18:02 / 04.10.2018
15312

Xalq tomonidan moliyalashtirish – kraudfanding qanday afzalliklarga ega?

Vazirlikning xayrli tashabbusi

29 sentabr kuni Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati O‘zbekistonda ilk bor «Kraudfanding» (xalq tomonidan moliyalash) birinchi platformasi Mfond.uz ishga tushirilgani haqida xabar berdi.

“Platforma maktab rahbarlari uchun o‘quv muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan bir vosita hisoblanib, jalb qilingan mablag‘larni ishlatishda ochiqlik va hisobotliligini ta'minlab beradi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan xayriya jamg‘armasi maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha pul to‘plash hamda nogiron va kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun sarflanadi”, - deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, laboratoriyalar, aqlli sinflar va boshqa loyihalar yaratish, jihozlash, maktab infratuzilmasi, qolaversa, o‘quvchi va o‘qituvchilarning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish hamda uni rivojlantirish uchun jamg‘arma hisobidan mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Kraudfanding O‘zbekiston uchun yangilikmi?

Aslida, kraudfanding platformasi O‘zbekiston uchun yangilik hisoblanmaydi. Bundan besh yil avval OAV turli loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘lar jalb etish bilan shug‘ullanadigan Factor.uz onlayn-maydonchasi ishga tushirilgani, uning doirasida bir nechta loyiha taklif etilgani haqida xabar bergandi. Ammo oradan bir yil o‘tgach, bu platforma ish faoliyatini to‘xtatgan.

Shu yilning avgustida esa Spot O‘zbekistonda Crowdfunders.uz kraudfanding platformasi ishga tushirilishi haqida xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, platforma ilk 15 ta loyiha uchun ariza qabul qilingandan keyin ishga tushadi. Dastlabki 50 ta muallif o‘z loyihalarini amalga oshirishda mutaxassislardan bepul yordam olishadi.

Platforma kraudfandingdan tashqari, mualliflarga kraudinvesting (loyihaga hissa qo‘shish orqali kompaniya investoriga aylanish) bilan shug‘ullanishni ham taklif qiladi.

Har bir muvaffaqiyatli yakunlangan loyihadan platformaga yig‘ilgan mablag‘ning 10 foizi beriladi. Xayriya loyihalaridan platforma ulush talab qilmaydi.

Kraudfanding qachon paydo bo‘lgan?

Kraudfanding (ingl. crowdfunding) so‘zi “xalq tomonidan moliyalashtirish” ma'nosini bildiradi va bu so‘z 2006 yilda paydo bo‘lgan. “Wired” jurnali muharriri Jyeff Xau maqolalaridan birida internet foydalanuvchilari orasidagi ko‘ngilli pul beruvchilarni nazarda tutib kraudfanding so‘zini qo‘llagandi.

Bu termin yaqinda paydo bo‘lganiga qaramasdan, aslida, bu usul qadimdan qo‘llanib kelinadi. Masalan, Moskvada Minin va Pojarskiy haykalini o‘rnatish g‘oyasini imperator Aleksandr I dastlab qo‘llab-quvvatlamagan. U bu ish uchun yetarlicha mablag‘ to‘planmaydi degan fikrda bo‘lgan. Ammo xalq tashabbusi bilan butun mamlakatda haykalni o‘rnatish uchun pul yig‘ish boshlangan va pul berganlarning ism-shariflari gazetalarda e'lon qilib borilgan. Shu tarzda yig‘ilgan pul evaziga tayyorlangan haykal 1818 yilda ochilgan

AQShga Fransiya tomonidan tuhfa etilgan va 1886 yilda ochilgan Ozodlik haykali ham ommaviy pul yig‘ish yo‘li bilan tayyorlangan. Fransiyada turli tadbir va lotereyalar o‘tkazilgan, Jozef Pulittser o‘zining World gazetasida xayriya qilish chaqirig‘i bilan chiqqan, AQShda teatr tomoshalari, auksionlar, badiiy ko‘rgazmalar tashkil qilingan.

O‘zbek xalqi ham kraudfanding so‘zi bilan tanishganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, xayr-ehson masalasida  azal-azaldan hech bir xalqdan qolishmaydi. Respublika hududida hashar va xayriya yo‘li bilan ko‘plab bino, inshoot, yo‘l va kanallar, muhtojlar uchun uylar bunyod etilgan. Masjid va qabristonlarda o‘rnatilgan xayr-ehson qutilarini, bemorlarning davolanishi uchun turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar tomonidan mablag‘ yig‘ilishini ham kraudfandingning milliy ko‘rinishi deb aytish mumkin.

