21:20 / 18.09.2018
33343

Buxorodagi avtobus halokati yuzasidan jinoiy ish ochildi

Foto: Bukhara Info / Telegram

Buxoro viloyatining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Buxoro—Qorovulbozor magistral yo‘lida yo‘lovchi avtobusning gaz balloni portlashi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

18 sentabr kuni soat 08:30 larda fuqaro Vali Qobilov boshqaruvidagi «Vobkent Gulshani» MChJga qarashli davlat raqami 80 Y 120 KA bo‘lgan Isuzu rusumli avtobus Kogon tumanidagi Zelich oil metan gaz quyish shoxobchasidan yoqilg‘i quyib, taxminan 700 metr yo‘l bosganidan so‘ng, A-380 avtomobil yo‘li «Kogon—Qorovulbozor» yo‘nalishining 201-kilometrida harakatlanib ketayotganida avtoulovning gaz balloni portlagan.

Oqibatda avtobusdagi 26 yo‘lovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etgan. 21 nafar yo‘lovchining 5 nafari og‘ir, 7 nafari o‘rta og‘ir hamda 9 nafari yengil ahvolda. 5 nafar ahvoli og‘ir bemor Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, qolganlari esa Kogon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizilib, ularga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hodisa joyiga viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev, viloyat prokurori B.Valiyev, viloyat IIB boshlig‘i Sh.Aliyev, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i F.Omonov, Respublika DXX Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Asrorov, viloyat IIB YHXB boshlig‘i A.Ahmedov, YoXB boshlig‘i Sh.Xushnazarov, viloyat IIB huzuridagi TB tergovchilari, viloyat IIB EKB boshlig‘i L.Po‘latov rahbarligidagi ekspertlar, sud-tibbiy eksperti, Respublika IIV YoXBB mas'ul xodimlari, Kogon shahri, Kogon, Vobkent va Buxoro tuman hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari, ushbu tuman va shahar IIBlari hamda Buxoro viloyat IIB tezkor-tergov guruhi a'zolari yetib keldi.

Hodisa ro‘y bergan joy videokamera hamda boshqa ilmiy-texnik vositalar qo‘llanilgan holda «Sanoatgeokontexnazorat» Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida ko‘zdan kechirildi va uning sxemasi tuzildi, tekshirish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan ashyolar olindi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari viloyat IIB tergov boshqarmasi zimmasiga yuklatildi va viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

Dastlabki tergov davomida sudga oid tibbiyot, avtotexnika va yong‘in texnika ekspertizalari tayinlandi.

Shuningdek, «Zelich oil» metan gaz quyish shoxobchasida avtomobillarga yoqilg‘i quyish normalariga rioya qilinishi ahvolini o‘rganishga mutaxassislar jalb qilinib, tegishli ishlar olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, Qorovulbozor tumanidagi «Rahmon Ahmad» fermer xo‘jaligi rahbari R.Ahmedov va Vobkent tumani Xayrobodcha qishlog‘ida yashovchi G.Roziqova qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish uchun tashkil qilingan 25 nafar fuqarodan iborat mavsumiy madad guruhini Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga olib borayotgan paytda ushbu hodisa sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga binoan vafot etganlar oilasiga 10 million so‘mdan, og‘ir tan jarohati olganlarga 5 million so‘mdan va boshqa jarohatlanganlarga 2 million so‘mdan moddiy yordam puli ajratildi.

Marhumlarning janoza marosimlari uchun barcha xarajatlar Vobkent tuman hokimligi tomonidan to‘lanadi.

Mavzu
Buxorodagi fojia
18 sentabr kuni ertalab Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi «G‘uzor-Buxoro-Nukus» A-380 avtotrassasining 201-kilometrida Isuzu avtobusida gaz ballonining portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi
Barchasi
Mavzuga oid
Top