23:11 / 13.08.2020
23801

Dunyodagi vaziyat: Xitoy chegaralarni ochmoqda, Yangi Zelandiyada yana virus tarqalmoqda

Virusdan butkul xalos bo‘lgani aytilgan Yangi Zelandiyada yana virus o‘chog‘i paydo bo‘ldi, Angliya o‘lim holatlarini qayta hisoblab chiqdi, Ispaniyaning Galisiyasida chekish taqiqlandi.

Foto: Getty Images

13 avgust holatiga ko‘ra, dunyoda Covid-19 qurbonlari soni 750 minglik nuqtadan o‘tdi, kasallanish holatlari soni esa 20,5 milliondan oshgan.

Yangi Zelandiyada aholi orasida virus tarqaldi
JSST tomonidan o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan va virusdan butunlay xalos bo‘lgani aytilgan Yangi Zelandiyada yangi mahalliy o‘choq paydo bo‘ldi: mamlakatning yirik shahri Oklendda bir kunda 14 nafar koronavirus tashuvchisi aniqlangan.

Ulardan biri - xorijdan kelgan va karantinga joylashtirilgan, qolgan 13 kishi avvalroq virus aniqlangan oila bilan aloqada bo‘lgan.

Yangi Zelandiyada shu vaqtgacha 102 kun davomida aholi orasida virus tarqalmayotgandi, o‘tgan oyda faqat xorijdan kelganlarda virus aniqlanayotgandi, seshanba kuni virusdan zararlanish holati tasdiqlangan 4 kishidan iborat oila esa xorijga chiqmagan va xorijliklar bilan aloqada bo‘lmagan.

Taxminlardan biriga ko‘ra, oila boshlig‘i o‘zi ishlaydigan joyda - omborga joylashtirilgan import mahsulot qadog‘idan virus yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin.

Endilikda tibbiyot xodimlari bu odamlar virusni qaysi manbadan yuqtirib olganini aniqlash ustida ish olib borishmoqda va ular aloqada bo‘lgan barchani tekshirishmoqda. Bu vaqtda Oklendda yana to‘liq lokdaun e'lon qilingan - hozircha uch kunga.

Yangi Zelandiya Covid-19’ni muvaffaqiyatli jilovlagan davlat sanalayotgandi / Reuters

Xitoy eshiklarni ochmoqda
Xitoyda 12 avgustdan Yevropadagi 36 davlatga, xususan, Britaniya, Germaniya va Fransiyadan kelishga ruxsat berildi. Yevropa mamlakatlaridan keluvchilar uchun mart oyida taqiq qo‘yilgandi, unga ko‘ra, Xitoyda ishlashga va yashashga ruxsatnomasi borlar ham kirishi to‘xtatilgandi.

Faqat alohida taklifnomalarga ega bo‘lgan saralangan xodimlar mamlakatga qaytishi mumkin bo‘lgan.

Xitoyga qaytishning o‘ziga xos murakkabliklari bor - pandemiyadan oldin berilgan vizalar va boshqa hujjatlar bekor qilingan. Ammo endilikda yevropaliklar Xitoyga viza olishga hujjat topshirish uchun maxsus taklifnomaga ega bo‘lishi talab etilmaydi.

Hamon xorijdan keluvchilar uchun 14 kunlik karantin tartibi saqlanib qolmoqda. Xitoyga chipta sotib olish ham murakkablashgan, martda ushbu mamlakatga reyslar soni keskin qisqargani tufayli, chiptalar narxi ko‘tarilib ketgan.

Xitoyda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nisbatan barqaror. Hozirda butun mamlakat bo‘ylab jami 761 bemor bor. Shu vaqtgacha 79 mingdan ortiq kishi Covid-19dan tuzalib ketgan.

Ammo chorshanba kuni hukumat koronavirusdan takroriy zararlanish holati haqida xabar berdi. Xubey provinsiyasining Tszinchjou shahrida 68 yoshli ayolda virus aniqlangan, u mart oyida ham kasallanib, kasallikdan davolanib chiqqandi.

