O‘zbekiston | 19:53 / 08.08.2021
43713
3 daqiqa o‘qiladi

Kafe va restoranlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar yumshatildi

10 avgust kunidan boshlab xodimlarini to‘liq emlagan kafe va restoranlar soat 20:00dan keyin ham ishlashi mumkin bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi umumiy ovqatlanish obektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilangani haqida ma'lum qildi. 

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlarini jadallashtirish masalasi muhokama qilingan.

«Joriy yil 2 avgust kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi sharoitida aholini profilaktik emlash tartibi belgilandi.
Dunyo miqyosida ham koronavirus infeksiyasi keng tarqalishini jilovlash maqsadida xorijiy mamlakatlarda mazkur infeksiyaga qarshi emlash bo‘yicha chora-tadbirlar jadallashib bormoqda. Xususan, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston kabi davlatlarda ishchi va xodimlari to‘liq emlangan tadbirkorlik sub'yektlari karantin cheklovlari sharoitida faoliyat ko‘rsatishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiya yig‘ilishida umumiy ovqatlanish obektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasi muhokama qilindi», deyiladi SSV xabarida.

Shu munosabat bilan aholini ommaviy emlash koronavirusning yangi to‘lqinlarining oldini olishning muhim omili ekanligini hisobga olib, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarini pandemiya sharoitida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va emlash jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida maxsus komissiyasining qarori bilan:

2021 yil 10 avgustdan e'tiboran:
umumiy ovqatlanish obektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat'i nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00dan 20:00gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

Bunda umumiy ovqatlanish obektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno).

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:
tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sub'yektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat'i nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda, ularning faoliyat ko‘rsatishi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Mavzuga oid