Kraudfanding qanday ishlaydi?

Siz biror qiziq yoki muhim loyihani amalga oshirmoqchisiz, lekin bunga mablag‘ingiz yetarli emas. G‘oyangizni kraudfanding platformasida bayon etasiz va moddiy yordam so‘raysiz. Ushbu loyihaga qiziqqan va uni qo‘llab-quvvatlagan foydalanuvchilar sizga mablag‘ o‘tkazishadi. Yetarli mablag‘ to‘planganidan so‘ng loyihangizni amalga oshirishga kirishishingiz mumkin.

Kraudfandingning afzalliklari

Vositachilarning bo‘lmasligi – bankdan katta foiz evaziga kredit olishga ehtiyoj qolmaydi. Investor o‘z shartlarini qo‘ymaydi.  

Barcha uchun teng shartlar — foydalanuvchilar loyihaga o‘z ixtiyorlari bilan pul beradilar, hech kim buning uchun imtiyozga ega bo‘lmaydi.

Yig‘imlarning shaffofligi — mablag‘ to‘plashni istovchilar loyiha uchun qancha mablag‘ zarurligini ma'lum qilishadi. Loyiha uchun qancha pul yig‘ilganligini hamma ko‘rib turadi.

Kraudfanding loyihalari turlari

Loyihalar quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lishi mumkin: xayriya yordami ko‘rsatish, siyosatchilar, sportchi va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalar.

Foto: Pixabay

Kraudfanding loyihalarini moliyalashtirish usullari

“Hammasi yoki hech narsa”. Agarda belgilangan muddat ichida yetarlicha miqdordagi mablag‘ yig‘ilmasa, pullar egalariga qaytariladi, loyiha tashabbuskoriga hech qanday mablag‘ berilmaydi.

“Barchasi”. Belgilangan muddat ichida qancha pul yig‘ilsa, o‘sha mablag‘ning barchasi loyihaga o‘tkaziladi. 

“Doimiy moliyalash”. Mablag‘ yig‘ish muddati belgilanmaydi, kerakli miqdordagi pul yig‘ilmaguncha loyiha ochiq turadi.

“To‘xtash nuqtasi”. Mablag‘ “to‘xtash nuqtasi”ga yetib kelganidan so‘ng (masalan so‘ralgan mablag‘ning yarmi yig‘ilganidan so‘ng) loyiha muallifiga beriladi.

“Nomoliyaviy bonus”. Loyihaga pul o‘tkazgan shaxs biror moddiy buyumga ega bo‘ladi. Masalan, kitob chop etilishi uchun mablag‘ o‘tkazgan shaxsga o‘sha kitob bepul taqdim etilishi mumkin.

Mablag‘ yig‘ish qanday amalga oshiriladi?

Har bir kraudfanding maydonchasi loyiha, uning muuallifi va homiylarga nisbatan o‘z talablariga ega bo‘ladi. Lekin umuman olganda bu talablar bir-biridan unchalik farq qilmaydi. 

Platformalarning talabiga ko‘ra, uning ishtirokchilari voyaga yetgan, o‘z loyihasini taqdim etishi, loyiha qonunchilikka zid bo‘lmasligi hamda yig‘ilgan pul o‘sha loyihani amalga oshirishga sarflanishi lozim.

Muallif loyihani, uning o‘ziga xos xususiyatlari va qanday naf keltirishini bayon etadi. Asosiysi, pul qanday maqsadda yig‘ilayotganligi aniq ko‘rsatilishi kerak. Muallif shuningdek, maqsadga erishish uchun qancha mablag‘ kerakligini ham ko‘rsatadi.

Jahondagi taniqli kraudfanding maydonchalari

Kickstarter – dunyodagi eng yirik va taniqli kraudfanding maydonchasi. U “hammasi yoki hech narsa” tamoyili asosida ishlaydi. Agarda 60 kun ichida yetarli mablag‘ to‘planmasa, loyiha muallifiga hech qanday pul berilmaydi.