Mahalliy rasmiylarning bayonotiga ko‘ra, takroriy kasallanganda virusni boshqaga yuqtirish holati hozircha tasdiqlanmagan.

Xitoyliklar ham virus qadoqlar orqali yuqishi bo‘yicha shubha bildirishgan. Yantay shahri rasmiylari, muzlatilgan taom qadog‘ida koronavirus aniqlangani haqida xabar berishgan, bu mahsulot port shaharga shimoldagi Dalyan portidan keltirilgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, koronavirus plastikda 72 soat davomida saqlanib qolishi mumkin, ammo taom qadog‘i orqali virusdan zararlanish holati rasman tasdiqlanmagan.

5 mingdan ortiq qurbon ro‘yxatdan chiqarildi
Angliya hisoblash metodikasidagi kamchilik tufayli Covid-19 qurbonlari soni 12 foizga oshirib ko‘rsatilganini ma'lum qildi.

Gap shundaki, Angliyada Birlashgan Qirollikning boshqa qismlari - Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyadan farqli ravishda - Covid-19 uchun testi musbat natija berganlarning barchasi - testdan o‘limgacha qancha vaqt o‘tgani va aslida nimadan o‘lganidan qat'i nazar - umumiy ro‘yxatga kiritilayotgandi.

Endi Angliya 28 kunlik muddat belgiladi va yangi hisoblash uslubiga ko‘ra, 5377 kishi pandemiya qurbonlari ro‘yxatidan chiqarildi.

Natijada Britaniyada koronavirus qurbonlari soni 46 ming 706dan 41 ming 329 nafargacha kamaydi.

Hindiston Britaniyadan o‘zib ketdi
Bu vaqtda Hindiston koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha Britaniyani ortda qoldirdi: payshanba kuni ushbu mamlakatda jami o‘lim holatlari soni 47 mingdan oshdi.

Shu kuni Hindistonda 67 mingta yangi kasallanish holati va qariyb mingta o‘lim holati qayd etilgan. Ming o‘lim - dunyoda bir kunda Covid-19 tufayli ro‘y bergan jami o‘lim holatlarining beshdan biridir.

Shu bilan birgalikda, Hindistonda har million kishiga 33ta o‘lim to‘g‘ri kelmoqda va bu Yevropa va Janubiy Amerikaning ko‘plab davlatlaridagi ko‘rsatkichdan kamroqdir.

Shifokorlar gap Hindiston aholisining asosiy qismi yoshlar ekanidaligini aytishmoqda, yoshlar esa kasallikni yengil o‘tkazishadi. Boshqa tomondan, Hindiston hukumati barcha kasallanish holatlari va o‘lim holatlarini hisoblab ulgurmayotgan bo‘lishi mumkin.

Koronavirus chekishni kamaytirmoqda
Ispaniya shimoli-g‘arbidagi Galisiya viloyatida jamoat joylarida chekish taqiqlandi, bu taqiq ham koronavirus bilan bog‘liq.

Gap shundaki, Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi ekspertlarining aytishicha, chekish virus tarqalishini osonlashtiradi, chunki chekuvchilar chekish vaqtida niqoblarini yechishadi va havoga tutun chiqarishadi yoki tupurishadi.

Bundan tashqari, vazirlik buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan tadqiqot hisobotida chekuvchilar sigareta filtrini barmoqda tutib og‘izga solish, niqobni shu barmoq bilan yechish va taqish orqali osongina kasallanishi aytilgan. Qolaversa, chekish organizmni zaiflashtiradi va kasallik qarshisida kuchsiz qilib qo‘yadi.

Shu tufayli Galisiya hukumati xavfsiz masofa saqlash imkonsiz bo‘lgan hamma joyda chekishni taqiqlashga qaror qilgan. Mamlakatning boshqa hududlarida hozircha bu chora ko‘rib chiqilmoqda.

Ispaniyada so‘nggi haftada yangi holatlar soni keskin o‘sdi: iyul oyida kunlik holatlar soni 150ta atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda kuniga o‘rtacha 1500tadan yangi holat qayd etilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top