda qolishda davom etishga qaror qilgani haqida xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tahlilchilarning so‘nggi hisob-kitoblari 14 million afg‘on, shu jumladan ikki million bola ochlik xavfi ostida qolayotganini ko‘rsatgan.

“Mamlakatni qamrab olgan eskalatsiya tufayli fermerlar yerlariga ishlov bera olishmayapti va ularning ko‘pchiligi uylarini tashlab qochishgan”, deydi Makgrorti.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top