18:17 / 10.12.2020
31025

“Naslli qoramollarim somon chaynayapti”. Pop tuman hokimligi chorvador dardini eshitadimi?

Ma'lumki, go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash qishloq xo‘jaligining alohida sohasi gardanida. To‘g‘risi, chorvachilik deya atalmish sohani uzoq yillar davomida e'tiborsiz qoldirdik, hisob. Shuning uchun go‘sht mahsulotlari narxi yil sayin qimmatlashib bormoqda.

Chorvachilikning barqaror rivojlanishi qator omillarga bog‘liq. Birinchi navbatda sohaga e'tibor zarur. Yem-ozuqa bazasi, naslchilik, kadrlar yetishtirish masalalari, bularning har biri muhim.

Namangan viloyati Pop tumanida faoliyat olib borayotgan “Pop chorva” fermer xo‘jaligi rahbari Zayliddin Qo‘shalovning Avstriya davlatidan olib kelgan “Simmental” zotli qoramollari ayni dam og‘ir ahvolda qolgan. Tuman hokimligi bir yildan beri ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratib bermayotgani oqibatida qoramollar quruq somon bilan oziqlanyapti.

Chorvadorning 2019 yili Yevropa davlatidan olib kelgan 16 bosh naslli qoramollari bir yil ichida 32 boshga yetgan. Bundan tashqari fermer xo‘jaligida 700 bosh qo‘y va echki boqilmoqda. Biroq, xo‘jalikning ozuqa yetishtirish uchun umuman yer maydoni yo‘q.

“2019 yili tumanimiz hokimi bilan maslahatlashib Avstriya davlatidan shartnoma asosida 16 bosh naslli qoramol olib keldik. Hozirgi kunda qoramollarim soni 32 boshga  yetdi. Lekin ozuqa bazasini boyitish maqsadida tuman hokimi oldiga bir necha marta murojaat bilan kirib, ijobiy javob ololmayapman. Ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratilmayapti.

Hokim, “Yer ajratib beramiz”, deydi natijadan esa darak yo‘q. Bir yildan buyon aldanib yuribmiz. Qoramollarning ratsion bo‘yicha ozuqasi yo‘q. Yetarli yemish bo‘lmasa, naslchilikni ham yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Hozirgidek somonni yeyaversa, tuyoqlarimiz nobud bo‘ladi. Ayni paytda o‘zimning zaxiram bilan boqib turibman”, deydi chorvador.

Zayliddinning chet eldan olib kelingan qoramollari bir yil ichida bittadan buzoq beribdi. Bu esa tumanda naslli qoramollar soni 16 boshga ko‘paydi deganidir.

Pop tumani veterinariya bo‘limi xo‘jalikka kelib, xo‘jalikdagi chorva mollari, qo‘y va echkilarni ko‘rikdan o‘tkazib, chorvadorga 42,5 gektar yer maydoni ajratib berilishi kerakligi bo‘yicha ma'lumotnoma yozib bergan.

Eng achinarlisi, naslli mollarga ratsiondagi ozuqa berilmasa sigirlar “qochirish” uchun tayyor bo‘lmas ekan. Bu esa sun'iy urug‘lantirishda ham muammo bo‘ladi degani. Shunday qilib, chorvador bir yillik nasl olishdan ham qoldi. Xo‘jalikda 10 nafar qishloq odamlari ish bilan ta'minlangan. Oylik maoshlarini vaqtida olishmoqdi. Ishchilar mahallalarni aylanib yem-xashak izlab topishmoqda.

 “Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari A.Qo‘chqorov meni chorvachiligimga kelib, akamdan aldov yo‘li bilan yer ajratib berildi, deb ma'lumotnoma yozdirib ketibdi. Shunaqa ham bo‘ladimi? Lekin haligacha yer berilgani yo‘q.  Yer ajratib berilsa, silos uchun makkajo‘xori, beda, qo‘y va echkilar uchun arpa ekardik. Naslli qoramollarni ko‘payishini o‘ylab, yaxshi niyat bilan alohida qishki bino, yangi “naves” qurdim. 600 million so‘m pulim ketdi. Mollarni olib kelib, men faqat zarar ko‘ryapman. 5 yildan beri chorvachilik bilan shug‘ullanaman. 32 bosh naslli qoramolimdan tashqari 350 bosh qo‘yim, 350 bosh echkim bor. Ana shu echki va qo‘ylarimga ham ozuqa maydoni yo‘q. Ozuqa yo‘qligidan ularni dashtlarda, adirlarda aylantirib yuribman. 

