21:32 / 04.07.2020
9253

Turkiya Liviyadagi nizoni bartaraf etishda qatnashadi

Turkiya Liviya hududida o‘z harbiy bazasini joylashtirish huquqiga ega bo‘ldi, uning barcha harbiy xizmatchilariga esa diplomatik maqom beriladi.

Fayz Sarroj boshchiligidagi milliy kelishuv hukumati Anqara bilan mudofaa kelishuvini imzolaganidan so‘ng Turkiya Liviyadagi nizoni bartaraf etishda ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu haqda «Al-Xadas» telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, kelishuv Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar va qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Yashar Gulerning Tripoliga tashrifi vaqtida imzolangan. Hujjatga ko‘ra, Turkiya Liviya hududida o‘z harbiy bazasini joylashtirish huquqiga ega bo‘ldi, uning barcha harbiy xizmatchilariga esa diplomatik maqom beriladi.

Bundan tashqari, turk maslahatchilari va harbiylari sud ta'qibidan immunitetga ega bo‘ladi, Anqara esa milliy kelishuv hukumatini himoya qilish uchun qonuniy vakolatlar oladi. 

Kelishuvga muvofiq, Turkiyaga yangi harbiy-razvedka agentligini tashkil etishda qatnashish huquqi berildi.

Turkiya yaqin vaqt ichida Liviyadagi jangovar imkoniyatlarini sezilarli tarzda kengaytiradi, deya qayd etadi nashr.

Liviyada 2011 yilda fuqarolar urushi yuz berishi natijasida mamlakatni 1969 yildan buyon boshqarib kelgan Muammor Qazzofiy o‘ldirildi. Hozirda mamlakatda qo‘shhokimiyat vujudga kelgan: sharqda feldmarshal Xalifa Haftar boshchiligidagi parlament, g‘arbda esa milliy kelishuv hukumati hokimiyat tepasida turibdi.

Mavzuga oid
Top