14:05 / 30.04.2018
33532

Ehtiyot bo‘ling, Enrike qaytmoqda!

Foto: Getty Images

Yevropadagi navbatdagi mavsum ham yaqinda tugaydi. Emeri «PSJ» bilan, Venger esa, «Arsenal» bilan xayrlashmoqda. Konte ham katta ehtimol bilan «Chelsi»ni tark etadi. Go‘yoki, juda ko‘p bo‘sh top murabbiylar mavjud bo‘lsa-da, bu klublarning direktorlari asosan bir nomzod ustida ko‘proq to‘xtalishmoqda – Luis Enrike.

Har hafta turli saytlar ispaniyalik murabbiyning yo u yoki bu top-klub bilan bog‘lab xabarlar chop etmoqda. Luchoning o‘zi esa, hozircha faqat «Arsenal» bilan jidddiy muloqotga kirishgan. U yerda faqat katta maosh evaziga ishlash mumkinligini his qilgan Enrike avvaliga xudi Venger kabi, yiliga 9 million yevro talab qildi, keyin esa, yozgi transferlar uchun 260 million ajratishlarini so‘radi. Enrikeni tushunsa bo‘ladi, u qaysidir ma'noda tender o‘tkazmoqda va o‘ziga yoqqan va qiziqarli tuyulgan loyihaga rozilik bildiradi.

Eng qizig‘i, haligacha hech kim Enrikening aynan qanday murabbiy ekanini aniq aytib berolmaydigandek tuyuladi. Qisqa muddatda yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutgan Luis Enrike taktik-novatormi, top motivatormi yoki ajoyib seleksionermi, baholash qiyindek. Hatto «PSJ» bilan o‘yindagi ajoyib kambek ham uning qopiga tushmadi, hammasini Messi va Neymar birgalikda hal qilishdi, deydiganlar ko‘p. FIFA tomonidan 2015 yilda taqdim etilgan «Eng yaxshi murabbiy» sovrini ham ko‘proq «Barselona» bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlarga bog‘lanadi, qandaydir taktik yangiliklar yoki uslubga emas.

Nazariy tomondan, Luis xuddi Yurgen Klopp kabi rok-qahramon ham bo‘lishi mumkin edi – u ham ko‘p kuladi, qorni yo‘q, «modniy» kiyinadi va chiroyli qarimoqda. Faqat o‘ziga xos matbuot anjumanlari kamlik qiladi, aynan Yurgenni zo‘r odamga aylantirgan yana bir jihat yetishmaydi. Lekin Enrike ataylab o‘zini jiddiy tutishga harakat qiladi, uning ustunligi boshqa tomonda ekanini biladi.

Lucho – futbolni juda yaxshi tushunadigan, klub va futbolchlilar bilan qanday munosabat o‘rnatish lozimligini his qila oladigan oddiy yigit. Mohiyatan, Zidanga qiyoslash mumkin, faqat futbolchilik davridagi farq tufayli, Zidan biroz kattaroq shaxs ko‘rinadi. Boshqa tomondan juda yaqin. Shu jihatdan rahbariyat uchun Enrike qulay – Blan kabi yuvosh ham emas, Belsa kabi tentaklikdan ham uzoq. Zaxiradagilar to‘polon qilishmaydi, yetakchilar nolishmaydi, qolganlar jimgina ergashishadi.

«Hech kim hech kimga halaqit bermasin, hamma o‘z ishini qilsin» tamoyili 2015 yilda «Barselona»ni treblga olib kelgan, keyin esa, hammasi buzilib ketdi. 2016/17 mavsum shuni ko‘rsatdiki, har qanday g‘oya vaqti vaqti bilan yangilanib turishi, futbolchilarga yangiliklar bilan motivatsiya berib turish kerak ekan. Luis Enrike bu tomondan u qadar kuchli emas, u ko‘proq birinchi mavsumda, hamma o‘ziga yarasha ko‘tarinki ruhda bo‘ladi, alohida impuls shart emas, yangilanishning o‘zi futbolchilarni g‘alabalarga yetaklay oladi. 

Mana shu tarafdan, yuqorida tilga olingan uchala klub ham o‘xshash – e'tibor bersangiz, hech biri Enrikening uzoq muddatli loyiha sifatida ko‘rmayapti. Enrike boshqa vazifa uchun kerak: charchab qolgan tarkibni tetiklashtirish va qaysidir eski do‘stlardan birini olib kelish.

Misol uchun «Arsenal»dagilar Enrikening «Roma»dagi Nainggolanni olib kelishga ko‘ndira olishiga ishonishyapti. Roman Abramovichni ham ko‘proq Enrikening tanishlari qiziqtiradi, Lucho hatto Liga Yevropadagi «Chelsi»ga ham yulduzlarni olib kelishi mumkin.

«PSJ» uchun Luis eng muhimi, Neymarni olib qolish uchun lozim. Braziliyalik yulduz Tuxelga keskin qarshilik bildirdi, Venger haqida hali fikr bildirmadi, lekin Enrike variantini qo‘llab quvvatladi. Demak, Enrikeni olib kelish Parij klubi shayxlari har qanday harajatga tayyor turishlari tabiiy.

Lucho – personalni boshqarishni biladigan ajoyib murabbiy va uning qaytishi 2018 yil uchun katta voqealardan biri bo‘lsa-da, hali ko‘pchilik buni his qilmayapti. Hozircha biroz soyada turgan Luis Enrikening yangi klubi tranfer bozorida eng faol bo‘lishi shubhasiz. 

Eurosport materiali asosida Qahramon Aslanov tayyorladi

Top