Shu bilan birga, ko‘pchilik bu maydonchaga qo‘yilgan loyihalar uchun yig‘ilgan mablag‘ning 5 foizini o‘ziga olgani uchun tanqid qiladi. Ular sayt bu bilan ijtimoiy yordam o‘rniga daromadli biznes keltiruvchi tijoratga aylanib qolgan deb hisoblashadi.

Foto: Shutterstock

Indiegogo – bu yo‘nalishdagi ikkinchi o‘rinda turuvchi sayt. Bu platformaning ajralib turadigan xususiyati shundaki, loyiha muallifining qaysi mamlakatdan ekanligi borasidagi talab qattiq emas. Bundan tashqari, loyiha toifasi bo‘yicha cheklov yo‘q. Istagan shaxs o‘z g‘oyasini (hattoki g‘ayritabiiy yoki aqlga sig‘maydigan bo‘lsa ham) joylashtirishi va mablag‘ to‘plashi mumkin.

Yevropadagi kraudfanding maydonchalari

Shveytsariya. 2015 yil oxirida 30ta kraudfanding platformasi bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yil aprelida ularning soni 50tani tashkil etgan.

Yetti yil ichida kraudfanding orqali 193,8 mln shveysariya franki yig‘ilgan. 2016 yilda kraudfanding loyihalarini 100 mingdan ortiq kishi qo‘llab-quvvatlagan. 

Avstriya. 2015 yilda 6ta kraudfanding platformasi 8,1 mln yevro to‘plagan. 2017 yilda bu yerda 20ta platforma faoliyat ko‘rsatgan. Ayrim banklar o‘z kraudfanding platformasiga ega. 

Buyuk Britaniya. 2017 yil oxirida Buyuk Britaniyadagi platformalar soni 65tani tashkil qilgan. Maydonchalarning 60 foizi biznes-moliyalashtirish yo‘nalishida. Ikkichi o‘rinda ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan plaftormalar turadi 37 foiz.

2014 yilda turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 mlrddan 16 mlrd dollargacha mablag‘ to‘plangan.

Osiyodagi kraudfanding platformalari

Yaqin Sharqda faoliyat ko‘rsatadigan Aflamnah platformasi (BAA) asosan kino va ijodiy loyihalarga mo‘ljallangan.

Xitoydagi eng yirik DemoHour karudfanding platformasi 2011 yilda ish boshlagan.

Janubi-Sharqiy Osiyoda Singapurning ToGather.Asia platformasi 2012 yilda, Indoneziyaning KitaBisa platformasi 2013 yilda faoliyat ko‘rsatishni boshlagan.

Kraudfanding haqida qiziqarli faktlar

2001 yilda AQShda tashkil etilgan musiqa yo‘nalishidagi ArtistShare sayti dunyodagi birinchi kraudfanding platformasi hisoblanadi.

2008 yilda Barak Obama saylov kampaniyasi uchun praymeriz bosqichida ikki milliondan ortiq kishidan 272 mln dollarga yaqin pul to‘plagan.

iPhone va Android qurilmalari bilan sinxronlashuvchi Pebble qo‘l soatlarini yaratish uchun 2012 yilda 10 mln 200 ming dollardan ortiq pul yig‘ilgan.

2014 yilda Zak Braun Kickstarter platformasida kartoshka salati tayyorlash uchun 55 492 dollar yiqqan: bu kraudfanding tarixidagi eng muvaffaqiyatli hazil loyihalardan biri hisoblanadi.

Stsenariynavis Rob Tomas "Veronika Mars" teleserialini film qilib ishlab chiqarish uchun Kickstarter’da taklif bergan va buning uchun 2 mln dollar kerakligini bildirgan. Serial ishqibozlaridan jami 6 mln dollar pul tushgan va 2014 yilda film suratga olingan.

The Dash – “aqlli” simsiz quloqchinlarini ishlab chiqarish loyihasi uchun 260 ming dollar to‘planishi zarur bo‘lgan holda Kickstarter orqali qariyb 4 million dollar to‘plangan.

Monolith Board Games LLC kompaniyasi "Konan-varvar" filmi asosida kompyuter o‘yini yaratish uchun 80 ming dollar kerakligini ma'lum qilgach, bu g‘oyadan ilhomlangan odamlar loyiha uchun naqd 3,3 million dollar yig‘ib berishgan.

Mavzuga oid
Top