20:59 / 30.04.2018
17535

“O‘ztransgaz” AK raisiga deputat savoli: “Nega va yana nega tashabbus sizlarda yo‘q?” 

Bugun yurtni kim boy qiladi – tadbirkor. Bugun yurtni kim rivojlantiradi – so‘zsiz tadbirkor. Bu - yerdan chiqqan qo‘ziqorindek gap emas, bu davlat rahbari nazarga tutayotgan asl haqiqat. Ammo tadbirkorlarga eskicha yoki tushunarsiz ko‘z bilan qarayotgan ayrim davlat tashkilotlarining xatti-harakati biroz ajablanarli.

Xususan, O'zLiDeP a'zosi, Namangan viloyat Kengashi deputati Olimjon To‘xtanazarov tomonidan “O‘ztransgaz” AK raisiga yo‘llagan OChIQ XATida yuqorida tilga olingan muammolar tilga olinadi. Quyida mazkur murojaat asl holicha taqdim etilmoqda.    

“Hurmatli “O‘ztransgaz” AK raisi! 

1 may kuni Muhtaram Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrif buyurishlari nazarda tutilgan. Albatta, siz ham Namangan viloyatiga, aniqrog‘i, Pop tumaniga kelasiz. Shuni e'tiborga olib, sizga OChIQ XAT yozishga qaror qildim.

Bir necha bor qabulingizga kirmoqchi bo‘ldim. Afsus, bo‘lmadi. Sizga bir necha bor Namangan viloyati, Pop tumani, Sadoqat massividagi gaz tarmog‘idan kollektor ulanishiga ruxsat berilishiga yordam so‘rab murojaat etdim. Afsus, yordam bermadingiz yoki berishni xohlamadingiz. Sirdaryo viloyatida Prezidentimiz ishchi o‘rni yaratish uchun qanchalar jon kuydirayotganliklarining guvohi bo‘ldik. Tadbirkorlar gaz tarmog‘iga ulansalar 100 nafar ishchi o‘rni yaratiladi. Bunga faqat siz yordam bera olasiz. Yoki shunga ham Prezidentimiz sizga topshiriq berishlarini kutmoqdamisiz? O‘zingiz ham yordam bersangiz, yaxshi bo‘lardi. Prezidentimiz Namangan viloyatiga kelganlarida ushbu muammoni, albatta, aytaman.

Lekin nega va yana nega tashabbus sizlarda yo‘q? Prezidentimiz xalqqa ishchi o‘rni yarataman deganga qachon qarshilik qilganlar? Aksincha, siz yordam bersangiz, rahmat eshitasiz. GRS sizning balansingizda ekan. Bir katta tadbirkor odamga tegishli "Gurumsaroy-Metan" MChJ ekan. Axir gaz davlatniki-ku. Tadbirkorlarga yordam bering. Bu yordamingiz bilan 100 nafar ishchi o‘rni yaratilishiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lardingiz. 

Hurmat bilan, Olimjon To‘xtanazarov. Viloyat Kengashi deputati. O'zLiDeP a'zosi”.​

Top