Akmal Saidov Shavkat Mirziyoyevga: “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim deyishsa, sizni aytardim”
“Yaqindagina chop etilgan kitobingizda parlamentga oid g‘oyalarning qaymog‘ini ko‘rdim”, dedi Qonunchilik palatasining ilk yig‘ilishida nutq so‘zlagan deputat Akmal Saidov davlat rahbariga qarata.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qayta saylangan deputat Akmal Saidov palataning 18 noyabr kungi ilk majlisida so‘zga chiqib, majlisda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyevni “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori” deb atadi.
“Bugun men parlamentga oid yana bir qancha hikmatli tushunchalarni kiritganingizni eshitdim. “Yangi O‘zbekiston parlamenti”, “Parlament – xalq uyi, demokratiya maktabi” degandingiz. Bugun aytdingizki, “bugun bu – xalq xizmatchisi”. Keyin “Xalq uyidan xalqchil qonunlar chiqishi kerak”, degan yangi bir hikmatli so‘zlarni aytdingizki, shunda men o‘ylab qoldim. Kim bu Yangi O‘zbekiston parlamentining tashabbuskori, me’mori deyishsa, men sizni aytardim.
Quruq so‘z bo‘lmasligi uchun raqamlar keltirmoqchiman. Mana shu so‘nggi 8 yil ichida siz mana shu minbardan 14-marta gapirdingiz. 4 marta Senatda gapirgansiz. Undan tashqari, 4 marta parlament oldida murojaatnomalar bilan chiqqansiz”, – dedi Akmal Saidov.
“Yaqindagina chop etilgan sizning ikkinchi fundamental kitobingiz – “Hozirgi zamonav va O‘zbekiston” kitobida parlamentga oid g‘oyalarning kvintessensiyasi, yoki qaymog‘ini ko‘rdim, desam mubolag‘a bo‘lmasdi. Sizning butun faoliyatingizda parlament har doim diqqat markazida turgan. Konstitutsiyamizda prezidentga turli davlat hokimiyati organlarining muvofiqlashtirish vazifasi berilgan. Bu ham qonun chiqaruvchi hokimiyatni, ham ijro hokimiyatini, sud hokimiyati bilan siz mana shu ishni haqiqatan konstitutsiyaviy darajada bajarib [kelyapsiz]. Shuning uchun ham parlamentga juda ham ko‘p e’tibor berasiz”, – dedi deputat.
Saidovga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga kelgan barcha parlamentlararo tashkilotlarning rahbarlarini qabul qilgan, xorijga safarlari vaqtida o‘sha mamlakatlar parlamentlarining rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazgan.
“Bu bilan siz bizga o‘rnak bo‘lib kelyapsiz. Bugun yana bir marta gapingiz to‘g‘ri: “Bugungi parlament kechagi parlament emas. Bugungi deputat kechagi deputat emas. Bugungi partiya fraksiyasi kechagi partiya fraksiyasi emas”, degan qoidani judayam to‘g‘ri aytdingiz. Bu bizlarga katta o‘zgarishlarning isboti. Har bir islohotda bu parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati, nazorati, parlamentlararo aloqalari bo‘yicha fikrlaringizni aytib kelgansiz.
Bugun ham mana shu yangi parlament komissiyasini tuzish – xalq konstitutsiyamizda belgilangan yuz mingta fuqaroning qonun tashabbusi chiqishi mumkinligini ko‘rsatib berdingiz. Bu tashkiliy-huquqiy yo‘lni ko‘rsatdingiz. Bitta tashabbus chiqardingizki, so‘nggi yillarda to‘rtta kodeks qabul qildik. Mayda kodekslarning o‘rniga bir yaxlit qabul qilish kerak edi. Oxirgisi, O‘zLiDePni tashabbusi bilan Tadbirkorlik kodeksi, keyin Suv kodeksi, Shaharsozlik va Saylov kodeksi kabilar…
Har bir dunyodagi parlamentning asosiy ishi – davlat budjeti, chunki davlat budjeti asosan parlamentda taqsimlanadi. Qanday nazorat qilish kerak, ijro hokimiyati buni qilolmaydi. Hozir siz parlament kelgusi yillar uchun 8 ta ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatdingiz”, – deydi u.
Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongdan iqtibos keltirib, butun dunyoda davlat boshliqlari parlamentdan qo‘rqishi, parlamentni imkon qadar cheklashga harakat qilishini aytdi. “Lekin sizning prezidentligingiz parlamentni qo‘llab-quvvatlab, uchta tarmoq – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatni bitta olib boradi. Bu ham jahonda o‘rganiladigan ijobiy narsalardan biri, deb aytgandi”, – deydi Saidov.
66 yoshli Akmal Saidov Oliy Majlis deputatligiga 1997 yildan buyon saylanib kelmoqda. Unga qadar O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi lavozimida ishlagan. Siyosatchi 2007 va 2015 yillarda prezidentlik saylovlarida Islom Karimovga raqib bo‘lgan. U 1996 yildan buyon Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori ham hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42