12:17 / 14.01.2019
20627

Bosh prokuratura tadbirkorlarni davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini e'lon qildi

Foto: 123RF

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi «Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat tomonidan nazorat qilish faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, Qonunning amal qilishi quyidagi tekshirishlarga tatbiq etilmaydi:

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni doirasida;

kommunal xizmatlar yetkazib berilishi, iste'moli va ular uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini hisobga olishning to‘liq va haqqoniyligi bo‘yicha;

davlat muassasalari faoliyatini tekshirish;

nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tekshirish (ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan holatlar bundan mustasno);

O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining doimiy muassasalari va vakolatxonalari faoliyatini tekshirish;

tadbirkorlik sub'yektlari va/yoki ularning muassislari tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar.

Davlat korxonalari faoliyatini tekshirish budjet tashkilotlari uchun o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Davlat nazoratini amalga oshirishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;

tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy faoliyatiga aralashmaslik;

tadbirkorlik sub'yekti huquqining ustuvorligi va unga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va uning davlat tomonidan nazorat qilinishi bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar va hal qilib bo‘lmaydigan ziddiyatlar tadbirkorlik sub'yekti foydasiga talqin etiladi;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning barvaqt oldini olish va profilaktikasi samaradorligini oshirish.

Nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida quyidagilarga yo‘naltirilgan profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshiradi:

huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish;

ularning faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash;

huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablarni aniqlash, o‘rganish va ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish;

huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rish;

tadbirkorlik sub'yektlarini javobgarlikka tortish xavfini kamaytirish.

Profilaktik chora-tadbirlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘zlari tasdiqlaydigan choraklik manzilli dasturlar asosida huquqiy tashviqotlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazish davomida huquqbuzarliklar sodir etilishi holatlari aniqlangan taqdirda nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari huquqbuzarlik sodir etilishi sabablarini va ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni o‘rganib chiqishi shart.

Profilaktik chora-tadbirlar yakunlariga ko‘ra nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik yoki ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan takliflar beriladi.

Profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash va har qanday ko‘rinishdagi huquqiy ta'sir choralar qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

6-modda - «Xavfni tahlil qilish» tizimi. «Xavfni tahlil qilish» tizimi tadbirkorlik sub'yektlari o‘z faoliyatida qonunchilikni buzishi xavfi darajasini davlat nazoratining tegishli sohasidagi aniq mezonlar asosida aniqlash mexanizmini nazarda tutadi.

«Xavfni tahlil qilish» tizimi, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tegishli nazorat organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish hollarini istisno qilganda, ular bilan aloqaga kirishmasdan qo‘llaniladi.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga «xavfni tahlil qilish» tizimini joriy etish mezonlari va tartibi nazorat qiluvchi organlar tomonidan vakolatli organ va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda, o‘zlari amalga oshiradigan nazorat xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Quyidagilar tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati ustidan tekshirish o‘tkazish haqida qaror qabul qilish uchun asos bo‘la oladi:

qonunchilikni buzish holatlari to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida «xavfni tahlil qilish» tizimi natijalari.

Quyidagilar tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan tekshirish o‘tkazish haqida qaror qabul qilish uchun asos bo‘la oladi:

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha soliq va bojxona qonun hujjatlarini muntazam ravishda (moliya yili davrida ikki va undan ortiq marta) buzish;

eng kam ish haqining yuz baravaridan ortiq miqdorda soliq qonunchiligini buzish holatlari aniqlanganda;

ustav jamg‘armasida ellik foizdan ortiq davlatning ulushi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq va bojxona qonunchiligini buzish holatlari aniqlanganda.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish:

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ (keyingi o‘rinlarda – vakolatli organ) bilan kelishilgan holda;

vakolatli organni xabardor qilib qo‘yish tartibida.

Vakolatli organni xabardor qilib qo‘yish tartibida o‘tkaziladigan tekshirishlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlarning qonunda belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan va tekshirish o‘tkazishga ruxsat beruvchi maxsus guvohnoma olgan mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.

Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xizmat guvohnomasi, tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat beruvchi maxsus guvohnoma hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgandagina tekshirishlarga qo‘yiladi.

Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslariga tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Vakolatli organ o‘z vakolatlari doirasida:

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish haqidagi talabnomalarining asoslantirilganligini ko‘rib chiqadi va o‘rganadi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazishga ruxsat berish yoki uni rad etish, shuningdek, ularning muddatini uzaytirish yoki ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;

nazorat qiluv qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘radi;

davlat nazoratini olib borish sohasida yagona hisob va hisobotlar olib borilishini ta'minlaydi;

nazorat qiluvchi organlarning davlat nazorati va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish borasidagi faoliyatini baholaydi va uning monitoringini olib boradi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo‘llash amaliyoti olib borilishini ta'minlaydi.

Vakolatli organning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha qarorlari nazorat qiluvchi organlar uchun bajarilishi majburiydir.

Quyidagilar vakolatli organ bilan kelishilgan holda tekshirishlar o‘tkazish uchun asos bo‘la oladi:

vakolatli organ yoki uning hududiy bo‘linmasi tomonidan berilgan ruxsatnoma;

vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy bo‘linmasi bilan kelishilgan holda nazorat qiluvchi organ tomonidan qabul qilingan hamda tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yektining nomi va pochta manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, nazorat qiluvchi organning tekshirish olib boruvchi mansabdor shaxslari ro‘yxati, tekshirish o‘tkazishdan maqsad va uning vaqti, shuningdek, tekshirish muddati ko‘rsatilgan qaror;

nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish dasturi.

Xabar berish tartibida amalga oshiriladigan tekshirishlar o‘tkazish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan qabul qilinadigan hamda ushbu modda birinchi qismi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan ma'lumotlar ko‘rsatilgan qaror va nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish dasturi asos bo‘la oladi.

Qonunchilikni buzish holatlari to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida o‘tkaziladigan yoki tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida «xavfni tahlil qilish» tizimi natijalariga ko‘ra boshlangan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati ustidan tekshirishlarning muddati o‘n kalendar kunidan oshmasligi lozim.

Tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan o‘tkaziladigan tekshirishlar muddati o‘ttiz kalendar kunidan oshmasligi lozim.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati ustidan tekshirishlarning ushbu Qonun bilan belgilangan eng uzoq muddati nazorat qiluvchi organlarning asoslantirilgan talabnomasi bo‘yicha vakolatli organning ruxsati bilan faqat bir marta uzaytirilishi mumkin. Bunda tekshirish o‘tkazishning o‘zgartirilayotgan muddati uning asosiy muddatidan oshmasligi shart.

Tekshirish o‘tkazish muddati yoki uning bir qismi tekshirish o‘tkazishga imkon bo‘lmagan hollarda nazorat qiluvchi organlarning asoslantirilgan talabnomalari bo‘yicha faqat vakolatli organning ruxsati bilan to‘xtatib turilishi va (yoki) ko‘chirilishi mumkin. Bunda ko‘chirilgan muddatdagi tekshirish vakolatli organdan ko‘chirish to‘g‘risida ruxsatnoma olingan paytdan boshlab o‘ttiz kalendar kuni ichida yakunlanishi lozim.

Vakolatli organni xabardor qilish tartibida o‘tkaziladigan tekshirishlarning muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi. Bunday tekshirishlarning muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish va ko‘chirish ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda vakolatli organni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.

Hujjatning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.

Top