20:10 / 02.07.2019
4907

«Hududiy elektr tarmoqlari»: Mo‘ynoqda zamonaviy elektr ta'minoti korxonasi foydalanishga topshiriladi

Bugungi kunda mamlakatimizning eng chekka hududlariga yo‘lingiz tushgan bo‘lsa, ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishingiz aniq. Chunki so‘nggi yillarda odamlarni qiynayotgan muammolar sekin-asta yechimini topib, yurtimizning uzoq manzillarida ham hayot jonlana boshladi.

Buni birgina Mo‘ynoq tumani misolida ham ko‘rib turibmiz. Tumanda ayni kunlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tez orada «Mo‘ynoq city» qurilishi ham nihoyasiga yetib, tuman yangi turistik hududga aylanish arafasida.

Kuni kecha hududdagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev ushbu tumanda bo‘ldi.

– Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Mo‘ynoqda ham elektr energetikasi sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – Xususan, bu yerda yaqin ikki oy ichida innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan, uzluksiz xizmat ko‘rsatuvchi uch qavatli, zamonaviy elektr ta'minoti korxonasi foydalanishga topshiriladi. Kutish uchun mo‘ljallangan, barcha qulaylikka ega bo‘lgan 120 o‘rinli  xoll va zallar ham iste'molchilar uchun xizmat qiladi. Qolaversa, ro‘yxatga olish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy talablarga to‘la javob beruvchi 6 ta monitor hamda bepul Wi-Fi tarmog‘i ham joriy qilinadi. Bundan tashqari, mijozlar uchun qoraqalpoq, o‘zbek va rus tillarida ma'lumotlar elektron tablolarda aks etib turadi.

Ayni paytda Mo‘ynoq tumanidagi yangi shaharcha hududida aholi va ishlab chiqaruvchi korxona hamda tashkilotlar uchun  alohida ikkita elektr uzatish tarmoqlari va 10 ta transformator punktlarini rekonstruksiya qilish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Shuningdek, joriy yilning avgust oyida yana bir yirik loyiha – Mo‘ynoqdagi 5190 ta iste'molchilarning barchasiga Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga mos zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari ham boshlanadi.

Tabiiyki, ushbu sa'y-harakatlar mo‘ynoqliklarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Top