Tuman hokimi men bilan bir vaqtda naslli mol olib kelganlarga yuz foiz hosildor joydan, paxtachilik-g‘allachilik joydan yer ajratib berdi. Menga kelganda qir-adirdan suv chiqarib olasan, ozuqa qilasan deb qir-adirlikni ko‘rsatib ketdi. U yerda suv yo‘q, ozuqa umuman bo‘lmaydi. Kundan-kunga go‘sht qimmatlashib boryapti. Yer so‘ragan chorvadorlarga dasht joylardan, suv yo‘q joylardan tavsiya qilinyapti. Ozuqa bo‘lmasa, chorvachilikni qanday yo‘l bilan rivojlantirish mumkin?”, deya hasratini to‘kadi Zayliddin Qo‘shalov. 

Tuman hokimligining “Pop chorva” xo‘jaligidagi mavjud chorva mollariga “Husanboy 219” fermer xo‘jaligidan ozuqa uchun yer maydoni ajratib berilganligi haqidagi ma'lumotiga fermer Husanboy Qo‘shalovdan izoh so‘radik. 

“Men  20 yillik fermerman. O‘g‘lim chorvachilikka qiziqqani uchun naslli qoramol olib kelgan. Ozuqa  ekin ekish uchun yer ajratdik deb menga xat ko‘tarib kelishdi. Xatda na qaror bor, na bir xuquqiy asos. Men yerimni paxta-g‘allaga haydov qilib tayyorlab qo‘yganman. Bu ma'lumotnoma hech nimani anglatmaydi axir. O‘g‘lim “arpa, beda ekaman”, deyapti. Lekin, qaror bo‘lmasa, mendagi ekin maydonida paxta va g‘alla ko‘rsatilgan bo‘lsa “ek” deya olmayman-da”, deydi “Husanboy 219” fermer xo‘jaligi rahbari Husanboy Qo‘shalov.

Tuman hokimligidan olingan g‘aliz izoh...

Pop tuman hokimligida bo‘lib, mutasaddilardan muammoli vaziyatga izoh berishlarini so‘radik.

 “Haqiqatda ham Zayliddin Qo‘shalov ozuqa uchun yer maydoni so‘rab murojaat qilgan. Mutasaddi idoralar vakillari masalani joyiga borib o‘rganganida, mol-chorva yerida 15 bosh naslli qoramol borligi aniqlandi. Chorvador so‘rayotgan yer maydoni “Art soft tex” klasterga tegishli yer ekanligi, unga ushbu yer maydonidan chorvachilik ozuqalarini ekish uchun ajratib bo‘lmasligi tushuntirilgan.

 Tuman “Pop tongi” gazetasida chorvachilik qilish uchun 47 ta loyihaga 10 ming gektar yer ajratib qo‘yilgani haqida ma'lumot berilgan. Zayliddin Qo‘shalovga mana shu maydonlarga egalik qilish uchun bizga hujjatlaringizni topshiring, deb tushuntirganmiz. Hukumat qarorlarida ham chorva ozuqa yerlari o‘zlashtirilgan yerlar tarkibidan berilishi nazarda tutilgan. Bu yerlarni o‘zlari suvli maydon qilib, artizan quduqlari qilib ishlatsa bo‘ladi. Tegishli qarorlarga asosan o‘sha joylarni o‘zlashtirilishi bo‘yicha subsidiyalar ajratilmoqda. Xuddi mana shu subsidiyalardan foydalanib, o‘sha maydonlarni suv chiqarib, ishlatsa bo‘ladi”, -deydi Pop tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akramjon Qo‘chqarov.

Xulosa o‘rnida...

Pop tuman hokimi o‘rinbosarining izohidan shuni angladikki, hokimlik “Pop chorva” xo‘jaligidagi holatni jiddiy o‘rganmagan. Chorvadorning qo‘lida tuman hokimi A. Sultonov imzosi bilan xo‘jalikka “Husanboy 219” fermer xo‘jaligi yeridan 2021 yil ozuqasi uchun yer maydoni ajratilishi haqidagi hujjat bor. Hokim o‘rinbosari esa klaster yerlarini berishni ilojisi yo‘qligi haqida gapirmoqda. O‘rganish davomida Pop tuman hokimligi “kattakon”larining imzoli hujjatiga ham, so‘zlariga ham ishonish yoki ishonmaslikni bilmay qoldik.

Agar rahbarlar chorvachilikka ayri ko‘z bilan qarayversa, sharoit yaratib bermasa go‘sht hali-beri arzon bo‘lishi qiyin.

Umid qilamizki, adirliklar ichida naslli qoramol, echkichilik va qo‘ychilik bilan shug‘ullanayotgan, ayni paytda ko‘makka muhtoj chorvador muammolarini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va viloyat rahbarlari e'tiborsiz qoldirmaydi.

Elmurod Ermatov, Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top